Chexiya davlati. X asr boshlarida Chexiya davlati tashkil topdi. Germaniya bu davlatni o’ziga bo’ysundirishga zo’r berib urindi. 1041- yilga kelib Chexiya Germaniyaning vassaliga aylandi. Ayni paytda Chexiya knyazlarining davlat ishlarini boshqarishdagi mustaqilliklari ma’lum darajada saqlab qolindi. Chunki istilochilik urushlarida Germaniyaga Chexiyaning ittifoqchi bo’lishi juda ham zarur edi. Shu tufayli Germaniya imperatori Genrix IV Chexiya knyazi Bratislav II ga (1042 - 1061) Qirol unvonini bergan. Biroq Chexiyaning qirollik maqomi uni Germaniyaga qaramlikdan to’la xalos etmagan.
Polsha davlati.Polsha davlati ham X asrda tashkil topdi. Unga barcha polyak qabilalarini birlashtirgan knyaz Meshko asos soldi. Bu tarixiy voqea 960- yilda yuz berdi. 966- yilda Meshko o’z qo’shini bilan xristian dinining katolik mazhabini qabul qildi. Polsha knyaz Boleslav I (992 - 1025) davrida kuchli davlatga aylandi. U Polsha hududlarini kengaytirdi. Rim Papasidan Qirol unvonini qabul qildi. Garchand Boleslav I ning o’limidan so’ng Polsha hududlari qisqargan bo’lsa-da, o’rta asrlar davomida Polsha o’z mustaqilligini saqlab qoldi. Polshani ham tobe etish rejasi Germaniya uchun orzu bo’lib qolaverdi.
Birinchi Bolgariya podsholigi. Xalqlarning buyuk ko’chishi jarayonida janubiy slavyanlar Bolqon yarim oroliga kelib o’rnashdilar. Ular bu yerda Bolgariya, Serbiya va Xorvatiya deb ataluvchi davlatlarni tuzdilar. Bolgariya podsholigi VII asrda Bolqonning shimoli-sharqida tashkil topdi. Bu davlatga Asparux asos soldi. IX asrga kelib Bolgariya kuchli, katta davlatga aylandi. Aholi xristian dinini qabul qildi. Podsho Buyuk Simon (883 - 927) bir necha marta Konstantinopolga hujum uyushtirdi. U garchi Konstantinopolni bosib ololmagan bo’lsa-da, o’zini Vizantiya imperatori bilan teng deb hisoblay boshladi.
Simon vafotidan so’ng Bolgariya zaiflasha bordi. Istilo qilingan yerlar birin-ketin qo’ldan keta boshladi. Ayni paytda mahalliy mulkdor tabaqalar – boyarlar hokimiyati tobora kuchaydi. Bu markaziy hokimiyatning zaiflashuvi oqibati edi. Bu omil oxir-oqibatda siyosiy tarqoqlikni vujudga keltirdi. Bundan tashqari, bolgar dehqonlarining ahvoli ham tobora yomonlashib borgan. Turli soliqlar ularning tinka-madorini quritib, xonavayron qilgan. Dehqonlarning og’ir ahvoli bogomillik deb ataluvchi harakatni vujudga keltirgan. Bogomillar davlat cherkovining mavjud adolatsizlikni himoya qilishiga qarshi chiqqanlar. Ular o’zlarini xudoga yaqin deb hisoblaganlar. Davlat cherkovini esa xudoga emas shaytonga xizmat qilishda ayblaganlar. Davlat cherkovi va cherkov yer egaligini inkor etganlar. Krepostnoylikni muqaddas kitob ko’rsatmalariga zid ekanligini ta’kidlaganlar. Mavjud jamiyat o’rniga jamoa mulkiga asoslangan va o’z-o’zini idora qiladigan jamoa boshqaruvini taklif etganlar. Ular demokratiya cherkovi deb ataluvchi o’z cherkovlarini tashkil qilganlar. Hokimiyat bogomillarga qarshi ayovsiz kurashgan. Vizantiya Bolgariyaning qiyin ahvolidan foydalanib, unga hujum qilgan. 1018-yilda Birinchi Bolgariya podsholigi deb ataluvchi davlat Vizantiyaga bo’ysundirilgan. Bu qaramlik XII asrning oxirigacha davom etgan.