Prognozi. O‘tkir kataral gastrit paytida prognoz yaxshi, gemorragik gastritda hafvli yoki yomon bo‘lishi mumkin. Etiologik omillar o‘z vaqtida tugatilib, davolash ishlari olib borilmaganda yallig‘lanishning og‘ir tus olishi, surunkali kechishga o‘tishi va patologik jarayon ichaklarga ham o‘tishi mumkin.
Davolash. Kasallikning sabablari bartaraf etiladi. Katta yoshdagi hayvonlar bir sutka davomida, cho‘chqa bolalari va toylar 6-8 soat davomida och qoldiriladi. Rejadagi veterinariya tadbirlari, cho‘chqa bolalarini onasidan ajratish to‘xtatib turiladi, otlar ishdan ozod qilinadi.
Davolashning ikkinchi kunidan boshlab kasal hayvonlarga yarim och koldirish rejimida saqlanib, engil hazmlanuvchi, oshqozonni ta’sirlantirmaydigan oziqalardan kamdan-kam beriladi. Cho‘chqalarga shilimshiqli qaynatmalar, suyuq atala, sabzi, lavlagi, qaynatilgan kartoshka bir kunda 4-5 marta beriladi. Otlarga kepak va unli aralashmasi qaynatilib, sifatli o‘tlar, lavlagi, sabzi, omixta emlar beriladi. Go‘shtxur hayvonlarga sut, go‘sht qaynatmasi, suyuq bo‘tqa, maydalangan go‘sht kamdan-kam berilib, ularning miqdori ko‘paytirib boriladi.
O‘tkir gastrit og‘ir kechganda oshqozon iliq holdagi natriy gidrokarbonat (1-2%-li), natriy xlorid (1%-li), otlarda ixtiol (0,5 %li) eritmalari bilan yuviladi.
Giperatsid gastritni davolashda parhez oziqlantirish va tuz berishni chegaralashdan tashqari antatsid (kislotalikni pasaytiruvchi) vositalar, yallig‘lanishga qarshi va og‘riq qoldiruvchi dorilar qo‘llaniladi. Bu maqsadda magniy okis (kuchsizlantirlgan magneziya) yoki magniy karbonat otlarga 10-20 g, cho‘chqalarga 2-6 g, itlarga 0,2-1 g; ammoniy gidrookis (magniy okis bilan birgalikda) cho‘chqalarga 2-10 g, itlarga 0,5-5 g, suvli suspenziya holida; kalsiy karbonat (bo‘r) otlarga 10-50 g, cho‘chqalarga 2-5 g, itlarga 0,2-2 g; bentonit (kaolin) otlarga 30-100 g, cho‘chqalarga 2-25 g, itlarga 0,5-6 g; magniy trisilikat shunga mos ravishda 5-10, 1-4 va 0,5-2 g qo‘llaniladi.
Sekretsiyaning pasayishi bilan o‘tadigan gastritni davolashda dietoterapiya bilan birgalikda shifobaxsh o‘tlar qaynatmasi, osh tuzi yoki karlovar tuzi: otlarga 10-30 g, cho‘chqalarga 2-4 g, itlarga 0,5-2 g, kuniga ikki marta sun’iy yoki tabiiy oshqozon shirasi, suyultirilgan xlorid kislotasi ichiriladi. O‘tkir gastritda oshqozonning kislotaligidan ka’tiy nazar shilimshiqli vositalar - kraxmal, kanap urug‘i, altey ildizi qaynatmalari qo‘llaniladi.
Kasallik surunkali ravishda kechganda asosiy e’tibor parhez oziqlantirishga qaratiladi. Giperatsid holatlarda tuz berish chegaralanadi, gipoatsid gastritda esa aksincha ko‘paytiriladi.
Medikamentoz davolashdan tashqari stimullovchi, vikar, vitaminoterapiya va fermentoterapiya usullaridan foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |