Kassatsiya tartibida murojaat qilish obyekti (predmeti) sudning qonuniy kuchga kirgan, apellatsiya tartibida ko‘rilmagan hal qiluv qarori, shuningdek birinchi instansiya sudining apellatsiya tartibida ko‘rilmagan, qonuniy kuchga kirgan ajrimlari.
Mazkur holatlarda kassatsiya instansiyasiga kassatsiya shikoyati, xususiy shikoyat, kassatsiya protesti, xususiy protest beriladi.
Kassatsiya shikoyatlari (protestlarini) ko‘radigan sudlar:
1) Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari – tegishli fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan;
2) O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi – hududiy harbiy sudlarning va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan;
3) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining hal qiluv qarorlari, ajrimlari, qarorlari ustidan berilgan kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini) ko‘radi.
Kassatsiya shikoyati (protesti) kassatsiya instansiyasi sudi nomiga yo‘llanadi, lekin hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni chiqargan sudga beriladi.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rish muddatlari (FPKning 415-moddasi)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha kelib tushgan ishni u kelib tushgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay ko‘rib chiqishi kerak. Ish o‘ta murakkab bo‘lgan yoki boshqa alohida hollarda tegishli sudning raisi bu muddatni ko‘pi bilan yana yigirma kunga uzaytirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha kelib tushgan ishni u kelib tushgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay ko‘rib chiqishi kerak. Alohida hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning o‘rinbosari bu muddatni ko‘pi bilan yana bir oyga uzaytirishi mumkin.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rish muddati uzaytirilgan taqdirda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar ish ko‘riladigan kun to‘g‘risida oldindan xabardor qilinishi kerak.
Kassatsiya instansiyasi sudining ishni ko‘rish doirasi (FPKning 416-moddasi) sud ishni kassatsiya tartibida ko‘rayotganida sud hujjatlarining qonuniyligi, asoslantirilganligi va adolatliligini tekshiradi. Sud yangi dalillarni o‘rganib chiqishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin.
Kassatsiya instansiyasi sudi hay’at tarkibida ishni ko‘rib chiqadi, ishni yakuni sifatida ajrim chiqaradi, bunday ajrim esa darhol qonuniy kuchga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |