Oltin o`rtachalik tamoyili. Oltin o`rtachalik tamoyil Aristotelning asarlarida keltirilgan. Unda aytilishicha: haddan oshmang va o`lchovni bajaring. Barcha axloqiy fazilatlar ikki yomonlik o`rtasidadir (masalan, jasorat qo`rqoqlik va bemulohazalik orasida joylashgan) va qanoat fazilatiga borib taqaladi. Qanoat esa odamga o`z ehtiroslarini aql yordamida cheklashga imkon beradi.
Kategorial imperativ - bu Immanuel Kant tomonidan taklif etilgan universal axloqiy formula. U deydi: shunday qilingki, sizning xatti-harakatlaringizning asosi umumiy qonunga aylanishi mumkin bo`lsin; boshqacha qilib aytganda, sizning xatti- harakatlaringiz boshqalar uchun namuna bo`lsin. Yoki: har doim odamga faqat vosita sifatida emas, balki maqsad sifatida qarang, ya`ni hech qachon odamni faqat o`z maqsadlaringiz uchun vosita sifatida ishlatmang.
Umumiy baxt-saodat tamoyili. Umumiy baxt-saodat tamoyilini utilitar faylasuflar Ieremiya Bentham (1748-1832) va Djon Styuart Mill (1806-1873) taklif qilgan. Unda aytilishicha, har bir inson o`zini mumkin qadar ko`proq kishilarning ko`proq baxt- saodatini ta`minlash uchun zarur bo`lganidek tutishi kerak. Hatti-harakatlar ularning oqibatlariga qarab baholanadi: harakat turli odamlarga qanchalik foydali bo`lsa, u axloqiy shkalada shunchalik yuqori baholanadi (hattoki harakatning o`zi xudbin bo`lsa ham). Har bir mumkin bo`lgan harakatlarning oqibatlarini hisoblash, barcha ijobiy va salbiy tomonlarini o`lchab, ko`proq odamlarga ko`proq foyda keltiradigan harakatlarni tanlash mumkin. Agar uning foydasi zarardan kattaroq bo`lsa, qilmish axloqiy hisoblanadi.
Adolatlilik tamoyili. Adolat tamoyillarini amerikalik faylasuf Jon Rouls (1921-2002) taklif qilgan:
Birinchi tamoyil: har bir inson asosiy erkinliklarga nisbatan teng huquqlarga ega bo`lishi kerak. Ikkinchi tamoyil: ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlik quyidagi tarzda ishlab chiqilishi kerak: (a) ulardan hamma uchun foyda kutilishi mumkin; va (b) mavqelar va lavozimlarga kirish hamma uchun ochiq.
Boshqacha qilib aytganda, har bir inson erkinliklarga (so`z erkinligi, vijdon erkinligi va boshqalar) nisbatan va maktablar va universitetlarga kirishda, rasmiy lavozimlar, ish joylari va h.k. egallashda teng huquqlarga ega bo`lishi kerak. Tenglik mumkin bo`lmagan joylarda (masalan, iqtisodiyotda – ne`matlar hammaga yemasligi mumkin), ushbu tengsizlik kambag`allarning foydasiga yo`naltirilgan bo`lishi kerak. Ne`matlarning bunday qayta taqsimlanishiga misollardan biri progressiv daromad solig`i bo`lishi mumkin, unga ko`ra boylar ko`proq soliq to`lashlari, tushumlar esa kambag`allarning ijtimoiy ehtiyojlariga yo`naltirilishi kerak.
Har bir universal tamoyil ma`lum ma`naviy idealni ifodalaydi, va bu asosan insoniylik sifatida tushuniladi. Biroq, hamma printsiplar bir-biriga mos kelavermaydi: ular har xil qadriyatlarga va xayrliliklarni har xil tushunishga asoslangan. Umumiy tamoyillarga asoslanib, birinchi navbatda, tamoyilning vaziyatga moslik darajasini va turli printsiplar o`rtasidagi mumkin bo`lgan ziddiyatlarni aniqlash kerak. Qaror axloqiy bo`ladi, agar barcha qo`llaniladigan tamoyillar qabul qilingan qarorga zid kelmasa. Agar tamoyillar o`rtasida jiddiy mojarolar kelib chiqsa, unda boshqa omillarni ham hisobga olish, masalan, kasbiy kodekslarni, ekspert xulosalarini, jamiyatda qabul qilingan huquqiy va diniy me`yorlarni, qaror uchun o`z javobgarligingiz darajasini anglab yetish va shundan keyingina anglangan axloqiy tanlovni amalga oshirish kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |