III.Yangi mavzu bayoni:
Yevropa madaniyati markazi. Vizantiya madaniyati Yevropaning boshqa davlatlari madaniyatidan ustun bo’lgan. Buning sababi, Vizantiyada kuchli markaziy hokimiyat mavjud bo’lganligi edi. Markaziy hokimiyatning mavjudligi imperiya ichki hayotida osoyishtalikni ta’minlagan. Bu esa o’z navbatida ishlab chiqarishning yuksak taraqqiy etishiga omil bo’lgan. Vizantiya shaharlari savdo va hunarmandchilik bilan bir qatorda, madaniyat markazlariga ham aylangan. Vizantiya haqli ravishda Yevropa madaniyati markazi edi. Shaharlarda diniy va xususiy maktablar, davlat maktablari faoliyat ko’rsatgan. Yevropada birinchi oliy o’quv yurti ham aynan Vizantiyada ochilgan. Poytaxt Konstantinopol shahri o’zining oliy tibbiy bilim yurti bilan ham mashhur bo’lgan. Vizantiyada, ayniqsa, matematika, kimyo, tarix va geografiya fanlari rivojlangan. Chunonchi, kimyo fani yutuqlari asosida "grek olovi" ixtiro qilingan. Bu olov dushman kemalari va qal’alarini yondirishda ishlatilgan. U maxsus moslama yordamida otilgan.
Me’morchilik. Vizantiyada odamlarni hayratga soluvchi hashamatli saroylar va ibodatxonalar qurilgan. Me’morlar mahorati kishilarni lol qoldirgan. Bu imoratlar ayni paytda imperator hokimiyatining kuch-qudrati hamda mustahkamligini namoyish etgan. Vizantiya me’morchiligining yorqin namunasi Konstantinopol shahri edi. Imperator Yustinian zamonida qurilgan Avliyo Sofiya ibodatxonasi (532 -538) jahon me’morchiligining ajoyib tarixiy yodgorliklaridan biri bo’lib, u juda keng va g’oyat go’zaldir. Zamondoshlar Avliyo Sofiya ibodatxonasini "mo’jizalar mo’jizasi" deb ataganlar. Bu tarixiy obidaning mustahkam qurilganligiga tan bermay iloj yo’q. Oradan salkam XV asr o’tganligiga qaramay u hamon tabiat sinovlariga bardosh berib kelmoqda. Vizantiya madaniyati Sharqiy va Janubiy Yevropa xalqlari madaniyatiga ham katta ta’sir ko’rsatdi. Chunonchi, Bolgariya, Serbiya va Kiyev Rusi davlatlari xristian dinini Vizantiyadan qabul qilgan. Yunon missioneri Kirill 855- yilda kirill deb atalgan alifbeni yaratgan. Unga yunon alifbesini asos qilib olgan. Vizantiyaning Yevropa madaniyatida tutgan o’rni uning kutubxonalarida qadimgi yunon va rim allomalarining ko’plab nodir asarlari saqlanganligi bilan ham belgilanadi. Aynan shu kitoblardan keyingi avloular ham bahramand bo’lganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |