Tumanlar (shaharlar) qurilish bo’limlarining huquqlari va javobgarligi
Tumanlar (shaharlar) qurilish bo’limlari o’zlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining tuman bo’linmalaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan o’z vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etishga doir ma’lumotlarni belgilangan tartibda so’rash va olish;
Vazirlikning yuqori turuvchi bo’linmalariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga o’z vakolatiga kiruvchi masalalar bo’yicha takliflarni ko’rib chiqish uchun kiritish;
davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo’linmalariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga arxitektura va qurilishni rivojlantirish va ommalashtirish uchun zarur sharoitlarni yaratishda doirasida yo’l qo’yilgan kamchiliklarni bartaraf etish to’g’risida majburiy ko’rib chiqish uchun taqdimnomalar kiritish;
tuman (shahar) hokimining shaharsozlik masalalari bo’yicha qaror loyihalarini belgilangan tartibda kelishish;
shaharsozlik faoliyati subyektlaridan shaharsozlik to’g’risidagi qonun hujjatlariga hamda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishini talab qilish;
o’zboshimchalik bilan imorat qurishda, shaharsozlik intizomini, qurilish va arxitektura sohasidagi amalda bo’lgan qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo’lgan shaxslarni hamda hududlarida mazkur huquq buzilishlarini sodir etgan tashkilotlar va korxonalar rahbarlarini belgilangan tartibda tegishli javobgarlikka tortish to’g’risida manfaatdor davlat organlariga takliflar kiritish;
fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, manfaatdor tashkilotlar va O’zbekiston Respublikasi Arxitektorlar uyushmasi bilan birgalikda belgilangan tartibda loyihalarni ishlab chiqish uchun tanlovlar o’tkazish;
o’z vakolati doirasida konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, ko’rgazmalar, yarmarkalar va boshqa tadbirlarni o’tkazish, shuningdek, tumanda (shaharda) boshqa tashkilotlar tomonidan o’tkaziladigan shunday tadbirlarda ishtirok etish.
Tumanlar (shaharlar) qurilish bo’limlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.
Tumanlar (shaharlar) qurilish bo’limlari:
o’ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning sifatli va o’z vaqtida bajarilishini ta’minlash;
Vazirlikning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridagi hududiy bo’linmalariga kiritiladigan hujjatlar loyihalari va takliflarni sifatli tayyorlash;
tumanlar (shaharlar)da arxitektura va qurilish sohasini rivojlantirish bo’yicha dasturlar, tadbirlar rejalari, «yo’l xaritalari» va boshqa dasturiy hujjatlarni samarali amalga oshirish, muammoli masalalarni hal etish uchun javob beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |