4. Afg‘oniston ikkinchi jahon urushi yillarida. Yevropada urush boshlangandan keyin 1939 yil sentabrda Afg‘oniston hukumati betaraflik siyosatini o‘tkazish yo‘lini e’lon qildi. Shunga qaramay, nemis va italyan agenturasi Afg‘onistonda uning hududidan antisovet qo‘poruvchilik, shuningdek afg‘on-hind chegarasidan harbiy ig‘vogarliklar tashkil qilishda foydalanishga harakat qilib ko‘rdilar. Bunday hatti-harakatlar gitlerchilar Germaniyasining sobiq SSSRga hujumidan keyin keskin kuchaydi.
1941 yilning oktabrida Afg‘oniston hukumati Angliya va SSSR hukumatlarining murojaatlari munosabati bilan mamlakatdan Germaniya va Italiya elchixonalari a’zolari bo‘lmagan nemis va italyan fuqarolarini chiqarib yubordi. 1941 yil noyabrida bo‘lgan Qobulda yig‘ilgan Katta jirg‘a (aholi vakillari yig‘ilishi) Afg‘onistonni betaraflikka rioya qilishda qat’iyligini bildirdi. Butun urush yillarida Afg‘oniston betaraflik siyosatiga amal qilib keldi.
Afg‘oniston urushda bevosita ishtirok etmaganligiga qaramay, jahon xo‘jalik aloqalarini izdan chiqishi tafayli birmuncha iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirdi. Keng iste’mol sanoat mahsulotlari importini keskin qisqarishi ularni ko‘plab yetishmovchiligiga va narxlarni o‘sishiga olib keldi. Moliyaviy ahvol ham yomonlashdi. Chunki davlat byudjeti daromadlarini anchagina qismini tashkil qilgan bojxona tushumlari keskin qisqarib ketdi. Qog‘oz pullarini ko‘plab chiqarilishi inflyasiyani keltirib chiqardi. Mamlakatdagi mavjud ijtimoiy shart-sharoitlar afg‘on dehqonlariga 1943-1944 yillarda qurg‘oqchilik, shuningdek 1944-1945 yil qishidagi misli ko‘rilmagan sovuqlar oqibatlarini yengib o‘tishni qiyinlashtirdi.
Urush davrida mustamlakachilar Afg‘onistonning iqtisodiy qiyinchiliklaridan mamlakatda o‘z mavqelarini mustahkamlash uchun foydalanishga urindilar. Angliya sarmoyadorlari afg‘on savdogarlari uchun Britaniya Hindistoni bilan savdo-sotiq shart-sharoitlarini yomonlashtirdilar.
MUSTAXKAMLASH UCHUN SAVOL: 1. Turkiyada nima sababdan Mustafo Kamol faoliyati juda yuqori baholanadi?
2. Mustaqillik e’lon qilingandan so‘ng Turkiyada qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ldi?
3. Eronda Rizoshoh Pahlaviy boshqaruvi qanday o‘zgarishlarga olib keldi?
4. 1919 yilgi mustaqil urushida afg‘on xalqining g‘alaba qozonishi omillari nimalardan iborat?
5. Omonullaxon davridagi o‘zgarishlarni Nodirshoh, Zohirshoh o‘tkazgan siyosat bilan qiyosiy tahlil qiling?