Tilning lug‘at sostavi
Tilda bo‘lgan hamma so‘zlarning jami tilning lug‘at sostavi deb ataladi.
Biror tilning lug‘at sostavi naqadar boy va xilma-xil bo‘lsa, bu til shu qadar boy va rivojlangan til bo‘ladi. Har bir kishi foydalanayotgan va foydalanishi mumkin bo‘lgan lug‘at sostavi qanchalik boy va taraqqiy qilgan bo‘lsa uning nutqi ham shunchalik boy va taraqqiy qilgan bo‘ladi. Odam o‘z nutqida foydalanayotgan so‘zlarning miqdori shu odam nutqining lug‘at (yoki leksika) jihatini, nutqning lug‘at sostavini tashkil qiladi. Har bir so‘zning o‘z ma’nosi bor, ya’ni har bir so‘z muayyan bir narsaga yoki narsalar turkumiga, shuningdek, narsalarning muayyan bir belgilariga ularning xususiyatlariga, bog‘lanishlariga, munosabatlariga va boshqa shu kabi belgilariga taalluqlidir. So‘zning ma’nosi odamlarning nutq amaliyyotida bir-biri bilan bo‘layotgan o‘zaro aloqasida ma’lum bo‘ladi. So‘zning ma’nosi odamlarning bir-birlarini tushunishlarini ham ta’minlaydi. Bir-biri bilan gaplashayotgan ikki kishi bir-birini tushunadi, chunki gaplashayotgan kishilarning har biri muayyan bir narsa to‘g‘risida muhokama yuritadi va har qaysi so‘zni muayyan bir ma’noda ishlatadi. Aristotel ham o‘z vaqtida bunday degan edi: «Bahslashayotgan har ikkala tomon ayni bir fikrni tushunmoqlari uchun avvalo ishlatilayotgan so‘zlarning mazmuni ham ma’nosi haqida kelishib olmoq kerak». Kishining o‘z nutqda har bir so‘zning ma’nosini aniq, tushunib foydalanayotgan va foydalanishi mumkin bo‘lgan lug‘at sostavi shu kishining nutqi qay darajada o‘sganligini ko‘rsatadi.
Til va nutqning grammatika tuzilishi.
Har bir kishi nutqining lug‘at sostavi tilning grammatika tuzilishidan ajralgan holda mavjud bo‘lishi mumkin emas. Xuddi shuningdek, har bir kishi o‘z tilining lug‘at sostavini shu tilning grammatika tuzilishi asosida egallaydi. Har bir so‘zning o‘z ma’nosi bor, lekin har bir so‘z o‘z formasini o‘zgartirib, grammatika qoidalari asosida tuzilgan biror gap tarkibiga kirganidagina muayyan bir ma’no oladi. Grammatika koidalari asosida tuzilgan nutq so‘zlardan iborat bo‘ladi. Lekin bunday gaplarda ifodalangan fikr shu gaplar tarkibiga kirgan so‘zlar ma’nosining jamidan iborat bo‘ladi, degan ma’no chiqmaydi. Gapda ifodalangan fikr yoki boshqacha qilib aytganda, nutqning ma’nosi, shu gapni tashkil etgan so‘zlar ma’nosining jamida hamisha keng va boy bo‘ladi. So‘zlarning ma’nosi bilan nutqning mazmuni bir-biriga aynan teng bo‘lmaydi. Buni shundan bilish mumkinki, muayyan bir ma’nodagi so‘zlar, ularning formalari va gapdagi o‘rinlari o‘zgarishiga qarab, turli ma’no oladi. Masalan: o‘qituvchi, o‘quvchi, gapirmoq degan so‘zlarning har birining o‘z ma’nosi bor. Lekin bu uch so‘z hali hech qanday fikrni ifodalamaydi. Endi bu so‘zlarni biriktirib, bunday bir gap tuzaylik: o‘qituvchi o‘quvchiga gapirdi. Bunda biz so‘zlar ma’nosining jaminigina tushunib qolmay, balki shu bilan birga nutqdagi fikrni ham tushunamiz. Shu so‘zlarni boshqa bir tartibda o‘zgartirib biriktirsak boshqacha fikr hosil bo‘ladi; o‘quvchi o‘qituvchiga gapirdi.O‘zbek tilida gapdagi so‘zlarning o‘rnini o‘zgartirmasdan, bitta so‘zning shaklini salgina o‘zgartirish bilan nutqning va har qaysi so‘zning ma’nosi ham o‘zgaradi. Masalan: «U akasini yubordi», «U akasiga yubordi». Boshqa birovning nutqini eshitgan vaqtingizda ba’zan shunday gaplar uchraydiki, bu gaplardagi har bir so‘zning ma’nosi tushunarli bo‘lsa ham lekin gapda ifodalangan fikr noaniq bo‘lib, tushunilmay qoladi. Mana shu misolning o‘zi ham ma’lum bir gap tarkibidagi so‘zlar ma’nosining jami bilan shu gapda ifodalangan fikr bir-biriga teng emasligini ko‘rsatadi. Tilning grammatika tuzilishining ahamiyati shuni ko‘rsatadiki, yakka odam nutqining qay darajada o‘sganligi, qay darajada takomillashganligi faqat so‘z boyligining boyligiga va xilma-xilligigagina bog‘liq, bo‘lib qolmasdan, balki avvalo, shu kishining o‘zi gaplashadigan tilining grammatikasini (morfologiyasini va sintaksisini) qay darajada bilib olganligiga bog‘liqdir. Odam nutqining silliq va tushunarli bo‘lishi uning grammatikani qay darajada bilib olganligiga bog‘liq bo‘ladi, gaplarda ifodalangan fikrning tushunarli bo‘lishi ishlatilayotgan so‘zlarning ma’nosi qay darajada tushunib ishlatilganiga bog‘liq bo‘ladi. Fikrlarimizni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ifodalab berishimiz va bu fikrlarni moddiy qobiqda, ya’ni til bilan ifodalab berishimiz, grammatikani qay darajada bilib olganligimizga bog‘liq bo‘ladi. Bizning nutqimizni boshqa odamlarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri tushunishi va boshqa odamlarning nutqini biz ham to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri tushunishimiz shunga bog‘liq bo‘ladi. Umuman biz odam nutqining qay darajada o‘sganligiga shu odamda bo‘lgan lug‘at sostavining boyligiga qarab baho berib qolmasdan, balki, shu bilan birga, shu nutqning turli - tumanliligiga, ya’ni shu odamning nutqida o‘zi gaplashayotgan tilning grammatika formalari va qoidalariga qanchalik rioya qilayotganligiga qarab ham baho beramiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |