Yangi sulolaning hokimiyat tepasiga kelishi. Saksoniyaliklar sulolasi hukmronligi 1024- yilda barham topdi. Shu yili Germaniyada Frankoniya sulolasi hukmronligi o’rnatildi. Frankoniya Germaniyaning Saksoniyadan keyingi ikkinchi yirik gersogligi edi. Konrad II yangi sulola hukmronligiga asos soldi. Uning hokimiyati ritsarlarga tayanar edi. Konrad II ritsarlarga beriladigan chek yerlar (len)ni meros qoldirish to’g’risida qonun chiqardi. Bu qonun Italiya va Germaniyada joriy etildi. Frankoniya sulolasi hukmronligi (1024 - 1125) davrida imperiyani yuksaltirish va markazlashtirish borasida muvaffaqiyatlarga erishildi. Biroq bu muvaffaqiyatlar bora-bora feodallar va ruhoniylarning o’zaro kurashlari natijasida yo’qqa chiqarildi.
Sulola va Rim papalari o’rtasidagi ziddiyat. Rim Papasi Rim ruhoniylari va dunyoviy feodallar tomonidan saylanar edi. Bu esa hokimiyatning Papa sayloviga aralashishiga yo’l ochib berardi. Bundan tashqari, Germaniya imperatorlari cherkov yerlarini davlatga qarashli qirol yerlarining bir qismi, deb hisoblardilar. XI asrga kelib ruhoniylar Papa saylashda dunyoviy feodallarning ishtirokiga qarshi chiqdilar. Bu harakat tashkilotchisi Rim Papasi Grigoriy VII bo’ldi. U hatto Rim Papasi imperator va qirollarni taxtdan tushira oladi, deb da’vo qildi. Papa ustidan esa hech kim, hech qanday hukm chiqara olmaydi, deb hisoblardi. Grigoriy VII Papani faqat ruhoniylar saylaydigan tartibni joriy etdi. Yepiskoplarga ruhoniylik lavozimiga tayinlanganlik haqida beriladigan yorliq va maxsus belgi (uzuk va hassa)ni dunyoviy hukmdor berishini bekor qildi. Tabiiyki, bunday da’volarga imperator va qirollar toqat qila olmas edilar.
Imperatorlar va Rim papalari kurashi. Imperator Genrix IV Rim Papasi qarorlariga keskin norozilik bildirdi. Uning talabi bilan german yepiskoplari va oily tabaqali feodallar yig’ilishi 1076-. yilda Grigoriy VII ni Papalik taxtidan tushirish haqida qaror qabul qildi. Bunga javoban Grigoriy VII Rimda Genrix IV ni taxtdan tushirilgan deb e’lon qildi. Ayni paytda imperiya fuqarolarini imperatorga sodiqlik to’g’risida ichgan qasamlaridan xalos etdi. Bu hodisalardan so’ng imperator va Papa o’rtasidagi kurash yanada jiddiy tus oldi. Bu kurash deyarli yarim asr davom etdi, nihoyat imperator Genrix V davrida ikki o’rtada shartnoma imzolanishi bilan yakunlandi. Bu shartnoma tarixga Vorms konkordati nomi bilan kirgan. Shartnoma 1122- yilda imzolangan.
Unga ko’ra, imperator yoki uning vakillari faqat Germaniyadagina yepiskop saylashda qatnashadigan bo’lganlar. Ko’p yillik kurashlar davrida cherkovdan tortib olingan yerlar yana cherkovga qaytarib berilgan. Yepiskoplikka saylangan ruhoniyning saylanganligi haqidagi belgi
ikki qismga bo’lingan. Birinchisi uzuk va hassa bo’lib, u Papa tomonidan berilgan. Ikkinchisi imperiya hassasi bo’lib, uni imperator taqdim etgan. Imperiya hassasi yepiskoplarning imperator vassali ekanligini anglatib turuvchi ramziy ma’noni bildirgan. Bundan tashqari, imperator Rim Papasining ruhoniylar saylashi tartibini ham tan olgan.