8.4. Ish vaqtidan foydalanish tahlili
Ishlab chiqarish hajmining o‘sishi, mehnat jamoasining har bir a’zosiga mahsulotlar ishlab chiqishning ortishi, shuningdek, mehnat resurslaridan samarali foydalanishning eng muhim shartlaridan biri ish vaqtidan tejamkor va samarali foydalanish hisoblanadi. Ish vaqti qay darajada to‘liq va oqilona foydalanilayotganligiga mehnat samaradorligi, barcha texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni bajarish bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ish vaqtidan foydalanish tahlili korxonadagi analitik ishlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Ish vaqtidan foydalanish tahlili ikki yo‘nalishda olib boriladi: ish vaqtidan yo‘qotishlarni va undan unumsiz foydalanishni aniqlash.
Tahlil uchun asosiy ma’lumotlar manbasi 1-mehnat statistik hisobot shakli bo‘lib, unda ish vaqtidan foydalanishni tavsiflovchi ko‘rsatkichlar majud bo‘ladi: yil uchun ishlab berilgan kishi-kun va kishi-soatlarning umumiy miqdori.
Ish vaqtidan foydalanish tahlili metodikasini ko‘rib chiqishdan oldin qisqacha tarzda ishlab berilgan vaqtni hisobga olishning amaldagi tartibi haqida to‘xtalib o‘tamiz. Ishlab berilgan kishi-kuni va kishi-soatlarning haqiqatdagi miqdori haqida ma’lumotlar tabel hisobi ma’lumotlari bo‘yicha olinadi. Tabel hisobining hozirgi tashkiliy shakli ishlab berilgan kishi-kuni va kishi-soatlarning haqiqatdagi miqdori haqida ishonchli ma’lumot bera olmaydi.
Xodimning ish vaqti fondini rejalashtirishda quyidagi ko‘rsatkichlardan foydalaniladi: ish vaqtining kalendar fondi, u barcha smenalarda uzrli va uzrsiz kishi-kunilarning umumiy soni bilan o‘lchanadi; ish vaqtining nominal fondi, buni hisoblashda kalendar bo‘yicha kunlarning umumiy sonidan bayram va dam olish kunlari chiqarib tashlanadi; ish vaqtining maksimal fondi, buni hisoblashda nominal fondni hisoblashda qabul qilingan kunlar soni navbatdagi ta’tillar davomiyligiga kamaytiriladi (kunlarda).
Ish vaqti fondini kishi-soatlarda rejalashtirishda xodimlarning ayrim guruhlarida ish kuni davomiyligi qisqartirilganligini hisobga olish zarur. Qisqartirilgan ish kuniga ega xodimlar guruhiga, masalan, tungi smena ishchilari, o‘smirlar, og‘ir va zararli ishlar bilan bandlar, emizikli onalar va boshqalar kiritiladi.
Ish kuning o‘rtacha davomiyligi xodimlarning u yoki bu guruhining ish kuni davomiyligining umumiy hisobdagi ushbu guruhlarning ulushiga o‘rtacha tortilgani sifatida aniqlanadi.
Masalan, agar 500 kishi 8 soatdan, 300 kishi 7 soatdan, 100 kishi 6 soatdan ishlasa, u holda ish kunining o‘rtacha davomiyligi 7,44 soatni tashkil qiladi.
.
Shunday qilib, haqiqatdagi ish vaqtining o‘rtacha davomiyligi muayyan darajada mehnat resurslari tarkibiga bog‘liq bo‘ladi.
Ish vaqtidan foydalanish tahlilida haqiqatda ishlab berilgan kishi-kuni va kishi-soatlarni rejadagi hisobot yili va o‘tgan yil ma’lumotlari bilan taqqoslash orqali ish vaqti yo‘qotishlari aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |