Kirish
Dissertatsiya mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi. Rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyoti innovatsion, intellektual iqtisodiyotning rivojlanishiga bog'liq bo'lib, innovatsiyalar oqimiga asoslangan ushbu iqtisodiyot inson kapitaliga tayanib bozor munosabatlari sub'ektlaridan chukur bilim, yangilanish va yangi g'oya, zamonaviylikni talab qiladi. Jahondagi kuchli raqobat muhitida innovatsion faoliyatning intensivlik holati iqtisodiy rivojlanish darajasiga ta'sir ko'rsatmoqda. Hozirgi vaqtda rivojlangan mamlakatlardagi innovatsion texnologiyalar, mahsulotlar va qurilmalarning yalpi ichki mahsulotdagi (YaIM) ulushi 60% ni tashkil etmoqda.
Shuning uchun ham mustaqillik yillarida respublikamiz iqtisodiyotini rivojlantirishda innovatsiyalarni yaratish va keng joriy etish jarayonlariga alohida ahamiyat berilib, bu borada keng qamrovli maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Natijada mazkur sohani muayyan darajada rivojlantirishga erishildi. Ushbu yo'nalishda innovatsion g'oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkalari tashkil etildi, davlat boshqaruvi institutlari qayta tashkil etildi, innovatsiyalarni yaratish uchun shart-sharoitlar yaxshilandi hamda mazkur sohadagi huquqiy baza yaratildi.
Mamlakat iqtisodiyotini jadal rivojlantirish, qisqa muddat ichida uni rivojlangan mamlakatlar darajasiga olib chiqish uchun innovatsiyaning tub mohiyatini ochib bergan Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomasida ta'kidlaganidek “... biz O'zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qo'ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma'rifat va innovatsiya bilan erisha olamiz” .
Globallashuv sharoitida yangilanish va yuksalishlar har bir sohada interatsiyalashuv, innovatsion tafakkurni va ularga asoslangan jamoaviy uyg'unlashuv hamda innovatsion muhitni talab etadi. Jamoaviy uyg'unlashuv bu ijtimoiy va iqtisodiy sektorlar sohalarida integratsiyalashuv bilan bilimlar kontsentratsiyalashuviga erishish, original ixtirolarning vorisiylik asosida namoyon bo'lishiga hamda “ilm orqali bilim” tamoyili qonuniyatiga ko'ra rivojlanib, innovatsiya darajasiga ko'tarilishiga shart-sharoit yaratishdir. Bugungi kun, hayotiy bosqichlari innovatsiya bilimlarning tugal kontsentratsiyalashgan integratsiyalashuvida, muammoning teran anglanishi tufayli paydo bo'lgan g'oyadan boshlanuvchi ilmiy-tadqiqot, soha ilmiy-texnik kadrlarining faol hamkorligi mahsuli, yangilanishga asoslangan to'kin va farovon hayot, ijtimoiy va iqtisodiy yuksalishlarni ta'minlovchi omil, ya'ni bozorda o'z o'rnini topgan ixtiro ekanligini isbotladi.
2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, yetakchi tarmoqlarni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish asosida mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish borasida sohalar kesimida barcha xududlarda keng ko'lamli islohotlar olib borilmoqda.
Milliy kadrlar tayyorlashga alohida urg'u berilayotganligi “Biz ta'lim va tarbiya tizimining barcha bo'g'inlari faoliyatini bugungi zamon talablari asosida takomillashtirishni o'zimizning birinchi darajali vazifamiz deb bilamiz” deb aytilgan so'zlarda ham mujassamlashgan .
Hozirgi vaqtda, innovatsiyalarni boshqarish milliy iqtisodiyotni tashkiliy-iqtisodiy boshqarish mexanizmining kam rivojlangan qismlaridan biri sifatida bo'lib qolmoqda. Bozor iqtisodiyoti sharoitida innovatsiyalar iqtisodiyotni intensiv rivojlantirishga imkon beradi, fan va texnikaning so'nggi yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy qilishning jadallashtirilishini ta'minlaydi, iste'molchilarning turli xildagi yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulot va xizmatlarga bo'lgan ehtiyojlarini yanada to'laroq qondirishga imkon yaratib beradi. Bu borada inson kapitali nazariyasi oldida milliy, mintaqaviy va mahalliy miqyosda uni miqdoriy baholashdan iborat yangi vazifa turadi. Inson kapitalini baholash uslubiyatini ish o'rinlarini zamonaviylashtirishni e'tiborga olgan holda takomillashtirish, maqsadli parametrlar va bazaviy darajalarning ko'p variantliligi asosida inson taraqqiyotining rivojlanishi va inson omilining faollik darajasini zamonaviy talablar asosida ishlab chiqish yuzasidan ilmiy tadqiqotlar ko'lamini kengashtirish maqsadga muvofiq va bu mavzuning dolzarbligini belgilaydi.
Tadqiqot ob’ekti va predmetining belgilanishi iqtisodiyot real tarmoqlarida (“Bahor shop MChJ”) inson resurslari sifatini oshirish uchun inson omilini faollashtirish bilan bog'liq iqtisodiy munosabatlar tashkil etadi.
Tadqiqotning predmeti korxonalar faoliyatini boshqarish tizimida inson kapitalini rivojlantirish va uni baholash jarayonida yuzaga keladigan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlardan iborat.
Tadqiqot maqsadi va vazifalari. Dissertatsiyaning asosiy maqsadi innovatsion faoliyatni boshqarishda inson kapitalini rivojlantirishni takomillashtirish bo'yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Qo‘yilgan maqsadga muvofiq tadqiqot ishining vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- milliy innovatsion tizimni shakllantirish va rivojlantirish omillarining ko'rstakichlarini o'rganish;
- inson kapitalni rivojlantirishning nazariy asoslarini o'rganish, «Inson kapitali» atamasining tushunchasini tavsiflash;
- boshqaruv tizimida korxonalar salohiyatini aniqlash bo'yicha inson inson kapitalining rivojlanish modellarini guruhlashtirish;
- inson kapitaliga qilingan investitsiyaning tarkibiy tuzilishini aniqlash;
- kadrlar siyosatida inson kapitalini baholashning amaldagi mexanizmlaridan foydalanishni takomillashtirish usullarini tavsiya etish;
- boshqaruv tizimida inson kapitali va inson taraqqiyoti mexanizmlarini takomillashtirish bo'yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.
Do'stlaringiz bilan baham: |