V. Nutq va tafakkur.
Nutq tafakkur bilan chambarchas bog‘langandir. Odam nutq bo‘lmasa, til vositalari bo‘lmasa fikr qilolmaydi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, nutq fikrlash qurolidir. Tafakkur bo‘lmasa nutq til bo‘lishi ham mumkin emas. Fanga xilof bo‘lgan burjua idealistik ta’limot uchun xarakterli narsa shuki, u tafakkurni nutqdan, til formalaridan ajratib qo‘yadi. Masalan, psixologlarning Vyursburg maktabi deb atalgan idealistik psixologiya namoyandalari (Byuller, Messer, Kyulpe, Ax va boshqalar) odamdagi tafakkur jarayonlari obrazlardan – idroklar va tasavvurlardan mustaqil ravishda, shuningdek, nutq tildan mustaqil ravishda sodir bo‘ladi deb isbot qilmoq uchun, buni hatto tajriba qilib ko‘rsatishga ham urinib ko‘rdilar. Obrazlardan va nutqdan mustaqil mana shunday «sof» tafakkur bo‘lishi mumkin, degan idealistik ta’limot butunlay asossiz ta’limotdir. Tafakkur idrok va tasavvurlardan mustaqil sur’atda o‘sa olmaydi. Nutq bo‘lmasa, tafakkur ham bo‘lmaydi, til materiali bo‘lmasa fikrni ifodalab berib bo‘lmaydi. Bizning hukmlarimiz, mantiqiy ta’riflarimiz, xulosalarimiz til materiallari va gaplar yordami bilan ifodalanadi. Til materiallari va gaplar vositasi bilan analiz va sintez qilinadi, abstraksiya qilinadi va umumiylashtiriladi. Til materiallari bo‘lmasa, biz hatto eng oddiy hukmni ham o‘zimiz uchun ifodalay ololmaymiz – biz shu onning o‘zida idrok qilib turgan buyumlar to‘g‘risida ham biror nimani tasdiq qilib yoki inkor qilib aytolmaymiz. Biz so‘zlar bo‘lmasa, bitta ham tushunchani fikrimizga joylashtira olmaymiz. Faqat til yordami bilangina odamlar bir-birlariga o‘z fikrlarini ayta oladilar. Odamlar nutq orqali bir-birlari bilan aloqa bog‘laganlarida, tafakkur natijalarini va o‘tmish ajdodlarning bilish sohasida erishgan muvaffaqiyatlarini til yordami bilan o‘zlashtirib oladilar va ayni vaqtda o‘z fikrlarini va bilimlarini avlodlariga topshiradilar. Inson tafakkuri ham tarixiy taraqqiyot jarayonida, til yordami bilan bo‘ladigan nutq aloqalarida o‘sdi - tafakkurning mantiqiy formalari ishlab chiqildi. Har bir kishining tafakkuri uning butun umri davomida til yordami bilan bo‘ladigan nutq aloqalari jarayonida o‘sib boradi. Lekin biz tafakkur, nutq va til bir-biriga chambarchas bog‘langan deganimizda shuni ham nazarda tutishimiz kerakki, nutq, bilan tafakkur aynan bir narsa emas nutq bilan tafakkurni, fikr bilan tilni bir-biriga aynan teng deyish yaramaydi. Biz ba’zi burjua psixologlarining tafakkur bilan nutq aynan bir narsa deb da’vo qiluvchi soxta ta’limotini qat’iyan rad qilishimiz lozim. Amerika psixologiyasi deb atalgan oqimining namoyandalari bo‘lgan bixevioristlar nutq bilan tafakkur bir-biriga aynan teng bir narsa degan mana shunday nuqul mexanistik ta’limotni, fanga butunlay xilof bo‘lgan ta’limotni targ‘ib qilishga ayniqsa zo‘r berib urindilar. Ularning ta’limotiga ko‘ra, tafakkur nuqul nutqdan iborat bo‘ladi. Faqat nutqning o‘zigina real mavjuddir. Tafakkur esa u ham o‘zi bir nutqdir, lekin tovushsiz, yoki tormozlantirilgan nutqidir. Bixevioristlarning ta’limotiga ko‘ra, nutq nerv-muskul harakatlaridan tarkib topadi, u alohida ko‘nikmalardan iboratdir, demak, tafakkur ham faqat mana shu malakalardan iborat bo‘lishi lozim. Shu ta’limotga qaraganda, biz muskullar yordami bilan fikr qiladigan bo‘lib chiqamiz. Bixevioristlarning shu ta’limotiga ko‘ra, tafakkur muammosining o‘zi ham bo‘lishi mumkin emas, tafakkur masalasi batamom nutq masalasining o‘zi bo‘lib qoladi. Nutq bilan tafakkur aynan bir narsa, degan ta’limotni burjua psixologlari tafakkurning realligini rad qilmoq uchun, shu bilan birlikda, mehnatkash kishilarning faoliyatida ongning aktiv roli borligini ham rad qilmoq uchun o‘ylab chiqardilar. Bixevioristlarning tafakkur nutqdan iborat, degan bu ta’limoti voqelikka butunlay zid ta’limotdir. Nutq bilan tafakkur aynan bir narsa emasligini ko‘rsatadigan juda ko‘p faktlar bor. Masalan, ma’lumki, boshqa birovning nutqini tushunib olishda ba’zan birmuncha qiynalamiz. Odatda, biz, boshqa birovning nutqini eshitayotganimizda yoki yozma nutqni ichimizda o‘qiyotganimizda, shuningdek, boshqa birovning nutqini baland ovoz bilan takrorlayotganimizda, bu nutqlarda ifodalangan fikrlarni ayni shu vaqtda tushunib ololmaymiz. Ko‘pincha, hamma nutq organlari to‘la-to‘kis harakat qiladi (to‘g‘ri talaffuz qiladi), lekin bunda ham nutqdagi fikrni ayni shu vaqtda darrov tushunib bo‘lmaydi. Ba’zan nutqni tushunmoq ya’ni uning ma’nosini bilib olmoq uchun aniq, ta’riflarni (og‘zaki yoki yozma) bir necha narta takrorlashga to‘g‘ri keladi. Agar nutq, bilan tafakkur aynan bir narsa bo‘lganda edi, boshqa birovning nutqini faqat eshitish yoki birinchi takrorlash bilanoq, tushunib olingan bo‘lur edi. Modomiki, birovning nutqini faqat eshitish yoki birinchi takrorlash bilanoq tushunib bo‘lmas ekan, binobarin, tafakkur bilan nutqni ham aynan bir narsa deb bo‘lmaydi. Shunday ham bo‘ladiki, ayni bir fikrning o‘zini turli odamlar va ayni bir kishining o‘zi turli hollarda, turli so‘zlarda, turli iboralarda ifodalaydi. Misol uchun matematikaning quyidagi ta’rifini ko‘rsatish mumkin: plyus-plyusga ko‘paytirilganida va minus-minusga ko‘paytirilganida plyus hosil bo‘ladi, plyus minusga ko‘paytirilganida esa minus hosil bo‘ladi. Shu fikrning o‘zi boshqa bir iborada ifodalanishi mumkin: bir xildagi alomatlarga ega bo‘lgan raqamlar bir-biriga ko‘paytirilganda musbat raqam hosil bo‘ladi, alomatlari turlicha bo‘lgan raqamlar bir-biriga ko‘paytirilganida manfiy raqam hosil bo‘ladi. Nutq bilan tafakkur aynan bir narsa bo‘lganida edi, bunday hodisalarning bo‘lishi mumkin bo‘lmas edi. Tafakkur bilan nutq o‘rtasida farq borligini shu faktdan ham bilish mumkinki, ayni bir fikrni grammatika tuzilishi turlicha bo‘lgan turli tillarda (masalan, rus, o‘zbek, xitoy va boshqa tillarda) aynan bir ma’no bildiradigan qilib ifodalash mumkin. Agar til bilan tafakkur aynan bir narsa bo‘lganida edi, u holda hamma tillarda grammatika tuzilishi ham aynan bir-biriga o‘xshash bo‘lishi kerak edi, yoki har qaysi millatda shu millat tilining grammatika tuzilishiga muvofiq ravishda, tafakkur formalarining tuzilishi ham turlicha bo‘lishi kerak edi. Har bir xalqda o‘ziga xos mantiq bo‘lishi lozim bo‘lib qolur edi. Lekin bunday holda, turli millat odamlarining bir-birlarini tushunishlari mumkin bo‘lmay qolur edi, aynan bir fikrni bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilish mumkin bo‘lmay qolur edi. Til bilan tafakkurning bevosita aloqasi faqat tilning tafakkur uchun bo‘lgan ahamiyatidagina ifodalanib qolmasdan, balki, shu bilan birga, tafakkurning til uchun bo‘lgan ahamiyatida ham ifodalanadi. Tafakkurning taraqqiyot tarixida tilning roli qanchalik katta bo‘lsa, tilning taraqqiyot tarixida ham tafakkurning roli shunchalik kattadir. Grammatika qonunlarini, formalarini va qoidalarini tuzishda va ularning takomillashib borishida tafakkur ayniqsa katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Har bir kishidagi tafakkurning o‘sishi shu kishi nutqining o‘sishi bilan bab-baravar bo‘lganidek, shu kishi nutqining o‘sishi ham undagi tafakkurning o‘sishiga bog‘liq bo‘lgan. Grammatika formalari va qoidalarini o‘zlashtirish jarayonining o‘zi odamning o‘z tafakkurini zo‘r berib ishlatishini talab qiladiki, bu hammaga ma’lumdir. Shunday qilib, tafakkur bilan nutq turli hodisalardir, lekin ayni vaqtda bu ikki hodisa bir-biri bilan chambarchas bog‘langan, bir-birini taqozo qiluvchi va bir-biridan tashqarida voqe bo‘lmaydigan va o‘sa olmaydigan hodisadir. Nutq va tafakkur bir-biri bilan dialektik birlik asosida bog‘langandir. Nutq bilan tafakkurning birligini Pavlovning ikkinchi signal sistemasi to‘g‘risidagi ta’limoti ham isbotlab beradi, ikkinchi signal sistemasi birinchi signal sistemasi bilan bir-biriga o‘zaro ta’sir qilgan holda nutqning ham, tafakkurning ham nerv-fiziologik negizini tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |