§21.2. Xalqaro moliya va valyuta – kredit tashkilotlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining ular bilan oʻzaro hamkorligi
Avval ma’lumot berganimizdek, bugungi kunda jahonda oʻnlab xalqaro va mintaqaviy valyuta-kredit tashkilotlari faoliyat koʻrsatmoqdalar. Biz ularning ayrimlari toʻg’risida toʻxtalib oʻtamiz:
1. Xalqaro hisob-kitoblar banki (XHB) birinchi xalqaro bank boʻlib, 1930- yilda Angliya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Belgiya va Yaponiya Markaziy banklari va Morgan bankirlik uyi boshchiligidagi bir guruh Amerika banklari tashabbusi bilan Shveysariyaning Bazel shahrida tashkil etildi.
XHBning asosiy vazifasi markaziy banklar va ular oʻrtasidagi hisob-kitoblarni muvofiqlashtirish boʻlib, u asosan G’arbiy Yevropa banklarini birlashtirdi. XHB Yevropa valyuta tizimi mamlakatlari orasidagi hisob-kitoblarni ishlab chiqdi. XHB depozit, ssuda, valyuta va fond operasiyalarini bajaradi.
Hozirda XHBning a’zolari qatoriga 30 dan ortiq, shu jumladan, sobiq sosialistik mamlakatlar-Albaniya, Vengriya, Bolgariya, Polsha kabi mamlakatlarning Markaziy banklari kiradi. XHB G’arbiy Yevropa mintaqaviy bankidan xalqaro valyuta kredit tashkilotiga aylandi. Odatda «XHB- Markaziy banklar banki» deyishadi.
2. Xalqaro Valyuta Fondi (XVF) Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus muassasasi sifatida oʻz faoliyatini 1947-yilda boshladi. Uning shtab kvartirasi Nyu-Yorkda joylashgan. XVF kapitali ishtirokchi –mamlakatlar badallaridan tashkil topadi. XVF boshlang’ich davrda 49 ta mamlakatni birlashtirgan va 7,7 mlrd. AQSh dollari miqdorida kapitalga ega boʻlgan boʻlsa, uning a’zolari soni- 155 tadan oshib, kapitali esa 90 mlrd. AQSh dollaridan oʻtdi.
XVFning asosiy vazifalari xalqaro savdo va valyuta hamkorligini rivojlantirishga koʻmaklashish, valyuta barqarorligini qoʻllab-quvvatlash, valyuta cheklovlarini bartaraf etish hamda a’zo mamlakatlarga kredit resurslarini berishdan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasi 1992-yildan e’tiboran XVF a’zosidir. XVF tomonidan mamlakatimizda iqtisodiyot, moliyaviy sektor va statistika sohasidagi ishlar, valyuta va tashqi savdo tizimlarini erkinlashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqishga amaliy yordam berildi.
XVF tomonidan banklar va bank faoliyati toʻg’risidagi qonunchilik hujjatlarini tayyorlash, xalqaro andozalarga javob beruvchi buxgalteriya hisobvaraqlarining yangi rejasini ishlab chiqish, hisob va hisobotlarning yangi tizimi hamda elektron toʻlovlar tizimini joriy etish, statistik axborotni yig’ish tizimini takomillashtirishda yaqindan yordam berildi.
XVF tomonidan Oʻzbekistonga umumiy miqdori 165,2 mln. SDR miqdorida kreditlar berildi. Ushbu summadan 99,17 mln. SDR tuzilmaviy oʻzgarishlar mexanizmi doirasiga va 65,45 mln. SDR «Stendbay» kreditlariga toʻg’ri keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |