5-MA’RUZA
SON. OLMOSH
Reja:
Sonning leksik-grammatik xususiyatlari.
Sonning ma’no turlari.
Bir sonining o`ziga xos grammatik xususiyatlari.
Sonlarning otlashishi.
Sonlarning tuzilish jihatdan turlari.
Olmoshning ta’rifi va leksik-grammatik xususiyatlari.
Olmoshlarning ma’no turlari.
Boshqa turkumga oid so`zlarning olmoshga ko`chishi.
Olmoshlarning tuzilish turlari.
Olmoshning ta’rifi va leksik-grammatik xususiyatlari
Gap ichida ot, sifat, son, ravish, ba’zan so`z birikmasi va gap o`rnida qo`llana oladigan, aniq lug`aviy ma’noga ega bo`lmagan so`z turkumi olmosh deb ataladi: 1) ot o`rnida: Karim juda quvondi, chunki u o`z orzusiga erishgan edi. 2) sifat o`rnida: Kechagi kitobingni berib tur, men shu kitobdan misollar olmoqchiman. 3) son o`rnida: Menda ikkita qalam bor, senda nechta bor? 4) ravish o`rnida: Men bugun ketaman, sen qachon ketasan? 5) so`z birikmasi o`rnida: Yomon so`z bosh qozig`idir, shunday so`zni gapirmagan ma’qul. 6) gap o`rnida: Sen mehnat qilishni yoqtirmaysan, bu esa insondagi eng yomon xislatdir. Olmoshlar turlanadi, gapda ko`pincha ega, to`ldiruvchi, aniqlovchi va undalma bo`lib keladi: Hamma keldi. Bizni tabriklang. SHu kitobni bering. Hoy sen, beri kel!
Olmoshlar gapda so`zlarni o`rinsiz takrorlashdan qutqaradi, fikrni ixcham, qisqa qilib ifodalashga yordam beradi. Olmoshlar quyidagi grammatik xususiyatlariga ega: 1) so`z yasalish xususiyati yo`q (lekin olmoshlar asosida ot, fe’l, ravish, sifat yasalishi mumkin: o`zlik, sensirama, o`zicha, menbop); 2) juftlanib, boshqa so`z turkumi vazifasida keladi: o`sha-o`sha, shu-shu (ravish); 3) olmoshlar otlarga xos so`z o`zgartiruvchi qo`shimchalarni olishi mumkin: unga, shunisi; 4) olmosh hech vaqt o`zidan oldin aniqlovchi olmaydi. Olmoshlarni gapda bajargan vazifasiga ko`ra quyidagi turlarga bo`lsa bo`ladi: 1) ot toifasidagi olmoshlar. Bular otlarning so`roqlariga javob bo`ladi, otlarga o`xshab so`z o`zgartuvchi qo`shimchalarni qabul qiladi va gapda ot bajargan vazifalarni bajaradi. 2) sifat toifasidagi olmoshlar. Bular sifatlarga o`xshab sifatlovchi-aniqlovchi, kesim va hol vazi-falarini bajaradi, otlashish xususiyatiga ega. 3) son toifasidagi olmoshlar. Bular miqdorni ifodalash uchun qo`llanadi va gapda sifatlovchi-aniqlovchi, kesim, ba’zan hol vazifalarini bajaradi.
Olmoshlarning ma’no turlari
1. Kishilik (shaxs) olmoshlari uchta shaxsni bildiradigan quyidagi olmoshlardir: men, sen, u, biz, siz, ular. Kishilik olmoshlari otlar kabi turlanadi. U kishilik olmoshiga jo`nalish, o`rin-payt, chiqish kelishigi qo`shimchalari qo`shilganda, bir n orttiriladi: unga, unda, undan. Qaratqich, tushum kelishigi va qarashlilik shakli qo`shimchasi –niki qo`shilganida esa, -n tushiriladi: men+ning=mening, sen+ni=seni, sen+niki=seniki. Ayrim vaqtlarda biz, siz, ular olmoshlari birlik ma’nosida ham ishlatiladi, bunda biz olmoshi kamtarlik, bajirilgan ishda o`zining rolini oshirmaslik kabi ma’nolarni ifodalaydi. Siz, ular esa hurmat ma’nosini bildiradi, bunda siz olmoshiga ko`plikni ifodalash uchun –lar qo`shimchasi qo`shiladi. Bu olmoshlarga egalik qo`shimchalari deyarli qo`shilmaydi. Kishilik olmoshlari gapda ega (Men keldim), to`ldiruvchi (Senga aytaman), qaratqich aniqlovchi (Uning ukasi kelibdi), ot-kesim (Mening do`stim sensan) vazifalarini bajaradi.
2. O`zlik olmoshi narsa-buyumni aniqlab yoki ta’kidlab ko`rsatish uchun ishlatiladigan o`z so`zidir. Bu olmosh narsa-buyumning shaxsga xosligini, tegishliligini yoki shaxsning tanholigini bildiradi: o`z uyi, o`z ukasi. O`zlik olmoshi egalik qo`shimchasini olib, kishilik olmoshlariga sinonim bo`ladi: o`zim - men, o`zing - sen, o`zi - u. Bu olmosh kishilik olmoshlari bilan qo`llanganda, ularga ta’kid ma’nosini yuklaydi: men o`zim, sen o`zing.
O`zlik olmoshi turlanganda kelishik qo`shimchalaridan oldin egalik qo`shimchalari bo`lishi shart: o`ziga, o`zingdan va b. O`z olmoshi belgisiz kelishik ko`rinishida qo`llanishi mumkin: O`z uying – o`zingning uying.
3. Ko`rsatish olmoshlari narsa-buyumni, kimsani ko`rsatish uchun ishlatiladigan olmoshlar: u, bu, shu, o`sha, ana, mana, ana u yoki anovi, mana bu yoki manavi, ushbu (ko`tarinki, tantanali ma’no ifodalaydi). Ko`rsatish olmoshlari oldingi gap, gap ichidagi ma’lum bir so`z yoki so`z birikmasi o`rnida qo`llanadi va ularga ishora qiladi yoxud biror-bir so`zni aniqlab keladi. So`z ma’nosini aniqlab keluvchi bunday olmoshlar aniqlanayotgan so`zdan oldin keladi: o`sha odam.
Kishilik olmoshi u bilan ko`rsatish olmoshi u ni gapdagi ma’nosiga qarab farqlash mumkin. Bunda u kishilik olmoshi kim? so`rog`iga (U keldi), ko`rsatish olmoshi u esa qaysi? so`rog`iga javob bo`ladi (U kishi keldi). U, bu, shu, o`sha olmoshlari jo`nalish, o`rin-payt, chiqish kelishiklarida turlanganda yoki ularga -day, -dek, -aqa, -cha qo`shimchalari qo`shilganda, qo`shimcha oldidan bir n tovushi orttiriladi: unga, bunga, shunday, o`shanday, uncha, shunaqa, o`shandek.
U, bu olmoshlari juftlanib har xil narsa va shaxs, unaqa-bunaqa tarzida belgining ortiqligi, uncha-muncha tarzida oz miqdor ma’nolarini ifodalaydi. Ko`rsatish olmoshlari gapda asosan aniqlovchi (Bu kitob ukamniki) va kesim (Men aytgan odam shu) vazifalarini bajaradi. Otlashsa, ega (SHu mening maqsadimdir), to`ldiruvchi (Buni tushundim), qaratqich aniqlovchi (SHuning egasi sensan), hol (Bunda bulbul kitob o`qiydi) bo`lib ham kela oladi.
4. So`roq olmoshlari biror narsa-buyum, belgi yoki miqdor haqidagi so`roqni bildirgan olmoshlardir. So`roq olmoshlarining nimaga nisbatan so`roq bildirishini quyidagi jadvaldan bilsa bo`ladi:
№ So`roq turi Olmoshlar
1. Shaxsga so`roq Kim?
2. Narsaga so`roq Nima?
3. Belgi-xususiyatga so`roq Qanday? Qanaqa? Qaysi?
4. Miqdorga so`roq Qancha? Necha? Nechta?
5. Tartibga so`roq Nechanchi?
6. Sabab-maqsadga so`roq Nega? Nimaga ?
7. O`rin-joyga so`roq Qaerda? Qayda? Qayoqqa?
8. Paytga so`roq Qachon?
9. Mavjudlikka so`roq Qani?
Kim birlik va ko`plikda qo`llanadi, egalik va kelishik qo`shimchalarini oladi: Kim so`zladi? Nimalarni ko`rding? Nimang bor? Nima olmoshi belgisiz kelishik shaklida kelishi mumkin: Nima(ni) olding?
Qanday, qanaqa, qaysi olmoshlari belgini aniqlash uchun ishlatiladi: qanaqa odam, qaysi kitob. Qaerda, qayda, qani, qayoqqa, qachon, nega olmoshlari o`rin, payt, mavjudlik, sabab, maqsad kabilarni aniqlash uchun ishlatiladi: Qachon keldi? Qaerda yuribdi? Ukang qani? Qayoqqa ketdi? Nega keldi?
5. Belgilash olmoshlari predmet va shaxslarning yig`indisini bildiradi yoki ularni ayirib ko`rsatadi, shuning uchun ularni ikkiga bo`lish mumkin: 1) jamlovchi belgilash olmoshlariga hamma, barcha, bari, jami, jamiyki, butun, yalpi so`zlari kiradi. 2) ayiruvchi belgilash olmoshlariga har so`zining o`zi (Har qovunlarki...) va har kim, har nima, har bir, har qaysi kabi so`zlar kiradi va bu olmoshlar to`pdan ajratilgan shaxs, narsa, belgilarni bildiradi. Har so`zi ayrim yoziladi.
Hamma, barcha, bari olmoshlari ko`plikni anglatadi. Belgilash olmoshlari egalik, kelishik, ko`plik qo`shimchalari bilan qo`llanadi: Hammalari jim. Har kimga aytaverma.
6. Bo`lishsizlik olmoshlari inkor ma’nosini bildirgan olmoshlardir. Bular hech so`zining o`zi va shu so`zning ba’zi so`roq olmoshlari bilan birikishidan hosil qilinadi, hech so`zi ayrim yoziladi. Bu olmoshlar egalik, kelishik qo`shimchalari bilan qo`llanadi: U hech kimni ko`rmadi. Hech kimim yo`q.
Hech so`zi yakka holda qo`llanganda, ko`pincha fe’llar oldida kelib, ravish vazifasini bajaradi (lekin butunlay ravish turkumiga o`tmaydi): U hech qiynalmadi.
Bo`lishsizlik olmoshlari ishtirok etgan gaplarning kesimi inkor shaklida bo`ladi: Hech qachon unutmaydi.
Kimsa so`zi ham bo`lishsizlik olmoshlari o`rnida qo`llanishi mumkin: Buni kimsa (hech kim) bilmasligi kerak.
7. Gumon olmoshlari narsa, belgi yoki voqea haqidagi noaniq tasavvurni bildirib keladigan olmosh turidir. Ular alla- yordamida yoki -dir qo`shimchasi bilan hosil qilinadi: allakim, allanima, allanarsa (narsadir emas), allaqaysi, allaqaer, allaqayoq, allanechuk, allaqancha, allanechanchi, kimdir, nimadir, qachondir, qandaydir, qaerdadir, qaergadir, negadir. Gumon olmoshlari so`roq olmoshlariga bir, ham so`zlarini qo`shish orqali yasalishi ham mumkin: Uni kim ham chaqirayotgan edi-ya. Akasi unga bir nima deganday bo`ldi. (Ba’zan bir nima birikmasi bo`lishsiz olmosh o`rnida kelishi mumkin: Buni ko`rib bir nima demadi.) Bu olmoshlar birlik va ko`plikda (allakimlar) keladi, kelishiklarda turlanadi: (kimnidir), egalik qo`shimchasini oladi (allakimim). Birov so`zi ham kimdir, allakim so`zlariga sinonim bo`lgani uchun gumon olmoshi hisoblanadi. Birov so`zi, shuningdek, har kim, hech kim, bitta degan so`zlarga ham sinonim bo`lishi mumkin.
Boshqa turkumga oid so`zlarning olmoshga ko`chishi
Quyidagi turkumlarga tegishli ayrim so`zlar olmoshga ko`chadi: 1) ot: odam, kishi, inson, narsa, ish; 2) sifat: ba’zi, boshqa, ayrim, tubandagi, quyidagi; 3) son: bir. Umuman olganda, bir, har, hech so`zlari bilan keladigan ko`pgina so`zlar olmoshga ko`chishi mumkin: hech narsa, bir narsa, har erda.
Eski o`zbek tilida men olmoshi o`rnida kamina (hozir ham ishlatiladi), faqir, kaminai kamtarin, qulingiz, bandai ojizingiz kabi so`zlar qo`llangan (25; 28).
Olmoshlarning tuzilish turlari
1. Sodda olmoshlar barcha olmoshlar guruhida mavjud: men, shu, o`z, kim, hamma, hech, birov.
2. Qo`shma olmoshlar faqat ko`rsatish, belgilash, bo`lishsizlik olmoshlari guruhida mavjud: ana shu, har kim, hech nima.
3. Juft olmoshlar faqat kishilik, ko`rsatish olmoshlari guruhida bor: sizu biz, u-bu.
4. Takroriy olmoshlar ko`rsatish, o`zlik, so`roq, belgilash olmoshlariga tegishlidir: shu-shu, o`z-o`zini, kim-kim, barcha-barchasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |