O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
TOSHKENT DAVLAT PEDAGOGIKA UNIVERSITETI
MAXSUS PEDAGOGIKA VA INKLYUZIF TA’LIM FAKULTETI
LOGOPEDIYA YO’NALISHI
307 GURUH TALABASI
AKBAROVA NODIRANING LOGOPEDIYA
FANIDAN TAYYORLAGAN
QAYTA TOPSHIRISH UCHUN TAYORLAGAN ISHI
MAVZU: AFAZIYANI BARTARAF ETISHDA REABILITATSION TA’LIMNING TAMOYIL VA METODLARI
TOSHKENT-2022
AFAZIYANI BARTARAF ETISHDA REABILITATSION TA’LIMNING TAMOYIL VA METODLARI
REJA:
1. Reabialitatsion ta’limning ilmiy asoslari va vazifalari.
2. Reabilitatsiya ta’lim tamoyillari.
3. Reabilitatsiya ta’lim metodlari.
Reabialitatsion ta’limning ilmiy asoslari va vazifalari. Oliy psixik funksiyalar va nutqni afaziya yuz berganda tiklash (reabilitatsiya qilish) yo‘llari va imkoniyatlari haqidagi ta’limotning rivojlanishini ham shartli ravishda ikki bosqichga ajratish mumkin. Birinchi bosqich XIX-XX asrning birinchi choragini o‘z ichiga oladi. Bu bosqichda afaziya tufayli yuz bergan nutqiy buzilishlarni tuzatish mumkin emas deb hisoblagan. Bunday xulosaga kelinishning asosiy sabablari-psixik funksiyalarning miyadagi muayyan markazlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri lokallashtirib qo‘yilishi va ularni tug‘ma, o‘zgarmas hodisalar sifatida ko‘rib chiqilishida edi. Bunday qarashlar oliy psixik funksiyalar (OPF)ni hech ham reabilitatsiya qilib bo‘lmaydi, degan xulosaga olib kelardi.
Tor lokolizatsion fikrlar XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida shakllanib XX asr birinchi choragiga qadar yetakchilik qilib keldi. Ularning paydo bo‘lishiga fransiyalik anatom P.Brokka (1861) va nemis psixiatri K.Vernike (1872) larning kashfiyotlari sabab bo‘ldi. OPFning miyadagi muayyan markazlarda lokollashishi haqidagi taxminlar natijasida psixik funksiyalarning turli tuman «markaz»lari aniqlana boshlandi. Jumladan, «yozish markazi» (Eksner), «hisoblash markazi» (Genshen), «tushunchalar markazi» (Sharko, Brodbent) va hokazolarning kashf etilishi fikrimizning dalilidir.
Tor lokolizatsionizm ta’limotining tarafdorlari barcha psixik funksiyalar butun miya faoliyatining emas, balki miyadagi alohida markazlarning ishlashi natijasi ekanini isbotlashga urinishar edi.
Psixologiya, nevrologiya, fiziologiya sohalarida to‘plangan bilimlar, ma’lumotlar psixik funksiyalarning paydo bo‘lishi miyadagi bir necha markazlarning birgalikdagi faoliyati natijasi ekanligini ko‘rsata boshlagach, lokolizatsionizmga tamomila teskari, qarama-qarshi ta’limot-antilokalizatsionizm paydo bo‘ldi. Antilokolizatsionistlar faqatgina elementar psixik jarayonlar (ko‘rish, eshitish, sezgirlik) miyaning ma’lum markazlarida lokolizatsiyalanishi, OPFlar esa butun miya faoliyatining natijasi ekanligini ta’kidlashdi, biroq ular xam OPFlarni reabilitatsiya qilish yo‘llari va imkoniyatlari muammosini hal etib bera olmadilar.
OPFlarni reabilitatsiya qilish haqidagi bunday qarashlar ikkinchi jahon urushi davrida tamomila qayta ko‘rib chiqildi. Chunki miyasi jarohatlangan jangchilarni nafaqat davolash, balki buzilgan psixik funksiyalarni tiklash ham zarur edi. Aynan shu davr OPFlarni reabilitatsiya qilish haqidagi ta’limot rivojining ikkinchi-bosqichini boshlab berdi. Bu davrda rus psixologlari, fiziologlari, defektologlari OPFlarni tiklash masalasiga o‘zgacharoq yondoshib, psixik funksiyalarni tiklashning yangi yo‘lini funksional sistemalarni qaytadan o‘qitish metodi yordamida qayta ko‘rish yo‘lini ishlab chiqdilar. Bu yo‘l avvallari mavjud bo‘lgan vikariat va tormozlanishdan chiqarish yo‘llaridan tubdan farqlanadi. Yangi reabilitatsion yo‘lning paydo bo‘lishi nazariy va metodologik qarashlarning qayta ko‘rib chiqilishi natijasidir.
Zamonaviy psixologiya fani OPFlarning quyidagi xususiyatlarini ajratib ko‘rsatadi: Birinchidan, inson psixik funksiyalari tarixiy taraqqiyot natijasi bo‘lib, ularning kelib chiqishi ijtimoiy tabiatga ega; ikkinchidan, inson psixik funksiyalari hayot davomida ijtimoiy tajribani o‘zlashtirish jarayonida shakllanadi: uchinchidan, psixik jarayonlarning rivojlanishi bir qancha bosqichlarni bosib o‘tgach, ular murakkab psixik jarayonlarga aylanadi; to‘rtinchidan, barcha murakkab psixik funksiyalarning shakllanishi va rivojlanishida nutq yetakchi rolni o‘ynaydi.
Shunday qilib, psixik funksiyalarga kelib chiqishiga ko‘ra ijtimoiy-tarixiy, tuzilishi jihatidan bevosita kechishiga ko‘ra ixtiyoriy tuzilma bo‘lib hisoblanadi. Barcha OPFlar faoliyatida nutq juda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, aynan uning hisobiga psixik funksiyalar anglangan va ixtiyoriy boshqariluvchi bo‘lib boradi.
OPFlar haqidagi yangi tasavvurlar ularning lokallashuvi to‘g‘risidagi yangi ta’limotni paydo bo‘lishi uchun asos bo‘ldi. Bu ta’limotga ko‘ra: 1) OPF birgalikda faoliyat ko‘rsatuvchi, ammo funksional jihatdan yuksak differensiallangan miya zonalari tomonidan amalga oshiriladi; 2) har bir OPFning ro‘yyobga chiqarilishi ularning psixologik strukturasini realizatsiya qiluvchi miya zonalari tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur nazariy qarashlar asosida neyropsixologiya OPF buzilishining bir qancha qonunlarini tushuntirib berdi, hamda ularni tiklash yo‘llari va imkoniyatlarini ko‘rsatdi.
Neyropsixologiyaning ko‘rsatishicha; 1) miya organik jarohatlangan OPFlarning dezorganizatsiya yuz beradi, ya’ni tuzilishi, o‘zaro aloqalar buziladi; 2) u yoki bu fiziologik omilning (kinestetik, akustik somato-fazoviy, fazoviy va h.k.) ishdan chiqishi funksiyaning psixologik strukturasidan u yoki bu bo‘yog‘ning tushib qolishga olib keladi.
Angliyalik nevrolog X.Djeksonning bu g‘oyasi A.R. Luriyaning tadqiqotlarida o‘z isbotini topdi va yanada rivojlantirildi; 3) u yoki bu omilning tushib qolishi butun funksiyaning tizimi buzilishiga olib keladi; 4) miyaning muayyan sohasi zararlanganda bir emas, bir necha psixik funksiya ishi buzilishi mumkin; 5) miyaning bir necha soxasi zararlanganda aynan bir funksiyaning ishi buzilishi mumkin; 6) miya jarohatining o‘chog‘ini lokallashtirish funksiyaning lokallashtirishi bilan aynan mos kelmaydi.
Shunday qilib, reabilitatsiya ta’limning nazariy asosi bo‘lib psixologiyadagi OPF haqidagi to‘plangan zamonaviy qarashlar xizmat qiladi. Ushbu nazariy asosga tayanib rus psixologlari, fiziologlar, nevrologlar, logopedlar bilan birlikda OPFlarni tiklashning yangi yo‘lini-reabilitatsion ta’lim orqali funksional tizimlarni qaytadan ko‘rish yo‘lini ishlab chiqdilar. Amaliyotda bu yo‘l quyidagi ikki yo‘nalishga ega:
1. Birinchi yo‘nalish muayyan funksiyaning shakllanishi davrida yo‘qolib ketmagan, balki yetakchi afferentatsiyaga o‘rin bo‘shatib, o‘zi «zahiraga» o‘tgan afferentatsiyalarni ishlatishga asoslanadi. Bunda reabilitatsion ta’lim shunday tashkil etiladiki, deffekt asosida yotgan, funksional tizimning buzilgan afferentatsiyasi «zahira»dagisi bilan almashtiriladi. Masalan kinestetik bo‘g‘ini zararlangan og‘zaki nutq va o‘qishning tiklashda saqdanib qolgan (zahiradagi) tovushlarning okustik analiz ishga tushiriladi. Bu metod qo‘llanilganda kasal bir vaqtning o‘zida matnni eshitadi va uning grafik tasvirini (suratini) ko‘radi. Optik va akustik afferentatsiyaning bunday birgalikda ishga tushirilishi og‘zaki nutq va o‘qish funksiyalarini tiklash imkonini beradi.
2. Ikkinchi yo‘nalish o‘z ichiga yangi bo‘g‘inlar (afferentatsiyalar)ning ishini olgan yangi funksional tizimlarni yaratishga asoslanadi. Yangi bo‘g‘inlar ishga tushirish zararlangan funksiyani go‘yo qaytadan konstrkutsiyalaydi. Masalan o‘qish funksiyasi bu metodda quyidagicha tiklanadi: 1) bo‘rtib chiqqdn harflar ustidan barmoq yurg‘aziladi; 2) harf barmoq bilan havoda chiziladi; 3) bir vaqtning o‘zida tovush eshittiriladi, uning grafik shakli ko‘rsatiladi va gapirishga undaladi. Albatta, bunday metodning qo‘llanishi, avvalo, deffekt tabiati, mexanizmi va strukturasini hisobga olib ta’lim vazifalarini aniq belgilab olishni taqozo etadi. Bu vazifalar quyidagilardan iborat:
a) kasalni deffekt bilan birga yashashga o‘rgatish emas, nutqni psixik funksiya sifatida tiklash;
b) nutqning alohida sensomator operatsiyalarini emas, nutqiy muloqot faoliyatini tiklash;
v) avvalo nutqning alohida tomonlarini emas, butun kommunikativ funksiyasini tiklash;
g) kasalni normal ijtimoiy muhitga qaytarish.
Ushbu vazifalar afaziya bilan kasallangan kasallarning shaxsiy va ijtimoiy reabilitatsiyada keng amaliy effektga samaraga erishishi maqsadiga qaratilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |