Stephanofilaria stilesi nematoda turining rivojlanish sikli sxemasi.
Stefanofilariyning rivojlanish tsikli quyidagicha boradi. Jinsiy etuk stefanofilariylarning urg’ochilari qoramol terisi ostida parazitlik qilib, tuxum qo’yadi. Stefanofilariozli hayvonlarda oziqlanayotgan qon so’ruvchi pashshalar parazitning tuxumlarini yutib yuboradi. Pashshalarda parazit tuxumlaridan lichinkalar rivojlanadi, ular hasharotning xartumchasiga etib keladi va pashshaning navbatdagi oziqlanishida xartumchadan asosiy xo’jayini-qoramolning terisiga o’tadi. Muntazam olib borilgan tadqiqotlarning natijasiga ko’ra, oraliq xo’jayin organizmdagi stefanofilariy lichinkalari 26-30o S issiqda 25-27 kunda invazion davrga yetadi.
Qon so’ruvchi pashshalar bahor, yoz, kuz fasllarida, asosan may va sentyabr oylarida stefanofilariy tuxumlari bilan zararlanadi.
Definitiv xo’jayinlarning stefanofilariy bilan zararlanishini aniqlash uchun qoramollardan olingan qariyb 3500 ta teri namunalari tekshirildi. Ma’lum bo’lishicha, hayvonlarning stefanofilariy bilan zararlanishi yil fasllariga bog’liq bo’ladi va respublikamizning turli hududlarida jiddiy farq qiladi. O’zbekistonning tadqiq qilingan hamma tumanlarida stefanofilarioz topilgan.
Qoramollarning stefanofilarioz bilan zararlanishi respublikamizning turli mintaqalarida 5 % dan 78 % gacha o’zgarib turdi. Qoramollarning zararlanishi dinamikasida ham yil fasllari va landshaftga qarab jiddiy tafovut qilishi qayd etilgan. Masalan, cho’l zonasida mollarning eng ko’p kasal yuqtirishi yoz va qish fasllarida, tog’ oldi va tog’ zonasida esa bahor va kuzda ro’y beradi.
Bizning fikrimizcha, cho’l zonasida mollarning yozda eng ko’p zararlanishi ularning bahorda kasal yuqtirishi tufayli, qishda esa kuzda zararlanishi natijasida sodir bo’ladi. Tog’ oldi va tog’ zonasida boshqacha manzara ko’zga tashlanadi. Bu erlarda mollar asosan yozda zararlanadi, buning natijasida kasallikning eng zo’rayishi kuzda qayd etiladi. Qoramollar kuz boshida ham zararlanishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, stefanofilariy invaziyasining bahorda yuqori darajada bo’lishi mollarning oldingi yilning yoz-kuz fasllarida zararlanishi natijasidir. Stefanofilarioz dinamikasidagi qayd etilgan tafovutlar O’zbekistonning ekologik sharoitlariga, shuningdek, oraliq xo’jayinlarining bioekologik xususiyatlariga ham bog’liq bo’ladi. Bahorda mollar tekshirilganda ularda asosan jinsiy etuk stefanofilariylar va parazit tuxumlari topilgan, yozda esa jinsiy etuk stefanofilariylar birmuncha kamayib, invazion lichinkalar ko’paygan. Kuzda va qishda mollarning zararlangan teri qismlarida asosan ichida to’liq tuxum va lichinkalari bor jinsiy etuk stefanofilariylar uchraydi.
Demak, stefanofilarioz kuchli darajada va xronik holda ro’y beradi. Kasalning kuchli formasi bahor oxiri va yozda sodir bo’ladi, buni stefanofilariyning lichinkali xili deyiladi. Bu holda seroz-gemorragik eksudat ko’plab ajraladi va o’sha joy qattiq qichiydi va natijada mol bezovtalanadi.
Kasallikning kuchli formasi kuz va qishda xronik holatga o’tadi, bu paytda barcha stefanofilariylar jinsiy etuk davrga aylanadi. Bu holatda terining shikastlangan qismlari och kul rang tusga kirib qoladi. Shu bilan birga mollar ham bezovtalanmaydi, lekin ularning organizmida parazitlarning mavjud bo’lishi salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Stefanofilyarioz kasalligiga yo’liqqan qoramollarni davolash uchun ko’plab miqdorda preparatlar sinab ko’rilgan. 40 % li xlorofos malhami eng samarali hisoblanadi. Uni terining shikastlangan qismlariga surtiladi. Har bosh molga 10 g preparat sarflanadi.
Yaylov mavsumida mazkur dori ishlatilsa terapevtik samara olishdan tashqari hayvonlarning qayta zararlanishiga ham barham beriladi, chunki preparatning insektitsid sifatida ta’sir qilishi 20-25 kungacha davom etadi. Shu bilan birga necha bor dorilanishi pashshalarning tabiatda qancha vaqt yashashiga qarab belgilanishi lozim. Tadqiqotlarning ko’rsatishicha, O’zbekiston sharoitidagi yaylov mavsumida qoramol terisining zararlangan joylarini 3-4 marta dorilash kifoyadir. Shuningdek, terining zararlangan joylarini neguvanning 2-3 % li eritmasi bilan dorilash tavsiya etiladi.
Kasallikning oldini olish uchun stefanofilyariyning oraliq va definitiv xo’jayinlarini bog’laydigan vositalarni yo’qotishga imkon beradigan tadbirlarni amalga oshirish lozim. Bunda yaylov faslida sigir pashshasi va kuzgi pashshalarga qarshi kurash ishlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ular respublikamiz sharoitida aprelda ucha boshlab, noyabrda to’xtaydi. Pashshalarni yo’qotish maqsadida mollarga fenotiazin ediriladi. Qoramol uchun sutkalik dori miqdori tirik vaznining har bir kg hisobiga 0,02 g ni tashkil qilishi kerak. Bu preparat tuzga yoki emga aralashtirib beriladi. Qoramolning tezagi bilan tushgan fenotiazin sigir pashsha va kuzgi pashshalarning lichinkalariga qarshi ham hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |