4. Xalqaro Moliya Korporasiyasi (XMK) 1956-yilda tashkil etilgan boʻlib, asosiy maqsadi rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotida xususiy sektor faoliyatini rag’batlantirishdir. XMK kapitali unga a’zo boʻlgan 170 dan ortiq davlatlarning badallaridan tashkil etilgan boʻlib, shtab-kvartirasi Vashingtonda joylashgan. XMK oʻz faoliyati davomida 100 dan koʻp rivojlanayotgan mamlakatlarga 1000 dan ziyod investisiya loyihalari boʻyicha 11 mlrd. AQSh dollari miqdorida kredit berdi.
Oʻzbekiston XMKga 1992-yilda a’zo boʻlgan. 1995 yildan e’tiboran mamlakatimizda XMK tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar amalga oshirilmoqda. XMK umumiy miqdori 7,2 mln. AQSh dollarini tashkil etadigan 3 ta loyihada – «Fayz» OAJ, «Oʻzkorfarmsanoat» QK, ABN- AMRO banklarni tashkil etishda ishtirok etgan.
2001-yildan boshlab XMK umumiy miqdori 79 mln. AQSh dollarini tashkil etadigan 14 ta loyihada ishtirok etmoqda. Bugungi kunda XMK tomonidan umumiy hissasi 37,5 mln. AQSh dollarini tashkil etadigan 5ta loyiha boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda. XMK Oʻzbekistonda kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida «Hamkorbank» orqali oʻz kredit liniyalarini ochgan.
5. Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YeTTB) 1991-yilda tashkil etilgan boʻlib, asosiy maqsadi Markaziy va Sharqiy Yevropa, shu jumladan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlarida ochiq bozor iqtisodiyoti munosabatlariga oʻtish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarni moliyalashtirishda koʻmak berishdir. Hozirda YeTTB muassislari 60 tadan ortiq boʻlib, ustav kapitali 19,64 mlrd -YeVROni tashkil etadi. Shtab kvartirasi Londonda joylashgan, bank xodimlari soni 1100 kishidan ortiq. YeTTB 1998 yilga qadar 600 ta loyiha boʻyicha 14 mlrd. EKYu miqdorida kreditlar bergan.
Oʻzbekiston YeTTBga 1992-yilda a’zo boʻldi, bankning 4200 ta aksiyasi mamlakatimizga tegishlidir. Ushbu bank 1993-yildan boshlab Oʻzbekistonda oʻzining birinchi loyihasini amalga oshira boshladi. Hozirda YeTTB ishtirokidagi umumiy summasi 1,4 mlrd. AQSh dollaridan ortiq boʻlgan 20 tadan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Bundan 723,8 mln. AQSh dollari miqdoridagi summa YeTTB tomonidan toʻg’ridan-toʻg’ri moliyalashtirilgan.
Oʻzbekistonda kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida YeTTB tomonidan OʻR.TIF Milliy banki, «Asakabank», «Oʻzsanoatqurilishbank» va «Agrobank» lar orqali umumiy miqdori 180 mln. AQSh dollari boʻlgan kredit liniyalari ochilgan.
Bundan tashqari savdoni moliyalashtirish maqsadida OʻRTIF Milliy banki va «Asakabank» orqali 50 mln. AQSh dollari miqdorida kredit liniyasini ochgan.
YeTTB «OʻzbekLizingInTerNeshnl AJ», ABN-AMRO bank, OʻzDEUbank, Mintaqaviy Bank Oʻquv Markazi, «Zarafshon- Nyumont», «Kosonsoy-TekMen», «Stroy Servis» kabi qoʻshma korxonalarni tashkil etishda oʻz kapitali bilan ishtirok etdi.
Bundan tashqari YeTTB tomonidan Toshkent aeroporti, temir yoʻllarni qayta tiklash va modernizasiyalash, Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi hamda Sirdaryo GRESini qayta tiklash va jihozlash maqsadlarida 200 mln. AQSh dollariga yaqin miqdorda kredit berildi. YeTTB oʻz ulushi 33,5 mln. AQSh dollari boʻlgan xususiylashtirilgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlash fondini tashkil etishda ishtirok etmoqda.
Hozirgi paytda umumiy miqdori 320 mln. AQSh dollari boʻlgan, 8 ta loyiha boʻyicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Umuman olganda, YeTTB Oʻzbekiston iqtisodiyotiga eng koʻp kapital kiritayotgan hamda kredit berayotgan xalqaro moliya-kredit tashkilotlaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |