Belgilari. Kasallikning klinik namoyon bo‘lishi oshqozonning sekretor va qisqarish funksiyasining buzilishi va shilliq pardalarning yallig‘lanish darajasi hamda ezofagogastroduodenal kompleksining individual funksional va anatomo-morfologik xususiyatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Gastritning o‘tkir kechishida simptomlar turlicha bo‘ladi: zardobli yallig‘lanish paytida belgilar umuman kuzatilmasa, ekssudativ va alterativ yallig‘lanishda klinik belgilar yaqqol namoyon bo‘ladi. Sekretsiyaning kuchaygan davrida tana harorati o‘zgarmaydi, holsizlanish va ishtahaning pasayishi asta-sekinlik bilan rivojlanadi. Kekirish paydo bo‘ladi, go‘shtxo‘r hayvonlar va cho‘chqalarda oziqa iste’mol qilingandan keyin yoki oziqlanishga bog‘liq bo‘lmagan holda qayd qilish kuzatiladi. Qayd qilingan massa tarkibida oziqalar, ko‘p miqdorda sulak va shilimshiq modda, to‘xtovsiz qayd qilinganda esa o‘t suyuqligi aralashgan bo‘ladi. Tezak qattiqlashadi, qoramtir rangda yupqa shilimshiqli parda bilan qoplangan. Qayd qilish kuzatilmaganda cho‘chqa bolalari va itlarda oshqozon sohasi og‘riqli, oshqozon gipotoniyasi va pilorospazm paytida oshqozon qattiq palpatsiya qilinganda sho‘lqillash tovushi eshitiladi. Otlarda qaytalovchi ravishda bezovtalanish, esnash, bo‘yinni cho‘zish, qoringa qarash, pilorospazm paytida sanchiq kuzatiladi.
Oshqozonning funksiyalari buzilmasdan o‘tadigan axiliya simptomlarsiz kechadi. Oziqalar hazmlanishi buzilganda peristaltika kuchayadi, gastrogen axilik diareya kuzatilib, tarkibida ko‘p miqdorda hazmlanmagan oziqalar bo‘lgan ich ketishi qayd etiladi. Holsizlanish kuchayib boradi, ba’zan tana harorati 0,5-10S ga ko‘tariladi, ishtaha pasayadi va o‘zgaradi, cho‘chqalar ko‘pincha yotadi. Og‘iz shilliq pardasi biroz sarg‘aygan, tilda ko‘kimtir pardasimon qoplama bo‘ladi, og‘izdan achqimtir hid keladi. Sut beruvchi ona cho‘chqalarda gipo- yoki agalaktiya, cho‘chqa bolalarida diareya, tashqi ta’sirotlarga befarqlik va gipodinamiya kuzatiladi. Intoksikatsiyaning kuchayishi bilan hayvonda holsizlanish kuchayib boradi, gandiraklab yurish, taxikardiya va polipnoe va degidratatsiya qayd etiladi. Cho‘chqa bolalarida tumshuq, quloqlarning uchki qismi va qorinning pastki qismining terisi ko‘kimtir rangda bo‘lib, qorin sohasida og‘riq kuchayib boradi.
Oshqozon shilliq pardasining kuchli omillar ta’sirida jarohatlanishda yallig‘lanish jarayoni 2-3 soatdan keyin rivojlanib, klinik belgilar 6-8 soatdan keyin namoyon bo‘ladi. Tezlik bilan kasallikning sabablari tugatilganda va o‘z vaqtida davolash ishlari olib borilganda kataral gastrit 3-4 kunda sog‘ayish bilan tugaydi, katta yoshdagi hayvonlarda ba’zan 8-10 kunga chuziladi.
Gemorragik gastrit kuchayib boruvchi holsizlanish, intoksikatsiya va yurak etishmovchiliklari bilan o‘tadi. Palpatsiya qilinganda oshqozon og‘riqli, qayd qilingan massa tarkibida gemorragik ekssudat bo‘ladi. Toksikozlar va yuqumli kasalliklar paytida kuzatiladigan gemorragik gastritda simptomlar noaniq bo‘ladi.
Gastrit surunkali ravishda kechganda klinik belgilar turlicha namoyon bo‘lib, asosiy sindrom - oshqozon tipidagi dispepsiya (ishtahani pasayishi va o‘zgarishi, kekirish, kasallik kuchayganda qayd qilish, oshqozonda doimiy bo‘lmagan og‘riq, sfinkterlar spazmi paytida sanchiqsimon og‘riq, otlarda tezak tarkibida hazmlanuvchi kletchatka, go‘shtxur hayvonlar tezagida biriktiruvchi va muskul to‘qimasi bo‘lishi) hisoblanadi. Oshqozon tipidagi dispepsiya bilan birga o‘rtacha darajadagi meteorizm, peristaltikaning kuchayishi, ich qotishi bilan almashinuvchi ich ketishi, oziqalar hazmlanishining pasayishi bilan xarakterlanadigan ichak tipidagi dispepsiya ham kuzatilishi mumkin. Shu bilan bir vaqtda terining elastikligi pasayadi, teri qoplamasining yaltiroqligi yo‘qoladi, shilliq pardalar oqaradi, ba’zan sarg‘ayadi. Og‘iz shilliq pardasi quruqlashgan, quyuq shilimshiq bilan qoplangan, tilda ko‘kimtir qoplama bilan qoplangan bo‘ladi. Og‘izdan qulansa xid keladi. Otlarda qattiq tanglay shilliq pardasi shishgan bo‘ladi. Kasallik bir pasayib, bir kuchayib turadi, oylab va yillab davom etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |