XX asr 30-yillarida Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar.
Afg‘oniston ikkinchi jahon urushi yillarida.
Usmoniylar imperiyasi Birinchi jahon urushi oxirlarida.
Syevr shartnomasi. Birinchi jahon urushida Usmoniylar imperiyasi Antanta mamlakatlariga qarshi Kayzer Germaniyasi tarafida turib urush olib bordi. Yosh turklar hukumati siyosiy yo‘nalishning bu to‘liq o‘zgarishidan davlatni bundan buyon ham puturdan ketishini oldini olish va ayni vaqtda g‘arbiy Yevropa davlatlarining taslimchilik rejimidan qutulishni ko‘zlagan edi. Biroq to‘rt yillik urush harakatlari Usmoniylar imperiyasini halokatga, turk xalqini esa milliy falokat chegarasiga olib kelib qo‘ydi.
1918 yil 30 oktabrda sultonlik hukumati Antanta davlatlari oldida taslim bo‘lishga majbur bo‘ldi. Yosh turklarning yetakchilari chet ellarga qochib ketdilar, ularning partiyasi o‘z-o‘zidan tarqalib ketdi. Mudros yarash bitimiga ko‘ra sulton hokimiyati ostida Turkiyaning hozirgi hududlarigina qoldirilgan edi. Shuningdek imzolangan hujjat mamlakatni bo‘lib tashlash imkoniyatini yaratardi. Tez orada bu xavfli reja amalga oshirila boshladi. Urush vaqtida bosib olingan hududlardan tashqari inglizlar amalda Mosul va Aleksandretni okkupatsiya qildilar, italyanlar Antaliyani va qo‘shni okruglarni egalladilar, yunonlarga Izmirni egallashga ijozat berildi. Yuzaga kelgan sharoitlarda milliy davlat asoslarini qaror toptirish, Turkiyani bo‘lib tashlash bo‘yicha Antanta mamlakatlarining rejalariga muqobil bo‘lgan to‘g‘ri yo‘l edi.
Anatoliyada avj olib ketgan turk xalqining ozodlik kurashiga 1918-1923 yillarda general Mustafo Kamol (Otaturk 1880-1938) boshchilik qildi. Ilgari u yosh turklar harakatida faol qatnashgan, keyinroq esa xalq orasida omadli harbiy qo‘mondon va turk millati suvereniteti uchun tolmas kurashchi sifatida tanildi va obro‘-e’tibor qozondi. Yunon qo‘shinlarini 1919 yil mayida Izmirga tushirilgani haqidagi xabar uni qat’iy harakat qilishga undadi. Mustafo Kamol Otaturk Anatoliyaga jo‘naydi va tez orada ajnabiy interventlar va sotqin sultonlik hokimiyatiga qarshi urushning rahbari bo‘ladi.
Mustafo Kamol Otaturk tarafdorlari o‘zlarini kamolchilar deb atadilar. Anqarada 1920 yil 22 aprelda o‘zini mamlakatdagi yagona hokimiyat deb e’lon qilgan yangi parlament – Turkiya Buyuk milliy majlisining chaqirilishi kamolchilar rejalarining amalga oshirilishida muhim bosqich bo‘lib qoldi. TBMM 85-sonli asosiy tashkilotlar to‘g‘risida deb atalgan qonunni qabul qildiki, u Turkiyaning (to 1924 yilga qadar) amalda muvaqqat konstitutsiyasi bo‘lib qoladi. Unda oliy hokimiyat har qanday cheklovlarsiz xalqqa tegishli ekanligi e’lon qilingan edi. Butun qonun chiqarish va ijro etuvchi hokimiyat Turkiya Buyuk milliy majlisiga, parlament nomidan esa uning hukumatiga berilgan.
Kamolchilarning qonun chiqarishi faoliyati turk xalqining ozodlik kurashining ko‘tarilishi asnosida o‘tdi. 1920 yil martida ittifoqchilar Istambulni okko`patsiya qilib parlamentni tarqatib yuborib, undan keyin esa Turkiya Buyuk milliy majlisiga qarshi mamlakatda o‘z hokimiyatini tiklash uchun Mexmed VI tomonidan yig‘ilgan xalifa armiyasini yubordilar. Biroq bu tez orada uning tashkilotchilari umidlarini ro‘yobga chiqara olmasligi ayon bo‘lib qoladi. Shunda kamolchilarga qarshi yunon armiyasining muntazam qismlari tashlandiki, ular tomonidan Sharqiy Frakiya va G‘arbiy Anatoliyani anchagina qismi egallanadi. Turklarning qurolli qarshilik ko‘rsatishi tugadi degan hayolga borgan Antanta yetakchilari 1920 yil avgustida sultonga Turkiyani parchalab tashlashni rasman mustahkamlashga chaqiruvchi Syevr tinchlik shartnomasini tiqishtiradilar. Uning shartlariga ko‘ra, Turkiya amalda Angliya, Fransiya, Italiya va Yunoniston tomonidan bo‘lib olinishi ko‘zda tutildi. Mamlakatning shimoli-sharqi Armanistonga o‘tishi, janubi-sharqda kurd davlatini tuzish (Angliya protektorati ostida) mo‘ljallandi. Turkiyaning shu tariqa mustaqil davlat sifatida amalda yo‘q bo‘lib ketish xavfi yuzaga keldi.