I-bob. Islom hayotida ilmning o’rni.
I.1 Ilm to’g’risida dastlabgi fikrlar
Islom dini ta`limoti shakllanishi va halq e`tiqodiga aylanishi jarayonida ilm va ma`rifatga undash bu ta`limotning asosiy mazmunini tashkil etdi. Barcha ilmlarni biluvchi, barcha hikmatlar sohabi Alloh Taolo hisoblanadi.
Payg`ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bobosi kabi Jabal an-Nur (Nur tog`i)dagi Hiro g`origa borib, ibodat qilar va xayolatga berilar edi. SHunday sharoitda, Ramazon oyi oxirlab qolganida, Payg`ambarimiz (s.a.v.) 40 yoshga etganlarida farishta Jabroil orqali kelgan dastlabki vahiy mazmuni shunday edi:
Mehribon va rahmdil Alloh nomi bilan.
“(Ey, Muhammad, butun borliqni) yaratgan zot bo`lmish Robbingiz nomi bilan o`qing! U insonni laxta qondan yaratdi. O`qing! Robbingiz esa karamli zotdir. U insonga qalam bilan (yozishni) o`rgatgan zotdir. U insonga bilmagan narsalarini o`rgatdi.”
Mazkur oyatlardan ko`rinadiki, avvalo islom dinining muqaddas kitobi nozil bo`la boshlagan dastlabki so`zdanoq o`qimoq uchun undov mavjud edi. Dinimiz ma`naviyati rivojida ajdodolarimiz hissasi beqiyosligi, mamlakatimizda qurilgan qator ma`naviy obidalar ahamiyati jahon jamoatchiligi e`tirofiga sazovar bo`ldi va 2007-yil ta`lim, fan va madaniyat masalalari bo`yicha islom tashkiloti - AYSESKO (ISESCO) tomonidan Toshkent shahri “Islom madaniyati poytaxti” deb e`lon qilindi. Prezidentimiz I.A. Karimov bu voqeaga o`z munosabatini bildirib, “agarki tariximizga nazar tashlaydigan bo`lsak xoki-poklari O`zbekiston tuprog`ida yotgan ulug` ajdodlarimiz, ne-ne mutafakkir zotlar asrlar mobaynida dunyoviy va diniy ilmlar sahasida qanday buyuk kashfiyotlar yaratgan, buning uchun qancha zaxmat va mashaqqatlar chekkanini ko`ramiz. Bugun biz guvoh bo`lib turgan yuksak e`tirof, avvalo, ana shunday ajdodlarimizning tabarruk nomlari va qoldirgan merosiga, o`zbek halqining islom madaniyati rivojiga qo`shgan beqiyos hissasiga berilgan munosib baho”5 , deb aytishi ayni haqiqatdir.
Inson uchun yoshlik davridagi vaqt shunday nozik va bebaho kapitalki, undan o`z vaqtida foydalanib, hayot uchun foydali bo`lgan xayrli amallar uchun sarf etmagan inson butun hayoti davomida nadomat bilan o`tishi shubhasizdir. Islomiy amallar ichida esa eng diqqatga sazovar va hurmat—ehtiromga loyiq bo`lgan hol - diniy va dunyoviy ilmlarni egalash va umri davomida shu ilmi asosida hayot tarzini yo`lga qo`yishdir. Omi, qo`liga kitob ushlamagan , hatto ziyolilar suhbatidan bebaxra bo`lgan millionlab odamlar bu dunyodan o`tdilar va hech bir keyingi avlod ularni yod etmadilar. Sababi, ular o`zlaridan keyin, faqat farzandlarini hisobga olmaganda, arzirlik iz qoldirmadilar va 1-2 avloddan keyin unutildilar. Lekin, mustaqilligimiz yillarida muqaddas ziyoratgohlar atrofida olib borilgan obodanlashtirish va ta`mirlash ishlari, halqimizning olim ajdodlar ma`naviy merosini faqatgina e`zozlash bilan cheklanib qolmay, ularga munosib vorislar bo`lib, ezgu amallarini davom ettirayotganligidan “...yurtimiz zaminida yashab o`tgan mutafakkir bobolarimiz, ulug` allomalar va aziz zotlarning muborak ruhlari shod” bo`layotganligi hammamizni quvontiradi va ma`naviy kamolot sari yanada ilhomlantiradi.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda islom dinida ilmga baho va ilmning o`rni qanday ekanligi masalasiga e`tibor berib ko`raylik.
Imom SHofe`iy rahmatullohi alayh har bir ilmning o`ziga yarasha fazilati borligi haqida shunday deydi: “Qur`onni o`rgangan kimsaning qiymati yuksalur, fiqhni o`rgangan kimsaning qadri oliy, hadis jamlaganning hujjati quvvatli, hisob o`rgangan kishining fikri go`zal, lug`at o`rgangan kishining tabiati daqiq bo`lur. Nafsining yomonligidan himoyalanmagan kimsaning ilmi unga foyda bermas”
Ilm avvalo insonni saxovatga o`rgatadi. Xususan, Imom Ismoil al-Buxoriydan shunday hadis keltiriladi : “ Hazrati Umar raziallohu anhu bunday deganlar: “Boshliq bo`lmasingizdan avval ilmni chuqur o`rganing! Rasululloh (s.a.v): “ikki narsadan o`zgasiga hasad qilmoq joiz emas, biri—kishiga Alloh taolo halol mol-dunyo bersa-yu, uni haq yo`lida sarflayotgan bo`lsa, ikkinchisi - kishiga Alloh Taolo ilmu hikmat ato etsa - yu, u shu tufayli oliy maqomga erishib, hukm surayotgan, odamlarga bilganini o`rgatayotgan bo`lsa”,-- deganlar”
Imom Abu Homid Muhammad ibn Muhammad al-G`azzoliy “Ihyou ulumid-din (din ilmlarini jonlantirish)” nomli kitobida Qur`oni Karimdan shunday oyat keltiradi : “Alloh, farishtilar va ilm ahllari - adolat bilan hukm qiluvchi yolg`iz Allohdan o`zga hech qanday tangri yo`q, faqat uning o`zi borligiga guvohlik berdilar.” Imom G`azzoliy aytadi: “Bu oyatda Alloh taolo avval o`zini, keyin farishtalarni, so`ngra ilm ahlini zikr etdi6. Mana shuning o`zi ilmning sharafli, fazilatli va ulug` ekanini anglash uchun kifoya qiladi.Qur`onda ilm fazilatlari haqida ko`plab ibratli oyatlar keltirilgan. Toha surasining 114 - oyatida shunday deyiladi: “(Ey Muhammad) ayting: “Parvardigorim, ilmimni yanada ziyoda qil!” YOki, Zumar surasining 9-oyatida: “Ayting: Biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo`lurmi ?!”. Mujodala surasining 11-oyatida: “Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja - martabalarga ko`tarur.” Imom G`azzoliy ushbu oyat mazmuni yuzasidan Ibn Abbos (r.a)dan iqtibos keltiradi. Ibn Abbos (r.a) aytadilar: “Olimlarning darajasi ilm olmagan mo`minlarning darajasidan etti yuz daraja yuqoridir. Ilm fazilatlari haqida Qur`on suralaridan tashqari, hadislarda ham qator ko`rsatmalar mavjuddir. Diqqatga sazovar hadislardan birida: “Olimlar payg`ambarlarning vorislaridir”,--deyiladi. YAna, “Hikmat sharafli kishining sharafini ziyoda etadi va qulni podshohlar darajasiga ko`taradi.” Islom ta`limotida o`z bilimlari bilan o`zgaga va o`ziga foydasi tegadigan shaxslar yuksak baholanadi. “Odamlarning afzali hojat tushsa, foyda beradigan, behojat bo`linsa, o`ziga foyda beradigan iymonli olimdir”.43
Mavjud diniy adabiyotlarda, xususan Qur`oni Karimda ilm o`rganish fazilatlari haqida shunday deyiladi: “Axir ulardan har bir guruhdan bir toifa odamlar (jang uchun) chiqmaydilarmi?! (Qolganlari esa Madinada) dinni o`rganib, (jangga ketgan) qavmlari ularning oldilariga qaytgan vaqtlarida, u qavmlar Allohning azobidan saqlanishlari uchun ularni ogohlantirgani (qolmaydilarmi)?!” (Tavba surasi, 122-oyat). Demak , har qanday jangu jadallar vaqtida ham bir guruh odamlar jang qilganlari holda, boshqa guruh ilm bilan shug`ullanib, olgan ilmlari mazmuni bilan o`zgalarni ogoh qilishlari shart. Nahl surasi, 43-oyatida “Agar bilmaydigan bo`lsangizlar, ahli ilmlardan so`ranglar”, - deyilgan.
Abu Zarr rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Nabiy (s.a.v.): “Olimning majlisida hozir bo`lish ming rakat namozdan, mingta kasalni borib ko`rishdan afzaldir”, dedilar. Ibn Abbos (r.a) aytadilar: “Ilm olishda (qiynaldim), bir oz xorlandim, tilagim hosil bo`lgach, azizu mukarrram bo`ldim”.
Hakimlardan biri aytadi :“Men ikki kishiga achinganimchalik boshqa hech kimga achinmayman: ilmni tushunmasdan turib o`rgangan kishiga, ilmning muhimligini tushinib,uni,o`rganmagan. Inson bilim olsa-yu, uning fazilatlari va hayotga tadbiq etilishini bilmasa, bu zoe ketgan vaqt va zoe ilmdir. Umar (r.a) aytadilar: “Kunduzlari ro`zador, kechalari qoyim—bedor bo`lgan mingta obidning o`limi halol haromni ajrata oluvchi bir olimning o`limidan engilroqdir”.
Ilm olmoq, ilm uchun zahmat chekmoq jihoddir. SHuning uchun jihod deyilganda faqat muqadddas, yoki din uchun olib borilgan janglarni tushunmaslik kerak.Islom dini ta`limotiga ko`ra ilm olgan kishi o`z ilmidan o`zgalarni ham habardor qilib, ta`lim berish bilan ham shug`ullanishi kerak.
Qur`onda shunday deyiladi: “Eslang (Ey Muhammmad), Alloh kitob berilgan kimsalardan “Albatta, u Kitobni odamlarga ochiq bayon qilursizlar va yashirmaysizlar !”, deb ahd-paymon olgan edi”. Oldingi mavzularda aytib o`tganimizdek, Alloh tomonidan kitob ato etilgan payg`ambarlar yahudiylik, xristianlik va islom dini vakillari edilar. Qur`onning “Baqara ” surasida shunday deyiladi: “Biz Kitob ato etgan kimsalar (yahudiy va nasroniylar) uni (Muhammmad payg`ambarni) o`z farzandlari kabi taniydilar. Va ulardan bir guruhi bilganlari holda haqiqatni berkitadilar (Baqara surasi , 146-oyat). Demak ilmni boshqalardan yashirish, haqiqatni aytmaslik horomligiga ishora qilingan. Din yo`lida Kitobiy haqiqatga to`g`ri keladigan bilim—ilmdir .
Guvohlik hukmi bayon qilingan oyatda ham ilmni berkitishdan ogohlantiriladi: “Kim (guvohlikdan bosh tortish bilan) uni yashirsa, bas, uning qalbi osiy - gunohkordir”.
Do'stlaringiz bilan baham: |