«Darvesh ila shoh boʻlsa agar ulfat, bu Shoh baxti erur, darvesh uchun kulfat bu»
deb, aql ahlining, ma’rifat ahlining bosh vazifasi hamma bilan baravar munosabatda boʻlib, odamlarni oʻzaro tenglik asosida bir-birlari bilan munosabatda boʻlishga, bu dunyoning manfaatlariga mute boʻlib, bir-birlarining dillariga ozor yet-kazmaslikka da’vat qiladi. Yana boshqa bir ruboiysida Pahlavon Mahmud yozadi:
«Yo rab, meni sen zoru ado aylamgʻil, Shohlarga kunim qoʻyma, gado aylamagʻil. Lutfing ila sochsoqolim oppoq boʻldi, qoʻy, endi meni yuzi qaro aylamagʻil».
Ogahiy hazratlari Pahlavon Mahmud piyrimizning ma’rifat ahli zimmasiga yuklab ketgan mana shu ruhan boqimsiz boʻlish, faqat Olloh oldidagina oʻzni javobgar bilmak mas’uliyatini teran his qilib, qalam tebratgani yaqqol koʻzga tashlanib turadi, shoirimiz oʻzini hamisha ustoz oldida imtihon topshirayotgandek tutadi, uning talablariga goʻyo javob bera olmayotganidan oʻkinadi. Oʻzining Pahlavon Piyrimiz ruboiysi bilan hamohang bir asarida Ogahiy yozadi, ruboiy:
«Umrim oʻtibon, qilib gadolik, yo rab, Komimgʻa yetushmadi ravoligʻ, yo rab. Maqsadga hama yetti, vale qoldi mango Oq soqqol ila yuzi qarolik, yo rab!»
Bu misralar Ogahiyning avvalo Allohi taolo oldida tazarrusi, qolaversa, Pahlavon Mahmud hazratlari oldidagi uzrxohligidir-ki, oʻzining bu ruhiy holatini shoir quyidagi misralar bilan toʻldiradi.
«Necha umrlar qilding ahli johgʻa xizmat, Tark etib oni emdi faqr ahliga xizmat qil».
Ogahiy ruboiylarini mutolaa qila borganimiz sayin, uning ijodiga Pahlavon Mahmud merosining ta’siri naqadar barakali va izchil
ekanligiga guvohligi-miz tobora teranlasha boradi. Bu ta’sirning koʻtі qirraliligi, Pahlavon Mahmudning ruboiyoti ta’siridagina qolib ketmaganligi bizni qanoatlantiradi, Otashindir. Ta’kidlash lozimki, Tavba mavzusidagi buyuk shoirimizning ruhiy kechinmalari tafovutlariga qaramasdan, ularda bir mushtaraklik mavjud, bu ham boʻlsa istigʻfor riyozati, oʻz qilmishlaridan pushaymon qilishning inson uchun ruhiy jihatdan oson kechmasligi, biroq, qancha dushvor boʻlmasin, ushbu riyozatni kechinuv evaziga, ma’naviy poklikka erishmak saodatining zaruratini ta’kidlash maqsadidir. Pahlavon Mahmud hazrati hamda Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy ruboiyotining qiyosiy hamohangliklariga bagʻishlangan ushbu ixcham tadqiqotimizni yakunlar ekanmiz, har ikkala buyuk shoirning badiiy ijoddan maqsadi odamlarga ularning oʻz oʻzlarini anglash baxtini uqtirishdan, bu baxtga erishuv tufayli insoniy kamolotga va bu kamolotning mantiqiy natijasi oʻlaroq, haq diydoriga yetishmak yoʻsinlarini targʻib qilmoqdan iboratdir. Agar inson ana shunday darajaga erisha olsa, Pahlavon Mahmud hazratlarining, Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiylarning asrlar osha ustoz-shogirdlik maqomidagi joʻravozlik bilan bitgan ruboiylaridan koʻzlagan murodlari hosil boʻladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |