Falan, filan, falanca, filanca, şey, şeyi, şeyisi so’zlari ham yakka holda qo’llanganda gumon olmoshi vazifasini bajaradi.
-ki sifat va olmosh yasovchi qo’shimcha bilan yasalgan so’zlar ham gumon olmoshlari singari qo’llanadi: öteki, beriki, deminki, alttaki, dağdaki, benimki, seninki va hok.
12-MAVZU. RAVISh VA UNING TURLARI (ZARF VE ONUN ÇEŞİTLERİ)
Mavzuning o’quv maqsadi: turk tilidagi ravish va uning ma’no turlari haqida tushuncha hosil qilish.
Tayanch so’z va iboralar: Ravish va uning turlari (Zarf ve çeşitleri), Ravishlarning ma’no va tarkib xususiyatlari (Zarfların anlam ve yapı özellikleri ve çeşitleri), Juft so’zlar shaklidagi ravishlar va ularning xususiyatlari (Çift kelime (tekrar) şeklinde olan zarfların özellikleri), Payt ravishlari (Zaman zarfları), O’rin ravishlari (Yer ve Yön Zarfları), Miqdor ravishlari (Miktar zarfları), So’roq ravishlari (Soru Zarfları).
Nutqda fe’llar va sifatlardan oldin kelib, ular ifodalagan ish-harakat yoki predmet belgisini izohlovchi, o’zgartiruvchi so’zlar turk tilshunosligida ravishlar (zarflar) deyiladi. Turkiyadagi maktab dasturlarida ravishlar belirteçler ham deyiladi. Shuningdek, turk tilshunosligida ravishlarning joy, vaqt (zamon), holat va miqdor nomlari ekanligi ham aytiladi (geç kalmak, pek çirkin, az tuzlu).
Turk tilshunosligida sifatlar yakka holda bir ot deb qaralgani kabi, ravishlar ham alohida olinganda bir ot bo’lishi, faqat boshqa so’zlar bilan munosabat holatidagina u ot yoki sifat emas, ravish o’laroq namoyon bo’lishi ta’kidlanadi. Buning boisi, ravishlarning nutqda ot yoki fe’llar kabi nutqda alohida qo’llanmasligidir.
Turk tilida hemen, şimdi, çok, az, az çok, en çok, biraz, son derece, sabaha karşı, önce, sonra, çabuk, hızlı, yavaş, ileri, geri, birden bire, ansızın va boshqa bir qancha so’zlar ravishlar hisoblanadi.
Ravishlarning birikmalarda sifat va ravishlardan oldin kelib, ularning ma’nosini o’zgartirishi aslida sifatga xos xususiyat, vazifa hisoblanadi. Masalan, çok güzel yazı, pek çok güzel birikmalaridagi çok va pek so’zlarini ba’zi olimlar ravish deb, ba’zilari esa sifat deb atashgan.
So’z birikmasi ichida ravishlar fe’l (yukarı cıkmak) yoki sifat (pek güzel) ning ta’siri ostida bo’ladi. Ravishlar asl fe’ldan oldin kelib, unga ta’sir etuvchi va ma’nosini o’zgartiruvchi joy, vaqt, miqdor nomlarini bildiradi. Ular fe’l bilan munosabat o’rnatishda tuslanmaydi yoki turlanmaydi. Masalan: ileri gitmek birikmasida ileri so’zi ravish bo’lsa, ileriye gitmek birikmasida ileriye so’zi ravish emas, kelishik qo’shimchasi olgan ot hisoblanadi.
Turk tilshunosligida ravishlarning, asosan, to’rt turi ajratiladi: o’rin ravishlari (yer, yön zarfları), payt ravishlari (zaman zarfları), holat ravishlari (hal zarfları), miqdor ravishlari (azlık-çokluk zarfları). Undan tashqari, ba’zi turk tilshunoslari ravishlarning beshinchi turi - so’roq ravishlari (soru zarfları) ni ham ajratadilar.
Quyida ravishlarning turlari birma-bir ko’rib chiqiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |