63-rasm. Chorva mollarining oshqozonida parazitlik qiluvchi
Parabronema skrjabini nematoda turining rivojlanish sikli sxemasi.
Chorva mollarga parabronema lichinkalari og’iz bo’lig’i orqali yuqadi. Pashshalar hayvonning ho’l va issiq lablarida o’rmalab, xartumi orqali parabronemaning yuqumli lichinkalarini chiqaradi. Chorva mollarga parabronema aprelning ikkinchi dekadasidan oktyabrning oxirigacha yuqadi, bunda kasallikning yuqish intensivligi turlicha bo’ladi. Hayvonlar gelmintlar bilan eng ko’p zararlanishi may va sentyabr-oktyabrda kuzatildi, bu vaqt qon so’ruvchi pashshalarning ko’payishi davriga to’g’ri keladi.
Demak, chorva mollarida parabronemaning keng tarqalganligi ularning cho’l sharoitiga moslashganligidan dalolat beradi. Garchi qon so’ruvchi pashshalarning parazit lichinkalari bilan zararlanish darajasi, nisbatan past bo’lasada biroq ayrim biotoplardagi bu pashshalar sonining ko’pligi bizningcha, parabronema epizootologiyasida sezilarli rol o’ynaydi. Chorva mollarni parabronemozdan davolashda fenotiazin yaxshi samara beradi. Qo’y-echkilarga har 1 kg tirik vazniga 0,1 g, qoramolga 0,2-03 g, tuyalarga 0,5-0,6 g dozada beriladi. Qorako’l qo’ylarida parabronemozning oldini olish uchun bir qator yangi preparatlar (nilverm, panakur, ivomek va moranteltartrat) sinab ko’rilgan. 16 % li nilverm eritmasi qo’y va echkilarga teri ostiga 1 kg tirik vazniga 15 mg dozada yuboriladi. Bir marta yuborilgandan keyin uning samaradorligi 87-95 % ni, ikkinchi martadan so’ng (bir sutka oralatib) 100 % ni tashkil etadi.
Ivomek-ivermektining 1 % li shaffof steril eritmasi. U teri ostiga vazni 50 kg gacha bo’lgan hayvonga 1 ml dozada bir marta yuboriladi. Preparat yuqori samarali.
Moranteltartrat suvli suspenziya ko’rinishida qo’ylarga har 1 kg tirik vazniga 10 mg normada to’qqiz kun oralatib ikki marta ichiriladi. Panakur 2,5-10 % li suspenziya va donador qilib ishlab chiqariladi. Bu preparat ilova qilingan instruktsiyaga muvofiq qo’llaniladi. Barcha preparatlar chorva mollarning boshqa oshqozon-ichak nematodozlariga qarshi ham yaxshi samara beradi.
Kasallikning oldini olish uchun qon so’ruvchi pashshalar-kasallik yuqtiruvchi oraliq xo’jayinlarni qirish uchun mart oyi oxiridan oktyabrgacha har kuni tuz yoki kontsentratsiyalangan ozuqa bilan birga albatta fenotiazin berish tavsiya etiladi. Qo’y-echkilarga har 1 kg tirik vazniga 0,00075 g, qoramollarga 0,02 g, tuyaga 0,03 g dozada berilishi kerak. Bunda hayvonlar go’ngi bilan ajralib chiqadigan fenotiazin qon so’ruvchi pashshalar lichinkalarining rivojlanishiga to’sqinlik qiladi va bu bilan parabronemoz ko’zg’atuvchisi tarqalishining oldi olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |