MAVZU: TUPROQ BONITIROVKASINING TARIXI, O‘RGANISH OB’EKTI, USULI VA RAVNAQI
Tabiiy resurs va xo‘jalik ob’ekti bo‘lgan Yerga munosabat hamma vaqt ham siyosiy va iqtisodiy, ijtimoiy hayotni diqqat markazida turgan.
Yer masalasi hamma formatsiyalarda, qayta qurish, qayta shakllanishlar davrida markaziy muammo hisoblangan.
Yer har doim nazorat va himoya hamda tarbiyaga muhtoj bo‘lib, uni hech ham aldab bo‘lmaydi. Yaxshi egaga ega bo‘lgan Yer doimo yuqori hosil beravermaydi. Uni, ya’ni Yerni bahosi ham hosil bilan o‘lchanadi. Shunday bo‘lib kelgan.
"Yosh kelin - deyilgan "Avesto"da - eriga go‘dak hadya etganday, Yer ham chap va o‘ng qo‘li bilan o‘ng va chap qo‘li bilan parvarish qilgan odamga mo‘l-ko‘l hosil beradi. Ishlov bermagan va ekilmagan yer ersiz va farzandsiz johil qiz kabi baxtsizdir. Qiz yaxshi erni orzu qilganday, yer ham yaxshi qo‘shchiga ilhaq".
Yaqin kunlargacha dehqonchilikning umumiy madaniyati, yerni, tuproqni unumdorligi reja va topshiriqlar bilan o‘lchanar edi.
Shu bois mamlakatda 1964 yilgacha tuproq tekshiruv xaritalaridan, yer tuzish va boshqa loyiha ishlarida deyarli foydalanilmagan.
Sug‘oriladigan mintaqalarda almashlab ekish tuproq sharoitlarini hisobga olmay joriy qilinar edi. Almashlab ekishda esa kimyoviy ishlar uchun tuzilgan 1:50000 nisbatdagi agrotuproq xaritalaridan foydalanilgan.
Yer kadastrining qishloq xo‘jaligidagi roli va o‘rni alohida bo‘lib, ko‘p qirrali hisoblanadi. Tarixda Yer kadastrining tarkibiy qismlaridan hech qaysi biri tuproq bonitirovkasiday qiziqish uyg‘otmagan.
Yerni hisobga olish va baholash qadimgi Rimda mavjud bo‘lgan.
Yegipetda yerga egalik qilish huquqini berish bilan birga yerdan olingan daromadni 20 % ni soliq tariqasida undirib olingan.
Rossiyada Pyotr davrigacha davlat sarf xarajatlarini qoplash uchun yer egalaridan alohida Yer solig‘i olingan.
Qadimgi Rus davlatlarida dehqonlar birinchi bonitirovkachilar bo‘lganlar. Ular hozirgi zamon ilmiga ega bo‘lmagan bo‘lsalarda, ya’ni tuproqning mexanik tarkibi, gumus, sho‘rtobligi va boshqa xossa va xususiyatlarini bilmagan bo‘lsalarda qora va qoramtir ranglardagi tuproqlarni birinchi o‘ringa, bo‘z, och bo‘z rangli tuproqlarni keyingi o‘rinlarga, oq tuproqlarni esa unumsizlar qatoriga qo‘yganlar va shu asnoda joylashganlar hamda dehqonchilik qilganlar.
Dehqonlar tuproqni baholashda har xil atamalar va sermazmun so‘zlardan foydalanishgan. Masalan; qaerda podzol bo‘lsa, o‘sha joyda muhtojlik, qora yer - oq non. Oq yer tezroq kambag‘allashadi va boshqalar.
Ivan Grozniy davrida ham yerlarni hisobga olish maqsadida maxsus buyruqlar berilgan va xizmat ko‘rsatgan odamlarga yaxshiroq yerlardan joy berish maqsadida bu hisob-kitoblar va yozuvlardan foydalanilgan. Shu davrdagi ro‘yxatga oluvchilarni ishlari Yer to‘g‘risidagi dastlabki, nisbatan to‘liq ma’lumotlarni qamrab olgan. Bu
yozuvlarda joyning geografik sharoiti, iqtisodiy ko‘rsatkichlari, shahar, qishloqlar to‘g‘risidaga ma’lumotlar, relyef, aholi o‘z aksini topgan. Yerni sifati to‘g‘irisidagi ma’lumotlar ham berilgan.
Haydaladigan yerlar o‘zlarining sifat ko‘rsatkichlariga qarab uch guruhga: saxiy, o‘rtacha, ozg‘inlarga bo‘lingan.
Bulardan tashqari haydalgan, haydalmagan o‘rmon, qamishzor, toshli yer, qumli yer va boshqalarga ajratilgan.
Feodalizm davridagi yer taqsimotidayok yerlarni sifati e’tiborga olingan, ya’ni o‘rtacha sifatga ega bo‘lgan yerlardan yer berilayotganda me’yorga nisbatan 25% ko‘proq, past sifatli yerdan berilganda esa 50% ko‘paytirilib berilgan.
Pyotr davrida Yerga bo‘lgan munosabatlar, uni baholash masalalari deyarli to‘xtab qoldi yoki kuchli darajada buzildi.
Rossiya tuproq qoplamini o‘rganishda XVIII asrda tashkil etilgan Rossiya Fanlar Akademiyasining geografiya departamenti alohida ahamiyat kasb etadi. Buyuk olim M.V.Lomonosov ushbu departamentni boshqargan edi. Bu davrda departament tomonidan joylardan ma’lumotlar to‘plash uchun maxsus savolnomalar tuzilgan. M.V.Lomonosov qayinzorlar tagidagi tuproqlarni boy tuproqlar deb baholadi, bunga sabab tariqasida ularni barglarini kuzda to‘kilishi va bahorda yangilanishini keltirdi. Yerga tushgan barglar yil davomida chirib organik moddaga aylanishini aytdi.
Yel, sosnalar tagidagi tuproqlarni kambag‘al tuproqlar qatoriga kiritdi, sabab tariqasida ularning igna barglarini to‘kilmasligi keltirildi.
M.I. Afonin 1771 yilda tuproqlarni tasnifi sifatida gilli qora tuproq, toshli, o‘rmon, botqoq, yong‘oqsimon qora tuproqlarni ajratdi. Rossiyada 1765 yili "Erkin iqtisodiy uyushma" tashkil etiladi. Bu uyushma vazifasi o‘z zamonasidagi dehqonchilik, iqtisod sohasidagi yangiliklarni to‘plash va aholiga etkazishni yangi usullarini ishlab chiqish, yerlarni sifatini o‘rganish edi.
Bu davrga kelib Rossiya dunyoda bug‘doy sotuvchi yirik mamlakatlardan biriga aylangan edi. Shu bois erkin iqtisodiy uyushma asosiy bug‘doy maydoni hisoblangan qora tuproqlarni o‘rganishga kirishdi. Akademik Leman, Bolotov, Komovlar uyushmani to‘plamlarida tuproqni xossalari, iqtisodiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida chiqib turdilar.
XIX asrning birinchi yarmida dastlabki ro‘yxatga olish ishlari davlat tomonidan soliqlarni barobarlash maqsadida boshlandi. Kadastr ishlari katta xarajatlarni talab qildi. Bu xarajatlarni qoplash uchun dehqonlardan qo‘shimcha soliq olish nazarda tutildi. 1842 yilga kelib joylarda kadastr komissiyalari tuzildi, bu komissiya turli so‘rovlar o‘tkazdi. Bu vaqtlarga kelib ushbu komissiya yordamida Rossiyaning 17 guberniyasida kadastr ishlari o‘tkazildi. Bu guberniyalarga Peterburg, Voronej, Penza, Tambov, Tula, Ryazan, Orlovsk, Kursk, Moskva, Yekaterinoslavsk, Pskov va boshqalar kiradi. Bu ishlar natijasida 1851 yili Veselovskiy rahbarligida 1:8400000 masshtabda Rossiyaning tuproq xaritasi tuzildi. Bu xaritaga va ish jarayoniga Dokuchayev yuqori baho berdi.
Shunday qilib Rossiyada Yer kadastri ayni vaqtda tuproqlar geografiyasi va tuproqlarni xaritalash kabi fanlarga asos soldi.
Keyinchalik baholash ishlari uslubi ishlandi va biroz takomillashdi. Tuproqlarni sifat jihatidan baholash hosilga bog‘landi. Haydaladigan yerlar 5 sinfga,
pichanzorlar esa 14 sinfga, pichan 4 navga ajratildi. Guberniyalar uchun alohida- alohida bug‘doyni hosildorligi, narxi aniqlandi. Eng kam hosil podzol, eng yuqori hosil esa qora tuproqlardan olinishi aniqlandi.
Xullas bu davrdagi yerga baho berish, ro‘yxatga olish davlat siyosati uchun bir tadbir tariqasida o‘tkazildi.
Shu davrda, ya’ni 1870 yillardan boshlash Dokuchayevning faoliyati ko‘rina boshladi. 1883 yili Dokuchayev tomonidan "Rus qora tuprog‘i" nomli asar chop etildi. Shu asar orqali dunyoda yangi "Tuproqshunoslik" fani paydo bo‘ldi. Tuproqlarni genetik asosda o‘rganish boshlandi. Ayni shu vaqtda tuproqlarni ilmiy bonitirovkalashga asos solindi.
Dokuchayev tomonidan Rus qora tuproqlari o‘rganilib kelingandan keyin, u darhol Nijniy-Novgorod, Poltava yerlarini o‘rganish va baholash uchun yuborildi. Dokuchayev yerni baholash ishlarini keng agronomik ishlarga aylantirib yubordi. Shu davrdan boshlab yerga baho berishni Dokuchayev davri boshlandi.
Bu davrda yerlarni baholashda Dokuchayevdan boshqa Amalitsskiy, Baravkov, Vernadskiy, Glinka, Zamyatchinskiy, Levinson-Lessing, Sibirtsev va boshqalar qatnashdi. Shu tariqa Dokuchayev tuproq bonitirovkasining tabiiy-tarixiy usulini yaratdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |