Yaponiya jahon iqtisodiy inqirozi
(1929-1933) yillarida
Jahon iqtisodiy inqirozi Yaponiya iqtisodiyotiga ayniqsa katta zarba bo‘ldi. Bu Yaponiyani boshqa imperiya davlatlariga nisbatan umumiy iqtisodiy zaifligi, 1923 yilgi zilzilaning og‘ir oqibatlari, 1926-1927 yilgi moliya inqirozi, shuningdek sanoat inqirozi bilan agrar krizis qo‘shilib ketishi bilan yanada chuqurlashdi. Boshqa kapitalistik mamlakatlarga nisbatan Yaponiyada katta rol o‘ynovchi qishloq xo‘jaligi iqtisodiy inqirozni o‘z boshidan kechirdi. Ayniqsa ipakchilikning ahvoli og‘ir edi, u bilan dehqon xujaliklarini qariyb yarmi shug‘ullanardi. 1930 yilgacha chetga (ko‘proq AQSHga) chiqariladigan ipak xom-ashyosi yapon eksportining 30 foizini tashkil qilardi. Inqiroz natijasida AQSHga yapon ipagini olib ketish keskin kamaydi, buning oqibatida esa uning bahosi halokatli darajada tushib ketishi sodir bo‘ldi. Ipakchilik bilan shug‘ullanovchi dehqon xo‘jaliklari keskin kamayib ketdi.
Ipak, guruch va boshqa mahsulotlarning narxini tushib ketishi qishloq xo‘jalik mahsulotlarining 40 foiz kamayishiga olib keldi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ham, ayniqsa ko‘mir, metallurgiya, ip gazlama sanoati va kemasozlikda sezilarli kamaydi. Ommaviy ishdan bo‘shatishlar va ish haqini pasaytirishlar boshlandi. Ishsizlar soni ortib borib 3 mln. kishiga etdi. Ishlab chiqarish konsentratsiyasi va kapital markazlashuvi jarayonining faollashuvi mayda va o‘rta burjuaziyaning ommaviy xonavayron bo‘lishiga olib keldi.
Mustamlakalarni ekspluatatsiya qilish kuchaytirildi, bu esa 1930 yilda Tayvanda yirik qo‘zg‘olonni keltirib chiqardi va Koreyada milliy ozodlik harakatini avj oldirdi.
Yaponiyada iqtisodiy inqiroz va ijtimoiy ziddiyatlarning keskinlashishi hukmron doiralar siyosati va taktikasida jiddiy o‘zgarishlar keltirib chiqardi. Bu siyosatning asosiy tendensiyasi tuzumning fashistlashuvi va urushni avj oldirishdan iborat bo‘ldi. Bu yillarda fashistik targ‘ibot- tashviqot kuchaytirildi, hokimiyatni egallab olishga intiluvchi ko‘plab fashist tashkilotlari tuzildi.
Agressiya va fashizmni bosh yo‘naltiruvchi kuchi tajovuzkor harbiylardan o‘zining jinoyatkorona maqsadlarini amalga oshirishda foydalanuvchi moliya oligarxiyasi edi. Harbiylar o‘z ta’sirini mustahkamlash uchun moliya oligarxiyasining asosiy guruhlari (Mitsui, Mitsubisi, Sumitomo, Yasuda) bilan raqobat qiluvchi yangi konsernlarga tayanardi. Yangi konsernlar o‘z sarmoyalarini asosan harbiy sohalarga (rangli metallurgiya, samolyotsozlik va boshqa) kiritgan bo‘lib, shu sababli militaristik doiralar bilan yaqin aloqada edilar.
Asosan “Yangi” konsernlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan harbiylar asosiy 4 ta konsernga qarshi demagogik “Antikapitalistik kompaniya”ni boshlab yubordilar, bu konsernlarning arboblariga va ularni parlament hamda hukumatdagi vakillariga qarshi terroristik aktlar sodir etdilar.
1929 yildan 1931 yilni dekabrigacha hokimiyatda turgan minseyto burjua-zamindorlar vakillaridan tashkil topgan hukumat o‘zidan oldingi Seyyukay partiyasi hukumati kabi asosan reaksion siyosat olib bordi, ammo Minseyto hukumati bu reaksion siyosatni parlamentda muhokama bosqichida qolib ketgan, chala-chulpa islohotlar haqida qonun loyihalari bilan niqoblashga urindi. Ayni vaqtda Minseyto partiyasi hukumati urushni boshlab yuborishga tayyorlanib qatag‘onlarni kuchaytirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |