7. Misr ikkinchi jahon urushi yillarida.
1939 yilning 1 sentabrida Misr hukumati Angliya oldidagi o‘z majburiyatlarini ado etishini bayon qildi, Yevropada urush boshlangan kunning ertasiga esa, Angliyani talabiga ko‘ra mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
Angliya urush davrida Misr hududidan, uning odam va iqtisodiy resurslaridan foydalanishga katta ahamiyat berdi. Inglizlar “Ta’minotning O‘rta Sharq markazi” deb atalgan tashkilotni tuzdilarki, u Misrning butun iqtisodiyotini nazorat qilar, Misr xalqi hisobiga Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarning yirik kuchlarini zaruriy resurslar bilan ta’minlab turardi. Angliya tomonidan Misrdan olinadigan mahsulotlar haqqi naqd pul bilan to‘lanmas, ularning qiymati (qariyb yarim milliard funt sterling) urush oxiriga qadar “muzlatib qo‘yilgan” hisob raqamiga o‘tkazilar edi.
Harbiy buyurtmalar va Misrga chet el mahsulotlari keltirishni qisqarishi mamlakatda sanoatni birmuncha o‘sishiga olib keldi. Urush yillarida ip gazlama, kerosin, benzin, sement ishlab chiqarish ko‘paydi, o‘rta va yirik sanoat korxonalari o‘sdi, bir qator hissadorlik jamiyatlari tuzildi, biroq kompaniyalarning aksariyat ko‘pchiligi urushdan oldingi davrdagidek chet el sarmoyasiga tegishli yoki chet elliklar tomonidan nazorat qilinar edi.
Urush shunday ham og‘ir bo‘lgan Misr aholisi ahvolini yomonlashtirdi. “Qora bozor” hukmronligi sharoitida ishchilarning real ish haqlari ancha pasaydi. Xalqning mashaqqatli mehnati bilan etishtirilgan butun paxta inglizlar tomonidan juda past baholarda sotib olinardi. Misr qishloqlarida ocharchiliklar boshlanadi.
Siyosiy partiyalar va guruhlar ikkinchi jahon urushini boshlanishiga, Germaniya va Italiyaning Misrni bosib olishga bo‘lgan intilishi masalasiga turlicha munosabatda bo‘lgan edilar. Fashistik blok davlatlariga qirol Farrux boshchiligidagi Misr feodallarining ashaddiy reaksion guruhlari tarafdor bo‘lib, bu guruhga yirik zamindorlar va yirik burjuaziya manfaatlarini ifodalovchi liberal konstitutsionalistlar partiyasi qo‘shiladi.
Angliya bilan to‘liq hamkorlik va Germaniya bilan Italiyaga qarshi urush e’lon qilish yo‘lida yirik burjuaziyaning ingliz sarmoyasi bilan mustahkam aloqada bo‘lgan qismi vakillari turdilar. Urushdan oldin ular Vafddan ajralib chiqib, Saad partiyasini tuzdilar.
Vafd Angliya bilan hamkorlikda agar Angliya urush tugagandan keyin o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish va 1938 yili saylangan reaksion parlamentni tarqatib yuborish majburiyatini olsagina rozi bo‘lishini bildirgan edi.
Germaniya bilan diplomatik va savdo aloqalari urushning boshidayoq uzib qo‘yiladi, biroq 1940 yili fashistlar Italiyasi urushga kirib, Liviya, Eritreya va Efiopiyadagi Italiya qo‘shinlari Misrga bostirib kirish xavfini solganida o‘sha vaqtdagi fashistparast elementlar kuchli bo‘lgan Misr hukumati amalda Angliya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortadi. Shundan so‘ng Angliyaning tazyiqi bilan bu hukumat boshqasi bilan almashtiriladi.
Misr betaraf mamlakat bo‘lsa-da, lekin italyan qo‘shinlari uning sarxadlariga bostirib kirdilar. 1941 yil boshlarida italyan qismlari nafaqat Misrdan, balki Liviyaning kattagina qismidan va Efiopiyadan siqib chiqarildilar, biroq o‘sha yilning bahorida gitlerchilarning “Afrika korpusi” Liviyada 1942 yilda ham davom ettirilgan hujumga o‘tishga muvaffaq bo‘ladi. Fashistlar agenturasi Misrda to‘ntarish yasashga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Bu vaqtda Angliya Vafd bilan yangi parlament saylovlari tayinlash sharti bilan kelishuv yo‘li orqali Misr halqining madadini olishga urunib ko‘rdi. Natijada qirol Farrux saroyini ingliz qo‘shinlari egallaydilar va u taxtdan tushirilish tahdidi ostida Vafd yetakchisi Naxxas-poshshani bosh vazir etib tayinlashga rozi bo‘ladi.
1942 yilning mayida nemis-italyan qo‘shinlari inglizlar mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib Tobro`k shahrini egallaydilar va iyul oyi boshlariga kelib Al-Alameynga yetib bordilar. (Aleksandriyadan 80 km. narida).
Biroq ikkinchi jahon urushining asosiy sovet-german frontidagi harbiy harakatlarni rivojlanishi Afrikadagi kuchlar nisbatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatadi. Volgadagi janglar gitlerchilar Germaniyasini Misrdan katta qo‘shinlarni olib sharqiy frontga tashlashga majbur qildi. Bu esa inglizlarga 1942 yilning oktabri oxirida Al-Alameyn ostonalarida boshlangan qarshi hujumlarni tashkil qilishni engillashtirdi. Volgada gitlerchilar qo‘shinlarining tor-mor keltirilishi butun ikkinchi jahon urushida tub burilishni boshlab bergan edi. Xususan bu g‘alaba nemis armiyasini Shimoliy Afrikadagi qismlarini mustahkamlash uchun harbiy kuchlarni bir qismini sharqdan bu yerga olib tashlanishini oldini oladi. Bu esa 1943 yilning mayiga kelib, ittifoqchilar qo‘shinlariga butun Shimoliy Afrikani nemis-fashist qo‘shinlaridan tozalash imkonini berdi. Misr 1943 yilning avgustida sobiq SSSR bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi.
Misrda harbiy harakatlar tugagandan so‘ng Angliya hukumati Arab davlatlari ittifoqini tuzish rejasini ilgari surdi. 1944-1945 yillarda Arab davlatlari Ligasi tashkil qilindi. Angliya o‘ziga qaram bo‘lgan Arab mamlakatlari orqali bu blokdan arablarning milliy ozodlik harakatiga qarshi kurash quroli sifatida ham, Yaqin Sharqdagi o‘z raqobatchilari – AQSH va Fransiyaga qarshilik ko‘rsatish uchun foydalanishni ham mo‘ljallagan edi. Lekin ikkinchi jahon urushidan keyin Osiyo va Afrika xalqlarining milliy ozodlik harakatlarini misli ko‘rilmagan darajada ko‘tarilishi natijasida bu mo‘ljallar ro‘yobga chiqmadi.
1943 yilning fyevralida Misr rasman Germaniya va Yaponiyaga qarshi urush e’lon qiladi, bu esa Misrga 1945 yil may-iyunida Birlashgan Millatlar Tashkilotini tuzgan xalqaro konferensiyada ishtirok etish huquqini bergan edi. Biroq Misr Birlashgan Millatlar Tashkilotining a’zosi bo‘lgan bo‘lsa-da, ilgarigidek ingliz qo‘shinlari tomonidan okkupatsiya qilib olingan Misr suverenitetini cheklovchi 1936 yilgi shartnoma o‘z kuchida qolmoqda edi. Bu shartnomani bekor qilish shiori va mamlakat hududida bekor qilish va mamlakat hududidan ingliz ko‘shinlarini chiqarib yuborish urushdan keyingi milliy ozodlik harakatini asosiy shiori bo‘lib qoldi.