«Tovushga taqlid» LMT. Bu LMT a’zolari kishi, jonivor, narsa va hodisalar paydo qilgan tovushga taqlid qilish natijasida paydo bo‘ladi. LMT o‘z o‘rnida ikkiga bo‘linadi:
«Fiziologik tovushga taqlid» LMG: [qah-qah], [xur-xur], [xir-xir], [miyov-miyov].
«Fizik tovushga taqlid» LMG: [tap-tup], [taqir-tuqur], [tipir-tipir].
II. «Ko‘rinishga taqlid» LMT. Tovushga taqlid so‘z eshitish bilan bog‘liq hodisani ifodalasa, ko‘rinishga taqlid so‘zi ko‘rinish bilan bog‘liq hodisalarni aks ettiradi. Bu LMT ham o‘z o‘rnida:
«Harakatni ifodalovchi taqlid» LMG: [dik-dik], [lik-lik], [lapang-lapang], [ship-ship].
«Tashqi ko‘rinishni ifodalovchi taqlid» LMG: [hil-hil], [jiq-jiq], [mo‘lt-mo‘lt].
«Yorug‘likni ifodalovchi taqlid» LMG: [lip-lip], [jimir-jimir], [yalt-yult],[yilt-yilt].
Taqlidning tuzilishiga ko‘ra turlari. O‘zbek tilida taqlid juft va takroriy ko‘rinishda bo‘ladi.
Juft taqlid: [g‘arch-g‘urch], [taq-tuq], [vag‘ir-vug‘ur], [g‘ing-ping], [alang-jalang], [apir-shapir].
Takroriy taqlid: [guv-guv], [duv-duv], [shartta-shartta], [cho‘lp-cho‘lp], [shaqa-shaq], [guppa-guppa].
Eslatma. Taqlid [etmoq, [demoq], [qilmoq]fe’li bilan kelganda qo‘shma fe’l vujudga keladi: [guv-guv etmoq], [duv-duv qilmoq], [cho‘lp-cho‘lp qilmoq].
Ma’lumki, so‘zlar ma’noviy belgisiga ko‘ra uch tipga bo‘linadi:
a) mustaqil ma’noli so‘z (fe’l, ot, sifat, son, ravish, taqlid);
b) bo‘sh - ishora ma’noli so‘z (olmosh);
d) yordamchi ma’noli so‘z (ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama, ko‘makchi fe’llar).
“Ishoraviylik” ramzi bilan ataluvchi olmosh boshqa leksemalardan ajralib turadi. O‘zbek tilshunosligida olmoshning doirasi va vazifasi zo‘rma-zo‘rakilik bilan ancha chegaralanib “ot, sifat, son o‘rnida qo‘llanuvchi so‘z” sifatida o‘ta tor tushunilgan. Vaholanki, bu bilan olmoshning nafaqat ot, sifat, son, balki fe’l, ravish, taqlid, undov, gap va hatto matnni almashtira olish, ularga ishora etish xususiyati hisobga olinmagan. Olmosh guruhiga [men], [sen], [u], [biz], [siz], [ular]kabi shaxsga; [kim], [nima], [bu], [ana], [mana], [mana bu] kabi predmetga; [qanday], [bunday], [shunday]kabi belgiga; [buncha], [shuncha], [qancha] kabi miqdorga; [qachon] kabi paytga; [qayer] kabi o‘ringa; [shunday bo‘lmoq], [qanday qilmoq] kabi harakat-holatga ishora qiluvchi leksema kiradi. Shuni aytib o‘tish joizki, olmosh hamma vaqt ham qandaydir bir so‘zni “almashtirib”, uning o‘rnida kelavermaydi. Misollar: 1.Kim mehnat qilsa, u rohat ko‘radi. 2. Men kecha keldim. Sen buni bilasan. 3.Nima qilsam ham men o‘zim bilaman. 4. Hamma mehmonlar biznikida. 5. Barcha mushkulotlar oson bo‘ldi kabi gaplarda kishilik, belgilash, o‘zlik olmoshi hech bir so‘zni almashtirmagan.
Gap ichida ot, sifat, son, ravish, ba’zan so‘z birikmasi va gap o‘rnida qo‘llana oladigan, aniq lug‘aviy ma’noga ega bo‘lmagan so‘z turkumi olmosh deb ataladi. Misollar: 1) ot o‘rnida: Karim juda quvondi, chunki u o‘z orzusiga erishgan edi. 2) sifat o‘rnida: Kechagi kitobingni berib tur, men shu kitobdan misollar olmoqchiman.3) son o‘rnida: Menda ikkita qalam bor, senda nechta bor? 4) ravish o‘rnida: Men bugun ketaman, sen qachon ketasan? 5) so‘z birikmasi o‘rnida: Yomon so‘z bosh qozig‘idir, shunday so‘zni gapirmagan ma’qul. 6) gap o‘rnida: Sen mehnat qilishni yoqtirmaysan, bu esa insondagi eng yomon hislatdir. Olmoshlar turlanadi, gapda ko‘pincha ega, to‘ldiruvchi, aniqlovchi va undalma bo‘lib keladi. Masalan:Hamma keldi. Bizni tabrikladi. Shu kitobni bering. Hoy, sen, beri kel!
Olmoshlar ayrim xususiyatlariga ko‘ra otlarga, ba’zi xususiyatlariga ko‘ra sifatlarga va ayrim belgilariga ko‘ra ravishlarga yaqin turadi.
Arab tilshunosligida olmosh alohida so‘z turkumi sifatida berilmagan, balki har bir so‘z turkumi ichida “yashirin ma’noli so‘z” (zamirlar) sifatida alohida guruhlarga ajratilgan. Chunonchi, [kitob], [daftar],[Abbos]– aniq ma’noli ot bo‘lsa, [men], [sen], [kim]– yashirin ma’noli ot (zamir otlar)dir. Yoxud[oq], [qizil], [chiroyli]― ma’lum ma’noli sifat hisoblansa, [bunday], [shunday]kabilar “zamir sifat” dir.
Olmoshlar shaxs, predmet, belgi yoki miqdorga xos bo‘lgan umumiy (mavhum) ma’noni anglatadi. Olmosh bildiruvchi ma’no nutq jarayonida aniq yuzaga chiqadi. Ular o‘zlari almashtiruvchi so‘z kabi morfologik jihatdan o‘zgaradi.
Olmosh qaysi so‘z turkumi o‘rnida qo‘llansa, shu turkumga xos sintaktik vazifani bajaradi: O‘qituvchi darsga kirdi. U o‘quvchilar bilan salomlashdi. Olmosh o‘zidan oldin aniqlovchi talab qilmaydi: Hamma xursand va shod. U kitobni o‘qidi. Olmosh ifoda etadigan ishoraviy ma’nosiga ko‘ra quyidagi ma’no guruhiga bo‘linadi:
1. Kishilik olmoshi.
2. Ko‘rsatish olmoshi.
3. O‘zlik olmoshi.
4.Belgilash olmoshi.
5.So‘roq olmoshi.
6. Gumon olmoshi.
7. Bo‘lishsizlik olmoshi.
Do'stlaringiz bilan baham: |