Chorva mollari parabronemalari. Chorva mollarida parazitlik qiladigan – Parabronema skrjabini ning uzunligi 3 mm dan 45 mm gacha boradigan tiniq qizil rangli nematoda. U kavsh qaytaruvchi uy hayvonlari va ayrim tuyoqli yovvoyi hayvonlarning oshqozonida tekinxo’rlik qiladi. Parabronemalar asosan oshqozonning pilorik qismida to’planib, shilliq pardaga kiradi, buning oqibatida gastrit kasalligi rivojlanadi. Qoramollarning parabronemoz bilan zararlanishi Qoraqalpog’iston Respublikasida 56,1 % ni, Surxondaryo viloyatida 8,1 % ni, Jizzax viloyatida 4,0 % ni, Buxora viloyatida 4,4 % ni, Navoiy viloyatida 11,1 % ni va respublika bo’yicha 28,2 % ni tashkil etadi. Parabronemalar O’zbekistonda qo’y va tuyalar orasida ham keng tarqalganligi qayd etilgan. Shu bilan birga, invaziyaning eketensivligi Qoraqalpog’iston Respublikasi bo’yicha qo’ylarda 14,2 % ga, Jizzax viloyatida 3,7 % ga, Buxoro viloyatida 17,6 % ga, Navoiy viloyatida 9,3 % ga va respublika bo’yicha 10,1 % ga boradi. Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi xo’jaliklarda hamda Qoraqalpog’iston Respublikasida parabronemalar tuyalarda ham keng tarqalganligi aniqlangan. Invaziya ekstensivligi shunga muvofiq ravishda 33,3 %, 12,8 % va 30 % ni va respublika bo’yicha 21,9 % ni tashkil etdi. Kavsh qaytaruvchi hayvonlarning ayrim turlarida parabronema yuqishida yil fasllari va ayrim hududlarda jiddiy tafovut mavjudligi qayd etilgan. Masalan, Buxoro va Navoiy viloyatlarida qorako’l qo’ylari orasida parabronema bahorda 5,7 % ni tashkil etadi, yozda esa 3,3 % gacha kamayadi, kuzda yana 7,1 % gacha ko’tariladi va qishda maksimal darajada ko’payib 27,8 % ga etadi. Qoramollarda esa parabronema asosan kuzda yana 7,1 % gacha ko’tariladi va qishda (11,1 %) ko’p qayd etilgan. Bahorda u kamaygan (7,7 %), yozda esa parabronema umuman uchramagan. Tuyalarning kasal yuqtirishi bahorda (25 %) va kuzda (30,8 %) ko’payadi, qishda u 14,3 %ni tashkil etdi, yozda 9,1 % gacha kamaydi.
Bunday qonuniyat Respublikamizning boshqa regionlarida ham aniqlangan. O’zbekiston sharoitida parabronemaning oraliq xo’jayinlari bo’lib, kichik sigir pashshasi, janubiy sigir pashshasi va kuzgi pashsha ishtirok qiladi (63-rasm). Qon so’ruvchi pashshalarning parabronema lichinkalari bilan umumiy zararlanishi 0,7 % dan 3,7 % gacha boradi.
O’zbekiston sharoitida oraliq xo’jayinlarda parabronemaning yuqumli lichinkalari aprel oyining ikkinchi dekadasida aniqlangan, bu esa MDH ning boshqa mintaqalariga nisbatan 2 oy ertaroq rivojlanadi.
Tadqiqot ishlarning natijasiga ko’ra pashshalarning kasallikni maksimal darajada yuqtirishi aprelning oxiri va may oyining boshlarida qayd etilgan, ya’ni 7,2-8,6 %. Iyun-iyulda u birmuncha pasayib (1,4-1,3 %). sentyabr, oktyabrda yana ko’tariladi (1,7-12,5 %). Urg’ochi parazit tuxum qo’yadi va bu tuxumlar hayvon go’ngi orqali tashqi muhitga chiqadi. Pashshalar ham tuxumlarini faqat hayvon go’ngiga qo’yadi. Taxminan bir sutkadan keyin pashsha tuxumlaridan lichinkalar paydo bo’ladi, ular hayvonlar go’ngini eb, parazit tuxumlarini ham yutadi. Pashsha lichinkalari ichida parabronema tuxumlaridan lichinkalar chiqadi, u hasharot tanasi bo’shlig’iga oson o’tadi, so’ngra pishsha lichinkalari pashshaga aylanishi bilan bir vaqtda parabronema lichinkalari ham rivojlanadi, pashshalar voyaga etganidagina parabronema lichinkalari yuqumli holatga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |