III.Yangi mavzu bayoni: Imperiyaning tashkil topishi. 395- yilda qadimgi Rim imperiyasi G’arbiy va Sharqiy qismlarga bo’linib ketdi. Sharqiy qism Vizantiya deb atala boshlandi. Shu tariqa yangi davlat - Vizantiya imperiyasi vujudga keldi. Imperiya 1453-yilgacha yashadi. Konstantinopol (hozirgi, Istanbul shahri) imperiyaning poytaxtl bo’lib qoldi. Bu shahar o’rnida qadimda Vizantiy shahri bo’lgan. Imperiya nomi shu shahar nomidan olingan. Imperiya tarkibiga Bolqon yarim oroli, Yunoniston, Kichik Osiyo, Misr, Suriya, Falastin, Mesopotamiya, shuningdek, Kavkazortining bir qismi hamda Qrimning janubiy qirg’oqlaridan iborat hududlar kirgan. Imperiya tashkil topgan davrdan XI asrning birinchi yarmigacha uni beshta sulola vakillari boshqargan.
Vizantiya taraqqiyoti xususiyatlari. Vizantiya imperiyasi G’arbiy Rim imperiyasiga qaraganda mustahkam davlat edi. Vizantiyada G’arbiy Rim imperiyasini yemirayotgan qulchilik munosabatlari deyarli yo’q edi. Yerga ishlov berishda asosan erkin dehqonlar mehnatidan foydalanilardi. Bu mehnat moddiy manfaatdorlikka ham asoslangan. Bu esa yerdan yuqori hosil olish imkonini berardi. Bundan tashqari, imperiya hududi boy va madaniy o’lkalardan iborat edi. Vizantiya shaharlari savdo-sotiq markazlariga aylangan. Ularda hunarmandchilik yaxshi rivojlangan. Imperiya hayotida, ayniqsa, poytaxt Konstantinopol shahri katta ahamiyat kasb etgan. Ayni paytda Konstantinopoldan ikkita muhim savdo yo’li o’tgan. Ulardan biri karvon yo’li, ikkinchisi suv yo’li bo’lgan. Karvon yo’li Yevropani Osiyo bilan, suv yo’li esa Qora dengizni O’rta Yer dengizi bilan bog’lagan. Vizantiya oltin puli xalqaro savdo puli vazifasini bajargan. Hunarmandchilik va tashqi savdo imperiya xazinasini boyitgan. Vizantiya imperator Yustinian davrida (527 - 565) g’oyatda yuksalgan.
Vizantiyaning zaiflashuvi. Har qanday imperiya kuch bilan tashkil etilgan. Jumladan, Vizantiya ham bundan mustasno bo’lmagan. Bu hol qachondir imperiyaga pand berishi muqarrar edi. Vizantiyada ham shunday bo’lgan. Og’ir soliqlar mehnatkash aholini tobora xonavayron qilgan. Bunga javoban ular qo’zg’olon ko’targanlar. Qo’zg’olonlarning eng qudratlisi 821- yilda Kichik Osiyoda yuz berdi. Unda erkin jamoachi dehqonlar, qaram ijarachi krepostnoylar qatnashganlar. Unga Foma Slavyan rahbarlik qilgan. Qo’zg’olon 823-yilda bostirilgan bo’lsa-da, imperiyani uzoq vaqt larzaga solgan. Bosib olingan o’lkalarda mustaqillik uchun kurash kuchaygan. Natijada imperiya zaiflasha borgan. Bundan foydalangan slavyan xalqlari Bolqon yarim orolini egallab, o’z davlatlarini tashkil etishga kirishganlar. Imperiya yana bir boshqa imperiya - Arab xalifaligi hujumiga ham uchragan. Arablar Suriya, Misr, Kipr va Rodos orollarini bosib olganlar. Imperiya hududi Kichik Osiyo va Bolqon yarim orolining janubiy qismi bilangina cheklanib qolgan. Aholi tarkibida slavyanlar soni tobora ortib borgan. IX asrning ikkinchi yarmiga kelib arablar endi Vizantiyaga xavf solmay qo’ydi. Chunki bu davrda xalifalik amalda qator mustaqil davlatlarga bo’linib ketgan edi. Imperiya o’z hududlarini hatto kengaytirib ham oldi. Biroq bu muvaffaqiyatlar ko’pga cho’zilmadi. Yirik mulkdorlar hokimiyati bora kuchayib bordi. Ular davlat va qo’shinning yuqori lavozimlarini egallab olganlar. O’z hokimiyatlarini yanada mustahkamlash maqsadida imperatorlarga qarshi fitnalar uyushtirganlar. Imperiya qo’shini tobora qisqarib borgan. Bunga krepostnoylarning askarlikka olinmasligi sabab bo’lgan. Qashshoqlashgan erkin dehqonlarning ot va qurol-yarog’ sotib olishga pullari yo’q edi. Ayni paytda imperiyada separatchilik kuchaygan. Bu omillar imperiyani zaiflashtirmay qo’ymas edi. Oqibatda XI asrning ikkinchi yarmidan boshlab Vizantiya tashqi dushmanlaridan birin-ketin mag’lubiyatga uchray boshlagan. Ulardan biri saljuqiylar edi. 1071- yilda saljuqiylar Vizantiya qo’shinini mag’lubiyatga uchratgan. Keyinchalik Kichik Osiyo, Suriya va Falastin ham saljuqiylarga qaram bo’lib qolgan.