G„AZAL SEHRIGA OSHUFTA O„LMAS QO„SHIQLAR
Munavvar PARDAYEV,
O„zbek tili va adabiyoti kafedrasi o„qituvchisi (GulDU)
Abdurahim SULTONOV,
Musiqiy ta`lim kafedrasi o„qituvchisi (GulDU)
Betakror she`riyati bilan xalqimiz yuragidan mustahkam o‗rin olgan Erkin
Vohidov ijodiy qudrati sarchashmalarini mumtoz adabiyotdan, uning buyuk
allomalari asarlaridan qidirmoq joizdir. Mir Alisher Navoiy, Fuzuliy, Hofiz,
Bedildan tortib to Muqimiy va Furqatlargacha bo‗lgan ulug‗ allomalarning
g‗azaliyoti juda yosh paytlaridan uning qalb torlarini chertgan.
Ularni sevib mutolaa qilish bilan birga aruz sehriga, uning musiqaga
hamohang jozibasiga lol qolgan. Garchi, shoirning g‗azalnavislik mahorati
oltmishinchi yillardan ko‗zga tashlangan bo‗lsada, Erkin Vohidov ijod olamiga
kirgan dastlabki paytlardayoq mumtoz she`riyat borasida ma`lum darajada nom
qozonishi mumkin edi. Biroq o‗sha yillarda she`riyatda fuqarolik pafosi kuchli
bo‗lishi, sotsialistik realizm g‗oyalari barqaror ifoda etilishi lozimligi asosiy
aqidaga aylangan, hatto G‗afur G‗ulom, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor kabi
atoqli adiblar ham aruzni tarix g‗aladoniga tashlab qo‗yish, unga arxaik janr
sifatida qarash kerakligi haqida katta-katta minbarlardan turib baralla gapirishardi.
Ular ―o‗zbek adabiyotiga aruz kerakmi o‗zi?‖ degan andishada turgan bo‗lsa,
adabiyotimizning yirik vakillaridan yana bir katta guruhi (masalan, Sharof
Rashidov) mumtoz she`riyat bugungi adabiyot ichida o‗zining munosib o‗rniga ega
bo‗lishi lozim degan fikrda sobit turdilar. Haqiqatan ham, she`riyatning gultoji
hisoblangan, o‗lmas merosimiz yaratilgan go‗zal va o‗ynoqi janr hisoblanmish
aruzdan voz kechish oson ish emas.
O‗zingiz o‗ylab ko‗ring, butun g‗arb she`riyati, Gyote, Pushkin kabi daho
ijodkorlar havas qilgan aruzga nega endi o‗zimiz o‗gay ko‗z bilan qarashimiz
kerak? Albatta, aruzga qarshi turganlarning ham o‗ziga yarasha jiddiy sabab va
vajlari yo‗q emasdi.
Yigirmanchi asrning birinchi yarmi o‗zbek adabiyotida aruzda yaratilgan
kuchli zamonaviy asarlar barmoq bilan sanarli edi desak, xato bo‗lmasa kerak. Bu
yo‗nalishda ijodkor ko‗p edi, biroq shaklbozlik, mazmunan sayoz, o‗ldim-
kuydimdan nari o‗tmaydigan, yurakdan joy olmaydigan g‗azallar ham ko‗paydi.
Shunday bir vaqtda Erkin Vohidov o‗zining aruzini u g‗oyat dilbar bo‗lsa-da,
she`riyat maydoniga ehtiyotkorlik bilan chiqardi:
Istadim sayr aylamoqni men g‗azal bo‗stonida,
Kulmangiz ne bor senga deb mir Alisher yonida...
357
Biroq shoirning bu kamtarona baytiga ehtiyoj yo‗q ekan. Shoir g‗azaliyoti
o‗zbek adabiyoti osmonida portlagan bomba effektini berdi. Uning ilk
g‗azallariyoq jurnallarku mayli, eng yetakchi partiyaviy gazetalarda ham sahifa-
sahifa e'lon qilinadigan bo‗ldi. Erkin Vohidov g‗azallaridan tashkil topgan ilk
to‗plam –―Yoshlik devoni‖ (1965 y.) chop etilishi bilan undagi deyarli barcha
she`rlar yetakchi kompozitorlar, mashhur qo‗shiqchilar repertuaridan joy oldi.
O‗zbek adabiyotshunosligi, adabiy tanqid guvillab ketdi. Erinmagan
adabiyotshunos borki, vaqtli matbuotda, ilmiy-adabiy anjumanlarda munosabat
bildirdi. Xo‗sh, buning sababi nimada deb o‗ylaysiz? Axir bu vaqtda shoir o‗zining
barmoq janridagi ijodi bilan ham ancha tanilib qolgan, Mirtemir kabi atoqli
shoirlar nazariga tushgan edi-ku! Aruzda qalam tebratayotgan Habibiy, Sobir
Abdulla, Vohid Sa'dulla kabi o‗nlab ijodkorlar chop etayotgan devonlar kammidi?
Erkin Vohidovning g‗azaliyoti ikki-uch yildayoq ming-minglab yuraklarning tub-
tubidan joy olgani siri nimada? Gap shundaki, shoir ijodkor ahli avvalo o‗z tarixiy
ildizlaridan ozuqa olishi kerak degan andisha bilan yashadi va qalam tebratdi.
Menga Pushkin bir jahonu menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor, ko‗ksim osmon, o‗zbegim
degan satrlarni shoir shunchaki, o‗zbekligini ko‗z-ko‗z qilish uchungina
bitmagan, albatta. Bugun adabiyot maydonida biron natijaga erishaman degan
ijodkor uch manbadan ozuqa olishi shart, deb hisoblardi u. Oziqlanish shart
bo‗lgan bu uch manba – o‗zbek, fors-tojik va arab tillari. Bu haq gap, zero, butun
turkiy mumtoz adabiyot ana shu uch manba ustiga qurilgan. Shoirning o‗zi turkiy
mumtoz she`riyat bilan birga Rumiy, Hofiz, Bedil kabi forsiyda qalam tebratgan
buyuk shoirlar merosini ixlos bilan o‗rgandi, aruzda, asliyatdagi ma`nosidan
zarracha kam bo‗lmagan tarjimalar qildi. Mana bu baytlarni o‗qisangiz, fikrimizga
ishonch hosil qilasiz:
Parishon xotirim deb g‗am yaralmish,
Yana chashmim tufayli nam yaralmish.
Qilur mavj gavharu oina javhar,
Ajab, beorzu dil kam yaralmish.
Atarlar g‗uncha poymolini gul deb,
Ne hol, shodlik aro motam yaralmish.
Sabo to‗zg‗itgudek bir kaft tuproq
Qo‗shilgach qon ila, odam yaralmish...
Naqadar go‗zal, ayni vaqtda naqadar o‗zbekona satrlar. Buyuk
ajdodimizning forsiy merosini shu qadar silliq, shu qadar teran, purma`no va sodda
tarzda o‗zbekchalashtirilganki, g‗azalning forsiy variantini o‗qib, uning ma`nosiga
zarracha putur yetmaganini ko‗rasiz. Shoir ijodiga xos go‗zal tashbihlar, so‗z
o‗yinlari, haqiqiy san`at darajasiga ko‗tarilgan quyma iboralar shundan dalolat
beradiki, u o‗z hayoti davomida yuqorida tilga olingan uch ulug‗ chashmadan
qonib-qonib suv ichdi. Bu obihayotdan yaralgan sohir g‗azaliyotini xalqimiz ustiga
erinmay sochdi, yuragiga joyladi.
Erkin Vohidov she`riyatining yana bir qudrati uning xalqona, mumtozona
ohanglarida, o‗ynoqi, jilvagar ekanligida. Biz yuqorida ta`kidlaganday uning aruz
358
va barmoq tizimida yaratilgan yuzlab she`rlari kuyga solindi, mumtoz, an`anaviy,
zamonaviy qo‗shiq ustalari tomonidan zavq bilan ijro etildi, xalqimizning
olqishlariga sazovor bo‗ldi. Sabab - bu she`rlarda so‗z san`atining fusunkor
jozibasi qiyomiga yetkazib ifoda etilganida, bir so‗z bilan aytganda - shoirning
mahoratida. ―Qadim zamonlardan she`riyat bilan musiqa bir onaning ikki egiz
farzandi kabi o‗xshash va yaqin, bir zarvaraqning ikki sahifasi kabi tutash va bir
butun bo‗lib kelgan. Hali kitobat san`ati dunyoga kelmagan zamonlarda, odamlar
xarsang toshga shakllar chizib yurgan paytlarda xalqning dardi, armoni bo‗lgan
she`riyat musiqa qanotida parvoz qilib yurgan, - deydi shoirning o‗zi. – Rudakiy va
Hofizning, Navoiy va Fuzuliyning o‗lmas baytlari ham xalq orasiga qo‗shiq bo‗lib
tarqalgan, qo‗shiq qanotida minglar, millionlar yuragiga kirib borgan.‖ (Erkin
Vohidov. Qo‗shiq umri poyidor. Ziyouz.uz. 01.12.2015).
Erkin Vohidov she`riyatidan dunyoga kelgan qo‗shiqlar mundarijasiga nazar
tashlasangiz, ularning birontasi ham buyurtma, yoki biron sana munosabati bilan
yaratilmaganligiga ishonch hosil qilasiz. Xalqimiz sevgan xonandalarning deyarli
barchasi bu betakror she`riyatdan betakror qo‗shiqlar yaratishga ulgurdi. Bu borada
ustoz san`atkor, O‗zbekiston va Tojikiston xalq artisti Sherali Jo‗raevning barakali,
unumli faoliyat ko‗rsatayotganini alohida ta`kidlash joiz. So‗z jozibasini, she`r
sehrini chuqur anglaydigan, o‗zi ham kezi kelganda dilbar she`rlar yarata oladigan
hofiz ilk qo‗shiqlaridayoq Erkin Vohidov ijodiga murojaat qilgani sir emas.
Yetmishinchi, saksoninchi yillarda ―Yoshlik devoni‖dagi eng sara g‗azallar
asosida dunyo ko‗rgan qo‗shiqlar Sherali Jo‗raev repertuaridan mustahkam joy
olgan, havaskor san`atkorlar, butun xalq tomonidan sevib kuylangan. O‗zbek
qo‗shiqchilik san`atining oltin fondidan joy olgan bu qo‗shiqlar hozir ham tildan
tushmay kelyapti. ―O‗zbegim‖ qasidasini oling. Bu g‗azal ―Yoshlik devoni‖da
e'lon qilinganda aruzga ―arxiv she`riyati‖ deb qarovchi ayrim adabiyotshunoslar
tomonidan uncha xush ko‗rmay, oddiy, jo‗n she`r sifatida qabul qilingan edi
(masalan, adabiy tanqidchi Norboy Xudoyberganovning yetmishinchi yillar
matbuotidagi chiqishlarida). Lekin g‗azal ham, qo‗shiq ham yarim asrdan ziyod
vaqtdan beri xalq og‗zidan tushmay kelayotgani bunday adabiyotshunoslarning
fikri xato ekanligini ko‗rsatmaydimi!
Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, o‗zbegim.
Senga tengdosh Pomiru Oqsoch Tiyonshon, o‗zbegim.
So‗ylasin Afrosiyobu so‗ylasin Urxun xati,
Ko‗hna tarix shodasida bitta marjon, o‗zbegim.
Bu baytlar nafaqat bu ikki ijodkorga shon – shuhrat keltirdi, balki kurrai
zaminimizda o‗zbekman deb yashayotgan, tomirida o‗zbek qoni oqayotgan barcha
insonlarga o‗zlarining o‗zbek ekanligini his etish baxtini ham berdi. Aytib ado
qilolmaydigan tariximizni, buyuk ajdodlarimizni, o‗chmas qadriyatlarimizni
bildirishdi, yodimizga keltirishdi bu ikki alloma zamondoshimiz. Shularning
borligi, yozgan nomalari, aytgan qo‗shiqlari ruhiyatimizni osmon qadar
yuksaklantirayotganligi – bu bizning iqbolimizning ham balandligidir.
Men buyuk yurt o‗g‗lidurman, men bashar farzandiman.
Lekin avval senga bo‗lsam, sodiq o‗g‗lon, o‗zbegim.
359
Bunday baytlarni o‗qib, tinglab, badanimiz jimirlab ketmaydimi? Bitta ta'rif
bilan aytganda, ―O‗zbegim‖ qasidasi millat sha'niga qo‗yilgan haykal emasmi!
Ustoz Sherali Jo‗raevning yakkaxon kontserti dasturidagi barcha qo‗shiqlar
tinglovchini rom qilmay qo‗ymaydi, albatta. Ijrochining mahorati shundaki, u
murakkab janrdagi mumtoz g‗azallarni ham xalqqa tushunarli tarzda yetkaza olish
qobiliyatiga ega. Buning uchun u she`rda aytmoqchi bo‗lingan fikrni avvalo o‗zi
chuqur anglab yetadi, shundan so‗nggina qo‗shiq yaratishga kirishadi.
Bu o‗rinda ―Yor yiroqqa yo‗l olur‖ qo‗shig‗i alohida o‗rin egallaydi.
Navoiyning nafis bir g‗azaliga O‗zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov muxammas
bog‗lagan bu qo‗shiq avvalroq, 1989 yilda suratga olingan ―Sherali va Oybarchin‖
badiiy fil`mida ham Sherali Jo‗raev tomonidan ijro etilgan edi.
Ayriliq oni yaqindur, kema yo‗l bongin chalur.
Vah meni tashlab firoqqa, yor yiroqqa yo‗l olur.
Jon borib jono bila, sohilda bir jismim qolur.
Mavj ila daryo kibi, oshifta qalbim qo‗zg‗olur.
Vah meni tashlab firoqqa, yor yiroqqa yo‗l olur.
Qo‗shiqning g‗amnok so‗zlariga, ayriliq oldidan oshiq chekayotgan afg‗on
ifodalangan satrlarga ko‗z tiking. Muxammas talablariga ko‗ra ularning dastlabki
uch qatori Erkin Vohidov, keyingi ikki qatori esa Alisher Navoiy qalamiga
mansub. Ditqqat qilsangiz satrlardan birontasida ham ma`no uzilishini sezmaysiz.
Buning ustiga Erkin Vohidov buyuk allomaning baytida ifodalangan chuqur dard
ifodasini kamoli mahorat bilan ifoda eta olgan.
Boshqacha aytganda, muxammasning beshala satri ham she`r ma`nosini
to‗ldirishga, yaxlit bir beshlikka xizmat qiladi. Bu Erkin akaning o‗z ma`naviy
ustoziga naqadar yaqin darajada ijod qilish maqomiga yetishganini ko‗rsatadi. Endi
qo‗shiqqa kelsak. Hofizimizning beqiyos shirali ovozi, musiqaning oshiqlarning
ayriliq oldidagi holatini beruvchi mungli nolasi tinglovchi ko‗z o‗ngida ―ishqiy
kechinmalarni, ikki sevishgan, sevilgan dillarning o‗ziga xos armonli dunyosini
namoyon qiladi. Ishq – bu shundayin bir ne'matki, har kim ham muhabbatning
sehrli olamiga bexos kira olmaydi. Har qanday sevgan kishiga ham uning ―Bog‗i
Eram‖lardagiday hushbo‗y iforlarini hidlash nasib qilmas, har kimni ham bu o‗t
yondirmaydi. Jondan kechmasang, oh – dod urmasang, ko‗z yosh to‗kmasang,
demakki, sevmagansan, kuymagansan.
Men necha aydim ko‗ngul, jondan kechib yor sevma deb.
So‗ng yiroqqa ketsa tashlab, urma oh-dod dema deb.
Ketdi yor – bas endikim, aytdi yoshingni tiyma deb.
Yig‗lama ey ko‗z nadin, sohilg‗a chiqmas kema deb.
Ko‗z yoshing daryo bo‗lib, har sorikim el ko‗z solur.
Yana o‗sha kechmish... yana ayriliq, yana firoq, yana bularning hammasiga
birgina davo – sabr. Yig‗lamoqdan sira foyda yo‗q, o‗rtada oqar daryo – ul oy
kemada. Shukurlar bo‗lsinkim, sabr mavjud, sabr kangulda, kangul ul oyda, ul oy
kemada.
Vidolashuv chog‗idagi bu ohu ko‗zning mungrayib, termulib turishi – har
qanday sabrlining ham ―jonini oladi‖.
360
Ey falak bas yig‗lama, yo‗q foyda, ul oy kemada.
O‗rtada daryoyu men bu joyda, ul oy kemada.
Kelmas endi oyda ne, ming oyda, ul oy kemada.
Sabr kangulda, kangul ul oyda, ul oy kemada.
Vahki borib, termulib, ko‗z mungrayib jonim olur.
Qo‗shiqning so‗nggi bandlari oralig‗idagi musiqaning nolishi - shunchalar
mungli, shunchalar mahzun, shunchalar mayusdan – ma`yus-ki, tinglovchining bu
g‗amzada ohanglarni malolsiz tinglashi ham shunchalar mushkuldan – mushkul.
Muxammas so‗ngida Navoiyning xulosasiga hamohang tasavvufona bitiklar
ko‗ramiz. G‗azal maqtasi fano bahri Navoiy ilkiga (qo‗liga) boda kemasini olgach,
g‗am varag‗idan chaqinlar chaqishi bilan yakunlanadi. Menga jonim haqi –
qadahni ber, ey piri dayr, deya xitob qiladi shoir. Bu satrlar Erkin Vohidovga
tegishli va qadah bu ishq intihosida vahdad mayiga sezilgan tashnalik ehtiyojini
ifodalaydi:
Sun qadah, bergil manga jonim haqin, ey piri dayr.
Kim qadahlar zarbidan, chiqsin chaqin, hey piri dayr.
Bormu Erkinga ul Ustoddin yaqin, ey piri dayr.
Barq etar bahri fano, g‗am zavraqin, ey piri dayr.
Ilkiga chunki Navoiy boda kishti sin olur.
Ikki buyuk ijodkor tomonidan yaratilgan ikki san`at – she`riyat va
qo‗shiqchilik bobidagi fikrlarimizni muxtasar qilib aytmoqchimizki, Erkin
Vohidovning butun hayot yo‗li, ijodi mumtoz adabiyotga daxldor bo‗lib, uning
shoh asarlari aruz san`ati shodasida bitta marjon bo‗lib yal-yal tovlanmoqda.
Mumtoz she`riyat uning asarlarini musiqa ustalariga oshno qildi va natijada o‗lmas
qo‗shiqlar dunyoga keldi.
San`atga baxsh umrning ajib mo‗'jizasi bor,
U dunyoni tark etsa, undan dunyo qoladi.
Odam umri sarhadli, qo‗shiq umri poyidor,
Navosoz yuraklarda o‗lmas navo qoladi.
Buyuk shoirning Yunus Rajabiy xotirasiga bitgan mana shu to‗rtlikni uning
o‗ziga ham bemalol tadbiq qilsak, bo‗ladi. Zero, undan ham ming-minglab navosoz
yuraklarda o‗lmas navo qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |