Nomlar, ularning turlari, nomlanish sabablari bilan shug'ullanuvchi tilshunoslik bo`limiga onomastika (lotincha onuma - nom so‘zidan olingan) deyiladi.
Atoqli otlar nomlanuvchi obyekt turiga ko'ra bir necha guruhga bo'linadi:
1. Shaxs va ularga qo'yilgan nomlar – antroponimlar (lot.antropoz – shaxs,odam; onuma – nom): Ahmad, Karim va hokazo.
Antroponimlarga kishilarning ismi, familiyasi, taxallusi kiradi. Antroponimlar har doim bosh harf bilan yoziladi: Shuhrat, Odil Yoqubov, Muqimiy kabi. Antroponimlar orasida kichik harf bilan ham yoziladigan qismlar mavjud bo‘lib, bular arabcha ibn, binni, o'zbekcha o'g'li, qizi so'zlari va arab tilidan kirgan al artiklidir. Masalan, Abu Ali ibn Sino, Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek, Al-Xorazmiy, At-Termiziy, Oysha binni Mansur kabilar.
Antroponimlar turdosh otlar asosida (Muhabbat,Lola,Juma,Sulton,Bahri), sifatlar asosida (Go'zal, Muqaddas, Ozoda, Botir, Jasur), sonlar asosida (Oltmishvoy, Yetmishvoy,Chori, Panji), fe’llar asosida (Tursunoy, To'xtasin, Turdi) paydo bo`lgan. O`zbek ismlari qo`shma so’zlardan ham iborat bo`lishi mumkin. Masalan, Sotiboldi, Gulchehra, Otamurod, Gulbahor, Muhammadyusuf kabi. O'zbekcha ismlar tarkibida nomning oxiriga yoki oldiga qo'shilib keluvchi lug'aviy unsurlar ham mavjud. Bular bek, boy, bobo,buva, mir, mirza, xo‘ja,qul,beka, bibi, begim, bonu, gul, oyim, poshsha, momo, sho kabilardir: Qodirbek, Mirzakarimboy,Karim bobo, Ochil buva, Mirahmad, Aminxo'ja, Ostonaqul, Kumushbibi , Gulchehrabonu kabi.
Antroponimlarni o'rgangan olim Ernst Begmatov bo'lib, «Kishi nomlari imlosi» (1970), «O‘zbek ismlari imlosi» (1972) kitoblari bu sohadagi qimmatli manba hisoblanadi. 1999-yili nashr etilgan «O‘zbek ismlari» kitobida 14600 ta ismga izoh berilgan.
2. Geografik obyektlar va ularning nomlari – toponimlar (lot.topos – qishloq,shahar, maydon, ko`cha, onuma – nom): Shirmonbuloq, Qorako‘1, Qarshi. Aholining yashash maskanlarini nomlashda, xalqning iqtisodiy turmush tarzi, shug'ullanuvchi kasb-kori ham hisobga olinadi. Vaqtlar o'tishi bilan hunar garchi o'zgarib ketsa-da, joy nomlari saqlanib qoladi. E’tibor bering: Miskarchilik, Ko'nchilik, Egarchi, Jiyakchi,Taqachi, O'qchi, Miltiqsoz, Bo’rchi, Ketmonchi, Charmgarguzar, Tandirchi, Sovungarlik.
Toponimlarni nomlashda joyning relyefi.ham hisobga olinadi. Masalan, Uzunko‘cha. Balandqishloq, Chuqursoy, O'rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq kabi. Suv havzalari bilan atalgan joy nomlari ham mavjud. Achchiqko‘l - Farg'ona viloyati O'zbekiston tumanidagi qishloq. Achchiqko‘1 - asli suv havzalaridan biri - ko‘lning nomi, ko‘l suvining achchiqligi, o‘ta sho'r ekanligi, iste’mol qilish uchun yaroqsizligi ko'lning shu tarzda nomlanishiga sabab bo'lgan. Ko'l hozirda yo‘q bo'lib ketgan, lekin uning nomi shu atrofdagi aholi turarjoyi atamasi sifatida saqlanib qolgan. Aniqrog'i, ko'l nomi asosida qishloq nomi vujudga kelgan.
Nazarmahram - Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi qishloq nomi. Mazkur toponim kishi ismi va Qo'qon xonligi davridagi amal - mansabga oid atamalardan biri mahram so'zidan tarkib topgan. Mahram - xonga yaqin bo'lgan va uning huzuriga kira oladigan kishi. Shuningdek, mahramlar saroydagi boshqa ishlarni ham bajarganlar. Ko'rinadiki, o'tmishda mansab nomlari ko'pincha amal egasining nomiga qo'shilib aytilgan. Shunga ko'ra, ba’zi joy nomlariga kishi ismi va mansab nomi atama bo'lib qolgan, Nazarmahram fikrimizning isbotidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |