Mamlakatni birlashtirishga qaratilgan urushlarni nihoyasiga yetkazib, Ibn Saud markaziy hokimiyatni mustahkamlashga kirishadi. Konservativ kayfiyatdagi ruhoniyat va urug‘-qabila yuqori tabaqasi qarshiligini bartaraf etib, Ibn Saud avto-yo‘l transport va radiotelegraf aloqasini rivojlantirish yo‘lini tutadi. U qabila boshliqlarining ta’sirini bo‘shashtirishga qabilalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga chek qo‘yish, joylardagi hukumat amaldorlari hokimiyatini mustahkamlashga alohida e’tibor beradi.
Ammo bularning barchasi qabila boshliqlarining separatistik tendensiyalarini kuchaytiradi. Ingliz mustamlakachilarining yordami va fitnalari bilan bir necha bor feodal isyonlari ko‘tariladi. Avtomobil yo‘llarini qurilishi bilan an’anaviy yuk tashish transportini tushkunlikka uchrashi, ko‘chmanchilik xo‘jaligini inqirozga uchrashi va unda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jahon bazoridagi narxlarini tushib ketishi bilan ahvoli yomonlashgan qabilalarning oddiy a’zolari qabila shayxlarining hukumatga qarshi chaqiriqlari ta’siriga osonlik bilan tushib qola boradilar. Qo‘zg‘olonchilarga katta miqdordagi qurollar va o‘q-dorilar Angliya hokimiyati ostida bo‘lgan arab mamlakatlaridan keltirilar edi. Ichki siyosiy keskinlik ayniqsa 1929-1933 yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi yillarida keskinlashadi. Bu yillarda mamlakatning asosiy pul tizimi bo‘lib xizmat qilgan kumushning qadri tushib ketadi.
Qabila boshliqlarining isyonlari ingliz mustamlakachilarining ig‘vogarlari bilan kelib chiqqan Yaman bilan urushga qo‘shilib ketadi. Asosini ixvanlar tashkil etgan Ibn Saudning armiyasi feodallar lashkarlari ustidan g‘alaba qozonadi. XX asrning 30-yillari o‘rtalariga kelib qo‘shni davlatlar bilan tuzilgan bir qator ahdlashuvlarga ko‘ra Iroq, Yaman, Quvayt va Transiordaniya bilan chegaralar va demarkatsiya liniyalari belgilandi. Ikkinchi jahon urushi boshlanishiga kelib, qo‘shni arab mamlakatlari bilan munosabatlar mamlakatni birlashtirish uchun olib borilgan urushlar davridagi o‘z keskinligini yo‘qotdi.
Ingliz mustamlakachilarining tajovuzkorona niyatlari bilan kurashda o‘z mustaqilligini zo‘r berib himoya qilib, iqtisodiy jihatdan qoloq bo‘lgan Saudiya Arabistoni chet el kompaniyalarining iqtisodiy ekspansiyasi ob’yekti bo‘lib qoladi. Neft boyliklarini o‘zlashtirishga 66 yil muddatga 1933 yili konsessiya olgan AQSH kompaniyalari muhim yutuqlarga erishdilar. Bu konsessiya keyinchalik qudratli neft imperiyasiga aylangan “Aramko”ning kurtagi edi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida, 1941 yili Saudiya Arabistoni Germaniya va Italiya bilan diplomatik munosabatlarni uzadi. Garchi Saudiya Arabistoni ikkinchi jahon urushining harbiy harakatlarida ishtirok etmagan bo‘lsada, urush mamlakatning iqtisodiy ahvoliga og‘ir ta’sir qiladi. Davlat g‘aznasining o‘sha vaqtdagi asosiy daromadlari manbaidan biri bo‘lgan islom dinining muqaddas shaharlari Makka va Madina shaharlariga xaj ziyoratini amalga oshirilishi sezilarli darajada qisqarib ketadi. Tashqi savdo operatsiyalari keskin kamayadi.
Saudiya Arabistonining qiyinchiliklaridan foydalanib, Angliya mustamlakachilari ham o‘z ekspansiyalarini sezilarli darajada kuchaytirdilar. 1942 yili Angliya Saudiya Arabistoni bilan ittifoq shartnomasini tuzilishiga erishib, mamlakatning iqtisodiy va moliyaviy boshqaruv organlarida anchagina imtiyozlarni qo‘lga kiritadi. Biroq amerikalik sarmoyadorlar neft konsessiyasi to‘g‘risidagi ahdnomaga tayanib, ustuvor pozitsiyalarni ushlab turdilar. 1943 yili ular konsessiya viloyati markazi – Dahranda aviatsiya bazasini qurishga muvaffaq bo‘ladilar.