Aholi geografiyasi iqtisodiy va sotsial geografiyaning tarkibiy qismi bo’lib, aholi sonining tadrijiy uzgarishlari, joylashuvi, tarkibi va aholi manzilgohlarini o’rganadi,
Iqtisodiy geografiyaning zamonaviy iqtisodiy va sotsial (ijtimoiy) geografiyaga aylanishida aholi geografiyasi katta rol o’ynadi. SHu bilan birga, ko’pchilik olimlar aholi geografiyasini butunlay mustaqil fan sifatida iqtisodiy geografiya bilan yonma-yon qo’yadilar. Bunda, ular ushbu fanlarning tadqiqot predmetlarini bir — biridan aniq farqlanishini sabab qilib ko’rsatadilar.
SHuni alohida ta’kidlash joizki, bevosita aholi (jamiyat) va uni ijtimoiy rivojlanishining hududiy muammolarini o’rganuvchi ijtimoiy geografiyaning vujudga kelishida aholi geografiyasi nazariy — metodologik asos vazifasini o’taydi.
Iqtisodiy va aholi geografiyasining o’zaro birlashuvidan iqtisodiy va sotsial geografiya vujudga keldi. Ushbu jarayonda aholiniig qanchalik muhim ahamiyatga ega bo’lishini N.N.Baranskiy quyidagicha ifodalagan edi: — «iqtisodiy geograf shuni unutmaslikligi kerakki, aholi nafaqat ishlab chikaruvchi, balki, iste’molchi hamdir va shunday qilib iqtisodiyot boshdan oyoq aholi bilan bog’langan».
Ijtimoiy xususiyatlariga ko’ra aholi: a) ishlab chiqarishning sub’ekti; b) moddiy va ma’anaviy boyliklarning iste’molchisi; v) takror barpo bo’luvchi; g)tabiat va xo’jalik o’rtasidagi aloqa va o’zaro ta’sirning bosh bo’g’ini kabi sifatlarga ega.
Aholi geografiyasining rivojlanishi iqtisodiy geografiya bilan chambarchas bog’liq bo’lib, o’tgan asrning 40 -yillariga to’g’ri keladi. Bunda avvalo N.N.Baranskiy va R.M.Kabolarning xizmatlarini ta’kidlash kerak.
Hozirgi davrda aholi geografiyasida tadqiqotlarning ikki yo’nalishi aniq shakllangan. Bularga, birinchidan, aholini o’zini o’rganish va ikkinchidan, aholi manzilgoxlarini tadqiq qilish kiritiladi. Bu ikki yo’nalish bo’yicha olib boriladigan tadqiqotlar dunyo miqyosida va uning ayrim mintaqalari, alohida mamlakatlar doirasida ham shuningdek, shahar aglomeratsiyalari, shaharlar, alohida olingan aholi manzilgoxlaridan tortib siyosiy — ma’muriy va iqtisodiy birliklar miqyosida ham amalga oshiriladi.
Aholi geografiyasi iqtisodiy va sotsial geografiya va boshqa turdosh fanlarning tadqiqot usullaridan keng foydalanadi. U mohiyatan aholishunoslik va demografiya bilan juda yaqin turadi.
Hozirgi davrda aholi geografiyasi tarkibida quyidagi asosiy yo’nalishlarni ajratib ko’rsatish mumkin:
aholi sonining tadrijiy o’zgarishlari,
joylashuvi va uning shakllari;
aholining takror barpo bo’lishi;
aholining etnik, jins —yosh va ijtimoiy tarkibi mehnat resurslari;
aholi migratsiyasi;
irqlar va dinlar geografiyasi.
Aholi bir vaqtniig o’zida ham ishlab chiqaruvchi, hamda moddiy — ma’naviy ne’matlarning iste’molchisidir. SHu bilan birga, aholi barcha ijtimoiy jarayonlarning boshqaruvchisi ekanligini ham unutmaslik lozim. Aholining bunday jihatlari o’z navbatida, uni nafaqat takror barpo bo’lishi, balki iqtisodiy jihatdan ham avvalroq tadqiq etilishiga asos bo’ladi. Umuman olganda, aholi geografiyasi iqtisodiy va sotsial geografiyaning yaxshi o’zlashtirilgan tarmoqlaridan biridir.
Hozirgi davrda aholi geografiyasi oldida turgan vazifalarning nazariy, amaliy, ta’limiy jihatlarini ajratib ko’rsatish mumkin. Umumnazariy vazifalariga: jamiyat rivojlanishining umumiy qonunlari mohiyatini anglashga yordam beruvchi aholining joylashuvi va uning tabiat bilan o’zaro ta’siri, takror barpo bo’lishi qonuniyatlari va jarayonlarini o’rganish; 2) amaliy vazifalariga: ko’pgina amaliy vazifalarni bajarish: aholi sonini xisobga olish; mehnat balanslarini tuzish; aholi migratsiyasini o’rganish va uning kelajak o’zgarishlarini bashorat qilish; 3) ta’limiy jihatlariga: aholi geografiyasi bo’yicha bilimlarni ommalashtirish.
Sobiq Ittifoq davridan boshlab, geograf olimlarning ko’pchilik qismi aholi geografiyasini iqtisodiy va sotsial geografiyaning muhim tarmog’i deb hisoblaydilar. SHuningdek, uni mustaqil fan sifatida qarovchilar ham mavjud.
Zamonaviy iqtisodiy va sotsial geografiya fanlari tizimida, aholi geografiyasi uning «iqtisodiy» hamda «sotsial» qanotlari orasidagi ko’prik vazifasini o’taydi. Demak, aholi geografiyasi xo’jaliklar va tabiiy resurslar geografiyasi bilan o’zaro chambarchas bog’liq. SHuningdek, u tabiiy geografiya, mamlakatshunoslik va kartografiya fanlari bilan ham boklangan.
Ijtimoiy fanlardan quyidagilar aholi geografiyasi bilan aloqador: demografiya (grekchadan demos — «xalq»), ya’ni aholini takror barpo bo’lishini o’rganadi); etnografiya (grekchadan etnos— «qabila», «xalq», ya’ni qabila, millat, etnoslarning kelib chiqishi hamda ularning madaniyati va hayot tarzini o’rganadi); antropologiya (grekchadan antropos — «odam», ya’ni inson jismi va uning kelib chiqishi va shuningdek, insoniyat irqlarini kelib chiqishi va tarqalishi haqidagi fan); sotsiologiya (lotincha sotsialis — «umumjamiyat», ya’ni jamiyatni rivojlanish qonunlari, aholi guruxlari o’rtasida xayot va mehnat faoliyati jarayonida vujudga keluvchi munosabatlar haqidagi fan); ekologik (grekcha oykos—«uy, yashash joyi», ya’ni insonning atrof — muhit bilan o’zaro munosabatlarini o’rganadi); rekreatsiya geografiyasi (lotincha rekreatsio — «tiklash» ya’ni aholining dam olishini barcha turlarini o’rganadi).
Yuqoridagilardan tashqari, aholi geografiyasi bilan tibbiyot geografiyasi, mehnat iqtisodiyoti, sotsial gigiena, shaharsozlik va rayon planirovkasi kabi fan tarmoqlari ham to’g’ridan —to’g’ri bog’langan.
Aholi geografiyasi ijtimoiy geografiyani shakllanishida poydevor bo’ldi. CHunki, ijtimoiy geografiyani inson yoki aholisiz tassavvur etib bo’lmaydi. Ijtimoiy geografiyaning diqqat markazida doimo aholi va uning ijtimoiy extiyojlari, munosabatlari yotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |