Afg‘onistonning mustaqillik uchun urushi.
Birinchi jahon urushi oxiriga kelib Afg‘onistonda milliy ozodlik harakati avj oldi. Afg‘onistonda inglizparast amir Xabibullaxon hukumatiga nisbatan xalqning nafrati va g‘azabi o‘sib bordi, uning mamlakat m
ustaqilligini poymol etgan siyosatini qoralovchi kuchlar paydo bo‘ldi. Xabibullaxon siyosatiga qarshi muxolifatga yosh afg‘onlar harakati tarafdorlari boshchilik qilardi. Bu harakat safida ilg‘or ruhdagi ofitsyerlar, hukumat amaldorlari, milliy safdogarlar va birmuncha liberal kayfiyatdagi zamindorlar birlashgan bo‘lib, ular mamlakat mustaqilligiga erishish, konstitutsiya joriy etish, ayrim fuqarolik huquqlarini e’lon qilish, markaziy hokimiyatni kuchaytirish talablarini ilgari surdilar. Amirning o‘g‘li Omonullaxon shu harakatni qo‘llab-quvvatlardi. Harakat asosan mulkdor doiralar manfaatlarini ko‘zlasa-da, lekin ilg‘or ijtimoiy-siyosiy talablari tufayli xalq ommasi ishonchi va qo‘llab-quvvatlashiga sazovor bo‘lgan edi.
1918 yil o‘rtalarida amir Xabibullaxonga suiqasd uyushtirganligi mamlakatdagi progressiv arboblarni qattiq ta’qib qilish uchun bahona bo‘ldi. Buning ustiga amir harbiylar maoshini kamaytirdi, turli xil soliqlarni oshirdi.
1919 yil 21 fyevralda amir takror uyushtirilgan suiqasd natijasida Jalolobodda o‘ldirildi. Mamlakatda ikki hokimiyat paydo bo‘ldi. Inglizlar tarafdorlari bo‘lgan saroy ahllari Xabibullaxonning ukasi Nasrullaxonni Jalolobodda amir qilib ko‘tardilar. Qobulda esa harbiy gornizon va aholi yordamida Omonullaxon amir deb e’lon qilindi. Omonullaxon hukumati darhol 28 fyevralda Afg‘onistonni mustaqil davlat bo‘lishi to‘g‘risida manifest chiqardi.
1919 yil 27 fyevralda qo‘shni sobiq RSFSR hukumati mustaqil afg‘on davlatini taniganligini e’lon qildi. Angliya 1919 yil mayida o‘zining 340 ming kishilik qo‘shinlarini Afg‘oniston chegarasiga to‘pladi. Afg‘oniston bunga qarshi 60 ming kishilik armiyani qarshi qo‘ya olardi. Shunday qilib, uchinchi ingliz-afg‘on urushi boshlanib ketdi. Saflari xalq lashkarlari bilan to‘ldirilgan afg‘on armiyasi ingliz bosqinchilariga qarshi qattiq kurash olib bordi. O‘rta Osiyoda RSFSR armiyasining ingliz interventlariga qarshi muvaffaqiyatli harakatlari Afg‘onistonni inglizlarga qarshi urushida qulay sharoitlar yaratdi. Angliya mustamlakachilariga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan pushtum qabilalari hind-afg‘on chegaralarida afg‘on qo‘shinlariga faol harbiy yordam ko‘rsatdilar. Ingliz bosqinchilarining ahvoli Hindistonda milliy ozodlik harakatini ko‘tarilishi bilan murakkablashdi. Urush davomida inglizlar tomonidan zo‘rlab safarbar etilgan ko‘p hind askarlari bosqinchilikda qatnashishdan bosh tortib, qurollari bilan afg‘onlar tomoniga o‘tib ketdilar. Shu paytda Afg‘oniston halqaro vaziyatning o‘zi uchun qulay bo‘lganidan foydalanib, butun kuchni Hindiston chegarasidagi inglizlarga qarshi qaratdi. Ingliz qo‘mondonligi odam soni, harbiy texnikaviy ustunligiga qaramay yarash bitimini tuzishga majbur bo‘ldi. 1919 yil avgustida Revalpindida dastlabki tinchlik shartnomasi imzolandi. Shartnoma ko‘ra, Afg‘oniston mustaqilligi tan olindi. 1921 yil noyabrida Angliya uzil-kesil ingliz-afg‘on tinchlik shartnomasini tuzishga va Afg‘oniston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatishga majbur bo‘ldi. Afg‘oniston boshqa bir qancha mamlakatlar bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |