Yurak faoliyatining boshqarilishi. Har xil sharoitlar (kuchli jismoniy va ruhiy kechinmalar payti, harakatning keskin o’zgarishi va boshqalar), yurak faoliyatining nisbatan turg’unligi, bu tizimning o’ta mukammal yo’l bilan boshqarilishini ko’rsatadi. Sut emizuvchilar, qushlar, sudralib yuruvchilar va amfibiya vakillarida yurak faoliyatining boshqarilishi prinsip jihatidan bir xil bo’lib, ikki xil yo’l bilan ya'ni yurakning aynan o’ziga tegishli ichki mexanizmlarda va chetki (tashqi) omillar orqali amalga oshiriladi. Ichki mexanizmlarga to’qimalar ichida yuz beradigan boshqaruv, to’qimalararo boshqaruv hamda yurakning (shaxsiy) o’z nerv tizimi orqali boshqaruv kirsa, tashqi omillar orqali boshqariluvga umumiy nerv va gumoral yo’l bilan idora qilish kiradi.
To’qimalar ichida yuz beradigan boshqaruvda kardiomeositlar yurak muskul tolalari tomonidan qisqarish jarayonida sarf bo’lgan (parchalangan) oqsil molekulalariga monand ravishda yangi oqsillar sintezlanishi bilan tushuntiriladi. Yurak faoliyati uchun (energiya) quvvat beruvchi manbalar ATF va gligogen asosan sistema paytida (QRS - tishlari davomida) parchalanadi. Bu moddalarning resontezi esa diastola payti yuz beradi (qayta tiklanish). Shu sababli yurak ishi favqulodda tezlashib, kuchayib ketsa diastola davri cho’ziladi (resintezni to’liq amalga oshirish uchun). Karbiomiotsitlar o’zlariga oqib kelgan qondagi kerakli energiya beruvchi moddalarning saralab beradigan bioenergetik moddalarni assorbsiya qilish xususiyatiga ega, bu moddalarga katixolaminlar (adrenalin va noradrenalin) kiradi.
To’qimalararo boshqariluv yurak muskul tolalari orasida zarur moddalar transportini amalga oshiruvchi, meofibrillarni bir-biriga bog’lab turuvchi qo’zg’alish jarayonini o’tkazib turuvchi - maxsus yassi plastinkalar - chambarlar, neksuslarning borligi tufayli ro’y beradi. Neksuslar yurak miokardining qo’zg’alishga bir butun ya'ni sinsitik to’qimalari holida reaksiya berishini amalga oshiradi (sin bir xil, sito-hujayra). Shuning uchun ham neksuslar faoliyati buzilsa yurak ishida davriylik buziladi (aritmiya va boshqalar).
Yurakning o’z nerv tizim orqali boshqaruv yuzasidagi intromural gangliyalarda joylashgan metosimpatik nerv hujayralari tomonidan amalga oshiriladi. Bunday metosimpatik tizimda sezuvchi harakatga keltiruvchi, interotsiyalovchi qismlar (neyronlar) mavjuddir. Yurakdagi bu tizim undagi qisqarish ritmini o’tkazuvchanlikni va diastolik bo’shashish davomiyligini boshqarib turadi. Ushbu avtonom metosimpatik tizim yurak transplantatsiyasida hal qiluvchi ahamiyatga ega, ya'ni yurakka keladigan barcha nerv tolalari kesilganidan keyin ham uning mustaqil holda ma'lum tartibda davriy qisqarib turishi kuzatiladi. yurak metosimpatik tizimining faoliyati tufayli qon tomirlariga (aortaga) qon haydalishi va qonning yurakka qo’yilishi ma'lum holatda ushlab turiladi, qon bosimi stabillashgan holda turadi.
Yurak faoliyatining chetki (tashqi) omillar vositasida idora qilinishi yoki ekstrakardial nerv boshqarilishi unga boradigan adashgan va simpatik nerv tolalari orqali amalga oshiriladi. Bunday tolalarning markazi uzunchoq miya, Vorolev ko’prigida bo’ladi.
Vagus ta'siri. Uzunchoq miyadagi adashgan nerv markazidan yurakka chap va o’ng adashgan tolalar boradi. Chap tola yurakdagi metosimpatik neyronlar orqali bo’lma-qorincha o’tkazuvchanligiga o’z ta'sirini o’tkazadi. O’ng tola esa ko’proq o’ng bo’lma bo’ylab o’z impulslarini tarqatadi va yurak urish chastotasiga ta'sir qiladi. Adashgan nervning yurak faoliyatiga ta'sirini birinchi marta 1845 yilda aka-uka Veberlar ochgan, u qitiqlanganida yurak urish chastotasi kamayib, harakat kuchsizlanadi (tormozlanish). Agar bu nervning qitiqlash juda kuchli bo’lsa, yurak urishdan tamoman to’xtashi ham mumkin. Yana shu narsa muhimki, adashgan nerv qitiqlanishning effekti yurakda qancha qon bo’lish darajasiga bog’liq, u qonga to’lgan payt faoliyat tormozlanadi, qon miqdori kam bo’lgan paytda esa kuchayadi (tezlashadi).
Yurak faoliyatiga simpatik ta'sir I.P.Pavlov tomonidan o’rganilgan, u adashgan nerv ta'sirida qarama-qarshi xususiyatga ega simpatik tola qitiqlanganida yurak urish chastotasi oshadi (musbat xromotrop effekt), bo’lmalar va qorinchalarning qisqarishi kuchayadi (musbat inotrop effekt), yurakda o’tkazuvchanlik yaxshilanadi (musbat dromotrop effekt), quzg’aluvchanlik oshadi (musbat batmotrop effekt).
Har xil nerv tolalari qitiqlanishining yurak faoliyatiga ta'siri ayni paytda shu ta'sirot natijasida yurakka hosil bo’ladigan biologik faol moddalar bilan aniqlanadi. Buni birinchi marta Avstriyalik farmakolog O.Levi (1931) ochgan. Ichiga maxsus suyuqligi bo’lgan idishda ikkita konyula orqali baqa yuraklari birlashtirilib birinchi yurak adashgan nervi qitiqlanganida, nafaqat shu yurak ikkinchi yurak ham urishidan to’xtalgan. Simpatik nerv qitiqlanganida esa har ikkala yurak ishi ham tezlashgan. Aniqlanishicha, birinchi holda, birinchi yurak qitiqlanganida «vagusshtoff» (atsetilxolin) hosil bo’lib, suyuqlik orqali ikkinchi yurak faoliyatini tormozlagan. Ikkinchi holatda esa «simpatikusshtoff» (adrenalin va noradrenalin) hosil bo’lar ekan.
Atsetilxolin ta'sirida yurak hujayralari membranasida K+ o’tishi kuchayadi va oqibatda depolyarizatsiya jarayoni susayadi. Noradrenalin esa membranadan Sa++ o’tishini tezlashtiradi. Bunday o’zgarishlar o’z navbatida teskari effektlarga olib keladi.
Gumoral boshqaruv yurak faoliyatida asosan endokrin bezlardan ajraladigan biologik faol moddalar orqali amalga oshiriladi Bu o’rinda dastavval buyrak usti bezi miyasimon qismidan ajraladigan adrenalin muhim ahamiyatga ega. Turli stress omillar ta'sirida ko’paygan adrenalin kardiomiotsitlardagi - adrenoretseptorlar bilan hamkorlikda hujayralardagi ferment adenilatsiolazani faollashtiradi. Natijada sAMF hosil bo’lishi kuchayadi, u o’z navbatida nofaol fosforilazani faollashtirish uchun kerak. Fosforilaza esa glyukogenni glyukozaga aylantirib miokardni kerakli quvvat (energiya) bilan ta'minlaydi. Yana adrenalin miokard membranada Sa++ o’tishini ham yaxshilaydi.
Boshqa gormonlardan glyukagon (meda osti bezi gormoni) bo’lmalar va qorinchalar qisqarishini kuchaytiradi. Musbat inotrop effekt, tiroksin yurak urish chastotasini oshiradi, kartikosteroid yana to’qimalar boshqarilishidagi muhitda har xil ionlar konsentratsiyasi ham sezilarli ta'sir etadi. Agar bu yerda K+ ko’paysa yurak ishi susayadi, Sa++ ko’paysa yurak faoliyati kuchayadi.
Yurak nervlarining tonusi adashgan va simpatik nerv tolalaridan keladigan impulslar orqali ta'minlanib turadi. Agar yurakka boradigan xar ikkala adashgan nerv ham kesilsa yurak urishi tezlashib ketadi, demak, odatda vagus impulslari yurak urishini biroz susaytirib tartibga solib turar ekan. Unga beriladigan simpatik tolalar kesilganida esa yurak urishi itlarda 15-20 % sekinlashadi. Demak, simpatik tolalar impulsi yurak faoliyatini kuchaytiruvchi, uni tonusini me'yor darajasida ushlab turadi. Yurak tonusi yana bir qator biologik faol moddalar (gormonlar) bilan har bir me'yorda saqlanadi. Nafas olish sikli ham bu borada o’z ta'sirini beradi, nafas chiqarilganda (kuchli) yurak nervlari tonusi oshib, yurak urish chastotasi kamayadi (nafas olish aritmiyasi).
Gipotalamus boshqaruv. Gipotalamusning turli nuqtalarini qitiqlab yurak faoliyatiga bevosita ta'sir qilish mumkin, ba'zi nuqtalar yurak urish ritmiga, ba'zilari esa qisqarish kuchiga, yana boshqalari chap qorincha bo’shashish darajasiga ta'sir etadi. Gipotalamusning yurak faoliyatiga ta'siri ham simpatik, ham parasimpatik mexanizmlar yo’li bilan amalga oshiriladi, chunki u o’z faoliyatini miya stvoli orqali amalga oshiradi. Gipotalamusning bu boradagi faoliyatini organizm har xil emotsional holatlarga tushganidagi ehtiyojini qarab yurak urishini o’zgartiradigan interatsiyalovchi qism deb qarash lozim. Lekin uning faoliyati bir butun holda miya limbik sistemasi (tizimi) va po’stloq ishiga bog’liq.
Miya po’stlog’i faoliyati tomonidan boshqaruv yurak faoliyatidagi eng oliy boshqaruv, uning istagan nuqtasi elektr toki bilan qitiqlanganida yurak ishida o’zgarish bevosita kuzatiladi. Turli emotsional holatlarda yurak faoliyatini o’zgarishi po’stloqdagi nerv markazlari tomonidan yurak ishi boshqarilishini kuzatadi. Xursandchilik, xafachilik, qo’rqish va boshqa emotsional reaksiyalar yurak faoliyatiga miya po’stlog’i funksional holatining o’zgarishi orqali ta'sir etadi. Bunda po’stloq gipotalamus, gipofiz, buyrak usti bezi tizimida o’zgarish bo’lib, qonda adrenalin miqdori oshib ketadi (ayniqsa sportchilarda bo’ladigan sport oldi reaksiyasi davrida yurak urishning tezlashishi). Turli xil nevrozlar paytida yurakdagi o’zgarishlar ham yuqoridagi fikr bilan tushuntirilishi mumkin.
Reflektor boshqaruv. Yurak faoliyati markaziy va pereferik nerv tizimida yuz beradigan reflektor o’zgarishlar bilan boshqarilib bu holat murakkab reflektor mexanizmi asosida amalga oshiriladi. Tanadagi har xil intero va ekstroretseptorlarning qitiqlanishi maxsus effektor yo’l bilan yurak ishiga o’z ta'sirini beradi.
Kovak venalar aorta yoyi va uning tarmoqlanish joylarida ko’pgina mexano va xemoretseptorlar bo’lib, ular qon aylanishidagi (gemodinamikadagi) har qanday o’zgarishlarni qabul qilib markaziy nerv tizimiga o’tkazadi va yurak faoliyatida tegishli o’zgarishlar sodir bo’ladi. Kovak venalardagi retseptorlar qon bosimi oshganda qitiqlanib yurak urishini tezlashtiradi. Aorta yoyidagi retseptorlar qon bosimi oshganda kuchli qitiqlanib yurak urishini sekinlashuviga olib keladi. O’pka arteriyasidagi xemoretseptorlar kichik qon aylanish doirasida qon bosimi oshganida qitiqlanib yurak urishini sekinlashtirishi mumkin (Paren refleksi).
Interoretseptorlar qitiqlanishi ham yurak faoliyatiga ta'sir qiladi. Masalan, baqa qorin qismiga pensit bilan mexanik ta'surot yuborilib, yurak faoliyatini susaytirish yoki to’xtatish mumkin (Gol refleksi). Odamda ham qorin oblastiga kuchli zarba berilganida yurak to’xtab qolishi mumkin (boksyordagi holat). Odamda ko’z olmalariga barmoqlar bilan bosish tufayli yurak urishining siyraklashuvi ham (Danin-Ashner refleksi) oddiy reflektor ekstroretseptiv boshqaruvdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |