Misr jahon iqtisodiy inqirozi yillarida.
1929-1933 yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi Misr iqtisodiyotiga og‘ir zarba berdi, birinchi navbatda paxtachilik sohasi katta zarar ko‘rdi. Paxta sotish keskin qisqarib ketdi. Yer solig‘i ilgarigi darajada qolaverdi. Agar inqiroz sanoat inqiroziga qo‘shilib, ko‘plab mayda va o‘rta korxonalar o‘z faoliyatlarini to‘xtatdilar. Ishsizlik yuqori darajaga etdi, ishchilarning real ish haqlari keskin qisqardi. Biroq xorijiy kompaniyalar inqiroz bo‘lishiga qaramay, o‘z aksionyerlariga katta miqdorda divident to‘lashda davom etar edilar. 1930 yili joriy qilingan, oshirilgan bojxona ta’rifi ingliz mustamlakachilari tomonidan foydalanilgani holda, bunga muvofiq metropoliyada ishlamay to‘xtab yotgan ba’zi to‘qimachilik korxonalari Misrga ko‘chirib keltirildi. Shuningdek, boshqa chet el kompaniyalari ham yangi bojxona ta’rifi afzalliklaridan foydalanib, Misrga sarmoya kiritishni ko‘paytirdilar. Ishsizlarning ulkan armiyasi va ishchi kuchining mutlaqo suv tekinligi xorijiy sarmoya kiritilishini o‘sishiga imkon berdi. 1931 yili ingliz-fransuz shakar tresti mamlakatdagi shakar ishlab chiqarish va uni sotishga bo‘lgan monopol hukmronlikni qo‘lga kiritdi.
Shunday qilib, inqiroz aholining asosiy qatlamlari ahvoliga og‘ir ta’sir ko‘rsatdi. Mustamlakachilar iqtisodiy inqirozning butun og‘irligini mustamlaka va qaram mamlakatlarning aholisi zimmasiga yuklab, zo‘r berib inqirozdan chiqishga intildilar. Misr xalqi mustamlakachilik talonchiligiga qarshi ozodlik kurashining yangidan yuqori pog‘onaga ko‘tarish bilan javob berdi. Angliyaning leyboristik hukumatini Misrga yangi asoratli shartnomani tiqishtirishga bo‘lgan urunishi unga bahona bo‘ldi. Shartnoma loyihasi shunday norozilik uyg‘otdiki, natijada 1930 yili bosh vazir bo‘lgan, vafdchilar yetakchisi Naxxas-poshsha shartnomani qabul qilishdan bosh tortishga majbur bo‘ldi. Shunda qirol Fuad Angliyaning yordami bilan parlamentni tarqatib yubordi va Naxxas-poshsha hukumatini hokimiyatdan chetlashtirdi. Yangi hukumatga chet el moliya sarmoyasi bilan aloqada bo‘lgan, zamindorlar va Misr yirik burjuaziyasi vakili Ismoil Sidqi-poshsha boshchilik qildi.
Ismoil Sidqi-poshsha reaksion rejimini o‘rnatilishi Misr ishchilarining shunday ham og‘ir bo‘lgan ahvolini xaddan tashqari yomonlashtirgan iqtisodiy inqiroz bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Butun mamlakat bo‘ylab ishchilarning mustamlakachilikka qarshi ruhdagi shiorlar bilan, ashaddiy reaksionyerlardan iborat hukumat tuzilishiga qarshi norozilik bildirishlari, shuningdek ish haqini oshirish talablari bilan chiqishlari sodir bo‘ldi. 1930 yilning 6 oyi ochida xalqning 105 marta ish tashlashlari va boshqa norozilik chiqishlari qayd etilgan.
1930 yilning iyulida Mansurda vafdchilar tomonidan tashkil etilgan yirik namoyish va miting bo‘lib o‘tdi. Namoyish ishtirokchilariga politsiyaning hujum qilishi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi va 100 kishi yarador qilindi. Vafdchilar bunga norozilik bildirish harakatini avj oldirish bilan javob berdilar. 15 iyulda Mansurda halok bo‘lganlarga motam tutish asnosida ishchilar 2 soatga ishni to‘xtatib ko‘chaga chiqadilar, politsiyachilar ularga hujum qilib, birnecha yuz nafar namoyishchini yarador qiladilar va 22 kishi otib o‘ldiriladi.
O‘sha kuniyoq qattiq barrikada janglari Qohira, Aleksandriya va Port-Saidda avj olib ketdi. Suvaysh shahri esa bir muddat qo‘zg‘olonchilar tomonidan egallab turildi. Biroq mustamlakachilar va ichki reaksiya ko‘zg‘olonni bostirishga muvaffaq bo‘ldilar. Chunki uning ishtirokchilari inqilobiy rahbarlikka, yaxshi uyushmaga ega bo‘lmay yomon qurollangan edilar.
1930 yilning oktabrida Sidqi-poshsha 1923 yil konstitutsiyasini bekor qiladi va deputatlarga ijroiya hokimiyati hatti-harakatlariga aralashishni ta’qiqlovchi yangi reaksion konstitutsiyani joriy qiladi, ayni vaqtda hokimiyat ma’murlari Vafd ta’sirida bo‘lgan bir qator kasaba uyushmalarini ta’qiqlab, politsiya qoshida ish tashlashlarni oldini olish bilan shug‘ullanuvchi hukumat “Mehnat byurosi”ni tashkil qildilar. 1931 yilning fyevralida asosiy shaharlarda ishsizlarni haydab yuborishda politsiyaga yordam beruvchi “ishsizlik bilan kurash bo‘yicha komissiya” tuziladi.
Biroq Misrning inqilobiy vatanparvar, ilg‘or kuchlarini bostirishga qaratilgan barcha chora-tadbirlar o‘z maqsadiga erisha olmadi. 1931 yilning mayida xalq ommasi yangi reaksion konstitutsiya asosida parlamentga saylovlar o‘tkazilishiga qarshi ko‘cha janglari, Suvaysh kanali, Ismoiliyadagi korxonalarda, Qohira temir yo‘l ustaxonalarida, Aleksandriya portida, paxta tozalash va teri oshlovchi zavodlarda ish tashlashlar bilan javob berdilar. Ko‘plab tumanlarda dehqonlar tomonidan saylov qutilarini urib sindirish, hukumat amaldorlarini va xatto shayxlarni kaltaklash hollari ro‘y berdi. Hukumat faqat favqulotda holat e’lon qilibgina, xalqni bostirishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq ish tashlash harakatlari may janglaridan keyin ham to‘xtamadi.
1930-1931 yillardagi ishchilarning ommaviy inqilobiy chiqishlari va ish tashlashlar Sidqi-poshsha hukumatini terror choralari bilan bir qatorda ishchilarni notavon “ishchi qonunchiligi” bilan aldashga urunib ko‘rishga majbur qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |