Ro‘hobod. Samarqandga tashrif buyurgan sayyoxlar Go‘ri Amir maqbarasini ziyorat qilgach, shimol tomon yursalar zamonaviy "Afrosiyob" mehmonxonasining qarama-qarshisida bir necha asrlardan buyon qad rostlab turgan Ruhobod yodgorligiga duch keladilar. Ko‘rinishidan sodda va oddiy, ammo ulug‘vor bu obidani Amir Temur XIV asrning 80-yillarida bunyod qildirgan. Ushbu maqbara to‘rtburchak asosiga ega bo‘lib uning ustiga sakkiz qirrali yana bir qavat bino qilingan, uning ustida esa gumbaz barpo qilingandir. Ruhobod maqbarasi o‘z shakli va qurilish usullari bilan O‘rta Osiyoda XI-XII asrlarda bunyod qilingan inshootlarga o‘xshab ketsa-da, Amir Temur hukmdorligining dastlabki yillarida qurilganligi ma’lumdir.
Ushbu yodgorlikning Ruhobod deb nomlanishini sababi, rivoyat qilishlaricha quyidagichadir. Maqbaraning gumbazi qurilayotgan paytda unga payg‘ambarimiz Muhammad alayhi vassalomning muborak sochlaridan bir necha tolasi mis idishga solinib qo‘yilgan. SHu sababli ushbu obida "Ruhobod", "Ruhullo" deb atala boshlangan. Tarixchilarning aniqlashlaricha, ushbu maqbaraning yonidagi masjid qadimda xalq o‘rtasida "Mo‘yi muborak" deb nomlangandir. SHuningdek, maqbara yaqinida limmo-lim suvga to‘la hovuz va bu erdan Go‘ri Amir maqbarasi tomon eltuvchi g‘isht tushalgan yo‘lak ham bo‘lgan.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, Ruhobod maqbarasiga Samarqand viloyatida yashagan ulug‘ zotlardan biri, tasavvufning ko‘zga ko‘ringan namoyondasi shayx Burhoniddin Sog‘arjiy, ul zotning o‘g‘illari va avlodlari, dafn etilganlar. Tarixiy qo‘lyozmalarning guvohlik berishicha shayx Burhoniddin Sog‘arjiy, chorirlardan ikkinchisi, xalifa Umarning avlodlaridan bo‘lib, Samarqandning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Sog‘arj shahrida tavallud topganlar.
Sog‘arj shahri So‘g‘diyonaning Kesh, Naxshab va Ishtixon shaharlari kabi qadimiy shaharlardan biri bo‘lib, u XVIII asrlarcha gullab yashnagan. Arab tarixchisi YOqut Hamaviyning yozishicha, Sog‘arj bir vaqtlar Ishtixon viloyati tarkibiga kirgan. Bu shaharning xarobalari hozirda Samarqand viloyatining CHelak tumani hududida saqlanib qolgan.
Tarixchi Abul Hakimi Samarqandiy o‘zining "Qandiya" nomli tarixiy asarida yozishicha, VIII asrda arab lashkarlari Movarounnahrga kelganlarida Sog‘arj qal’asi Samarqand va Buxorodan keyingi eng katta qa’la bo‘lgan. Arablar bu qal’ani istilo qilgach, uni Burhoniddin Sog‘arjiyning ajdodlari ixtiyoriga berganlar.
Ayrim tarixchilar, Burhoniddin Sog‘arjiyning yashagan davrini XII asr deb belgilaydilar. Agarda ul ulug‘ zotning bosh o‘g‘li shayxzoda Abu Saidni Amir Temur davrida yashaganligini va yuksak mavqeyga ega bo‘lganligini hisobga oladigan bo‘lsak yuqorida tilga olingan sanani noto‘g‘riligi ayon bo‘ladi. Bizning fikrimizcha, Burhoniddin Sog‘arjiy XIV asrda yashab o‘tgan bo‘lishi kerak. Tarixchi Abul Hakim Samarqandiy Burhoniddin Sog‘arjiyning hayoti to‘g‘risida ko‘pgina dalil va rivoyatlarni keltirgandir. Biz quyida mazkur tarixchining "Kandiya" kitobidan ayrim ma’lumotlarni keltirmoqchimiz.
Abul Hakim Samarqandiyning yozishicha SHayx Burhoniddin balog‘atga etishgach, otasining ijozati bilan Makkai mukarramaga haj safariga jo‘naydi. Ul zot haj safaridan qaytganida ota-onasi dorulbaqoga safar qilgan ekanlar. SHayx Burhoniddin ota-onasining marosimlarini o‘tkazgach, yana safarga otlanadi va Bag‘dodga keladi. Bu shaharga etib kelgan shayx, Nuriddin Basir bilan uchrashishga va uning iltifotiga sazovor bo‘lishga erishadi. Burhoniddin Nuriddin Basirning eng yaqin shogirdiga aylanadi va undan tasavvufning siru-asrorlarini o‘rganadi. Tez orada Makkada va Bog‘dodda shayxning obru e’tibori ortib boradi, piri Nuriddin Basir unga xirqa va oltin tojni hadya etadi. SHayx Burhoniddin o‘z e’tiqodi va bilimi tufayli qutublik darajasiga etishadi va Xitoy mamlakatiga safarga jo‘naydi. SHayx bu erda uzoq vaqt yashaydi va o‘z e’tiqodi tufayli Xitoy podsholarining hurmatiga sazovor bo‘ladi. Ammo, shunga qaramay shayx hamisha kamtarona yashagan, va hamisha toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lgan. Rivoyat qilishlaricha, shayx Burhoniddin Samarqandda Nuriddin Basir mozorini ziyorat qilib qaytayotib hozirgi Ruhobod maqbarasi o‘rniga etganida: "Ushbu tuproqdan tanishlik isi keladi" - degan emish. SHu tufayli shayx Burhoniddin vafot etganidan so‘ng ul zotni ushbu erga dafn etganlar. SHayx Burhoniddin Sog‘arjiy maqbarasi Amir Temurning hukmdorlik faoliyatining dastlabki yillarida bo‘nyod qilingan bo‘lib hali bu davrda maqbaralarni moviy koshinlar va bezaklar bilan qoplash unchalik urf bo‘lmagan edi. Lekin, shunga qaramay, Ruhobod maqbarasi o‘zining o‘ta oddiyligi, ammo bag‘oyat ulug‘vorligi bilan temuriylar davri me’morchiligida munosib o‘rin tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |