Asalarilar postembrional rivojlanishi. Asalarilar qurtchalik davri. Tuxumdan chiqqan asalari qurtchasi, endi etuk hasharotga yetguvchi postembrionlik rivojlanish davrini boshlaydi. Postembrional rivojlanish uch davrdan iborat, ya’ni qurtchalik, g‘umbakoldi va g‘umbaklik davrlaridir.
a) Qurtchaning tuxumdan chiqishi. Asalarilar embrional rivojlanish davrining hamma bosqichlarida, tuxum katakcha ichidagi devorda parallel holda turadi va oxirgi uchinchi kunda esa, biroz egilib katakcha devoriga suyanadi. Tuxum po‘chog‘i sekinlik bilan, o‘zining rangini yo‘qota boshlaydi, tiniqlashadi, unga yaxshiroq e’tibor bersangiz, xatto tuxum ichidagi qurtchani etilganini ham ko‘rish mumkin. Tuxum po‘chog‘ini qurtcha maxsus fermentlari bilan eritadi va hech qanday asalarilarning yordamisiz o‘zi tashqariga chiqib oladi. Asalari qurtchasi, ona asalari tuxum qo‘ygandan so‘ng 66-68 soatda, ba’zida esa 72-76 soat ichida, tuxumdan etilib chiqadi.
Tuxumdan chiqqan qurtcha, tashqi tuzilishi bilan katta asalaridan farq qiladi. Qurtchaning tanasi bosh, bo‘g‘in va bir xil shakldagi 13 ta halqadan iborat. Tuxumdan chiqqan qurtcha rangsiz yoki oqish bo‘lib, ustida yumshoq qoplag‘ichi bo‘ladi. Bu bosqichda qurtcha faol ravishda oziqlanadi va rivojlanadi, hamda bir necha bor po‘st tashlaydi, ya’ni teri qoplag‘ichini yangilaydi, tana hajmi kattalashadi.
Qurtcha tanasidagi birinchi halqa biroz ensiz, undan keyinchalik asalarilar boshi rivojlanadi. Bosh tomonida ko‘zi bor, og‘iz qo‘shimchalari rudimental holda, ko‘krak halqalari bir-biridan ajralib turadi, oyoq va qanotlari bo‘lmaydi. Voyaga etgan asalarida esa ko‘krak halqalari bir-biri bilan jipslashgan, ularning chegarasini aniqlash qiyin.
3 5-rasm. Asalari lichinkasining tana tuzilishi.
1-old ichak, 2-aorta, 3-qatlamlarning joylashishi, 4-o‘rta ichak, 5-yurak, 6-jinsiy bezlar, 7-yog‘ tanasi, 8-malpigiy naychasi, 9-orqa ichak, 10-qorin nerv zanjiri, 11-pilla o‘rash ipini ishlab chiqaradigan bez, 12-kichik kekirtak osti nerv tuguni, 13-katta kekirdak ustki nerv tuguni.
Qurtchaning bosh bo‘g‘imida og‘iz teshigi bo‘lib, undan qurtcha ichagiga ovqat o‘tadi. Eng so‘nggi halqada orqa teshik bor. Ko‘krak va qorin halqalarida, traxeya naychalariga olib boruvchi, 10 juft nafas olish teshikchalari joylashgan.
Asalari qurtchasining ichak sistemasi-oldingi, o‘rta va orqa ichaklardan iborat. Qurtchalik davrida oldingi va o‘rta ichaklari o‘rtasida, hech qanday aloqa bo‘lmay, oziq qoldiqlari o‘rta ichakning berk uchiga to‘planib qoladi, o‘rta va orqa ichaklarni ajratib turuvchi to‘siq yirtiladi, ular katakcha tagiga chiqarilib tashlanadi. Bu davrda qurtchaning ovqat hazm qilish sistemasida asal jig‘ildoni bo‘lmaydi. Ajratuvchi a’zolari va malpigiy naychalari esa 150 ta naychadan iborat.
Asalari qurtchasida jinsiy a’zolari shakllana boshlaydi, ular ikkita tomirdan iborat, sakkizinchi halqa ostidagi ichaklar yonida joylashgan. Ishchi asalari qurtchasining barcha davrlarida ham, tuxumdonidagi tuxum naychalasalari soni 150 tagacha bo‘ladi. Qurtchani g‘umbaklik davriga o‘tishi munosabati bilan, ularning soni ko‘p miqdorda qisqaradi va 3-21 tagacha kamayadi.
Asalari nish apparatining kurtaklari, qurtchaning o‘sish davrlaridan boshlab namoyon bo‘laboshlaydi. Ular asosan sakkizinchi to‘qqizinchi qorin halqalari ostida vujudga kelib, dastlab sanchuvchi nish (stilet), keyinroq salazka va ikki yon tomondan esa nish qopchig‘i paydo bo‘ladi. Qurtchalik davrining oxirgi davrida, katta zaxar bezining kurtaklari vujudga kelsa, g‘umbaklik davriga kirish oldidan esa, kichik zahar bezlasalari kurtaklari paydo bo‘laboshlaydi.
Qurtchaning qon aylanish sistemasi 12 ta kameradan (katta yoshdagi asalarida 5 ta kamera) iborat, periferik qon tomirlari bo‘lmaydi. Qurtchaning asab sistemasi ham, katta yoshdagi asalaridan keskin farq qiladi, halqum osti va usti asab tolalari bosh qismida, 11 ta asab tugunchalari esa ko‘krak qismida joylashgan. Qurtchalarda ko‘rish va hid bilish a’zolari bo‘lmaydi. Yurak o‘simtasi, bilan oshqozon o‘rtasida tuxumdon joylashgan. Shunisi e’tiborliki, ona asalari bilan ishchi asalarilarning tuxumdonlaridagi tuxum naychalari o‘rtasida, hech qanday farq bo‘lmaydi. Ishchi asalarilar tuxumdonlaridagi tuxum naychalari soni, qurtchalik davrining oxirigacha saqlanib qoladi. Qurtchaning g‘umbakoldi va g‘umbaklik davriga o‘tishining dastlabki kunlarida, qurtcha tanasidagi ko‘pgina a’zolar gistoliz ta’sirida emriladi, shaklini o‘zgartiradi, hajmi kichrayadi yoki kattalashadi. Shuning uchun ishchi asalarilarda jinsiy a’zolari qaytadan shakllanadi va tuxum naychalari soni kamayadi. Ona asalari g‘umbagida esa, bu jarayon jadal rivojlanadi. Ishchi asalari qurtchasi tuxumdonlaridagi tuxum naychalarini ko‘p bo‘lishi, katta biologik ahamiyatga ega. Ularning ana shu xususiyatlari uchun, asalari oilasida ona asalari yo‘qolganda, uch kunlikgacha bo‘lgan ishchi asalari qurtchalaridan tinchgina “osoyishtalikda” ona asalari yetishtirishga imkoniyat yaratadi. Bundan tashqari, ishchi asalari qurtchasining ana shu biologik xususiyatlari tufayli, sun’iy ravishda ona asalari yetishtirishga asos solingan.
Asalari qurtchalari ichki tuzilishining rivojlanish jarayonidagi eng muhim xususiyatlaridan yana biri, unda yog‘li tana hosil bo‘lishi va ko‘plab oziq moddalar to‘planishidir. Qurtchalar rivojlanishining harakatsiz davrida oziqa qabul qilmaydi, zaxiradagi oziqa moddalari esa, g‘umbaklik bosqichiga o‘tish vaqtidagi jarayonlarda energiya manbai bo‘lib hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |