I.2.Islom muqaddas manbalarida ilm xaqida
Odamlarga to`g`ri yo`l ko`rsatish savobi haqida gapirib, Payg`ambarimiz (s.a.v.) Muoz ibn Jabalni Yamanga valiy qilib jo`natayotib: “Alloh taolo sen tufayli bir insonni hidoyat qilishi dunyo va undagi bircha narsalar seniki bo`lishidan yaxshiroqdir”,-degan.
Xuddi shuningdek, “Kim insonlarga ta`lim berish maqsadida bir bob ilm o`rgansa, unga etmish siddiqning savobi beriladi”, --deydi Rasululloh (s.a.v.).
Yana bir diqqatga sazovar jumla Iso (a.s.)dan rivoyat qilinadi: “Kim ilm o`rganib, unga amal qilsa va uni boshqalarga o`rgatsa, butun osmon farishtalari orasida “Buyuk”deb-chaqiriladi”,-degan.
Biz yuqorida ilm berish vojibligi, ilmni boshqalardan yashirish haromligi haqida to`xtalgan edik. Ammo kishi bor ilmini boshqalardan yashirmasligi farz ekanligiga dalolat ham mavjud. Payg`ambarimiz (s.a.v.) marhamat qiladilar: “Ilm o`rganib, uni boshqalardan yashirgan kishini Alloh taolo qiyomat kuni olovli yugan bilan yuganlab-qo`yadi”.
Ulug` zotlardan biri aytadi: “Olimlar zamona chiroqlaridir. Har bir olim zamonasining chirog`i bo`lib, o`sha zamonasidagi kishilar ularning nuridan foydalanadi.”
Hasan Basriy aytadi: “Olimlar bo`lmaganida insonlar chorva mollari kabi bo`lib qolardilar”. Muoz ibn Jabal ilm o`rganish va o`rgatish haqida aytadilar: “Ilm o`rganinglar, zero uni o`rganish--Allohdan qo`rqish, uni talab qilish - ibodat, muzokarasi—tasbih , uni izlash—jihod , bilmaganga o`rgatish—sadaqa, uni o`z ahliga bildirish—Allohga qurbatdir. Ilm tanholikda hamroh, xilvatda do`st, to`g`ri yo`l ko`rsatuvchi dalil, xursandligu xafalik paytida ko`makchi, do`stlar oldida vazir, begonalar oldida yaqin do`st va jannat yo`lining minorasidir. Alloh ilm bilan qavmlarini yuksaltirib, etakchi qilib qo`yadi. Ular odamlarni yaxshilikka etaklaydi, boshqalar ularning izidan yuradi, qilgan ishlari e`tiborli bo`ladi. Har bir quruq va ho`l narsalar, hattoki dengizdagi baliqlaru hashoratlar, yovvoyi va barcha hayvonlar, osmon va undagi yulduzlar ularning haqiga istig`for aytadi”.
Imom G`azzoliy o`zining “Iyohu ulumid-din” asarida inson uchun “nafis marg`ub narsa”, ya`ni inson erishmoq uchun intiluvchi narsalari uchga bo`linadi, deydi. Tani sog` va “aynan o`zi istalgan narsa”ga esa faqat ilm bilan erishiladi. Saodati abadiyaga ilm va amalsiz hargiz erishish mumkin emas. Ilmning samarasi olamlar Parvardigoriga qurbat hosil qilish va farishtalar darajasiga erishish.
Insonlarning g`oyasi, maqsadi din va dunyoga aloqadordir. Diniy nizom dunyoviy nizomsiz vujudga kelmaydi. Dunyoni vatan va doimiy qarorgoh deb tushinmasdan, uni vosita sifatida bilganlar uchun dunyo Allohga eltuvchi yo`ldir.
Imom G`azzoliy ta`limotiga ko`ra, ilm o`rgatish bir jihatdan Allohga ibodat bo`lsa, ikinchi jihatdan Allohga xalifa - vakil bo`lishdir. Alloh xalifasi bo`lgani uchun olimlarning qalbiga o`zining xos sifati bo`lmish ilmni beradi. Olim Allohning eng qimmat baho xazinasiga xazinachi demakdir. Bu xazinaga muxtoj bo`lgan har qanday kishiga undan ulashish, ehson qilish huquqi muallimga berilgan.
Alloh taologa yaqinlik hosil qilishda va jannatga etaklashda banda bilan Allohning orasida vositachi bo`lishdan-da ulug` martaba (yo`q!).
Alloh taolo fazlu karami bilan bizni shunday ulug` vositachilar jumlasidan aylasin.
Endi bevosita talaba odoblari va ustoz vazifalariga e`tibor beraylik. Tolibi ilm odoblari bir qancha. Biz ayrimlari xususida to`xtalib o`tamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |