Birinchidan, ushbu institut fuqarolik protsessining muhim va mustaqil bosqichi sanaladi;
Ikkinchidan, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlarni nazorat tartibida tekshirish faoliyatini amalga oshiradi;
Uchinchidan, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlarni nazorat tartibida tekshirish orqali ularning qonuniy, asosli va adolatli ekanligini ta’minlaydi;
To‘rtinchidan, nazorat tartibida sud qarorlarini tekshirish faoliyati qonunda ko‘rsatilgan (FPKning 422-424-moddasi) maxsus subyektlar tomonidan amalga oshiriladi;
Beshinchidan, nazorat tartibida sud qarorlarini tekshirish va qayta ko‘rish faoliyatida maxsus subyektlar nomiga nazorat tartibida protest keltirish to‘g‘risidagi ariza berish yo‘li bilan fuqarolarning ishtiroki ta’minlanishiga yo‘l qo‘yiladi.
Oltinchidan, nazorat tartibida sud qarorlarini qayta ko‘rishda aniq protsessual qoidalar (maxsus subyektlar, sudga murojaat qilish muddati, ish ko‘rish doirasi, ishni talab qilib olish, sud qarorlari ijrosini to‘xtatib turish, ishni nazorat tartibida ko‘rayotgan sudning vakolatlari va boshq.) mustahkamlangan bo‘ladi.
Qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlarni nazorat tartibida tekshirishning ahamiyati shundaki, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarining himoyasi ta’minlanadi hamda qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar va qarorlarni qonuniy, asosli va adolatli ekanligini nazorat tartibida tekshirish imkoniyati tug‘iladi hamda fuqarolarning odil sudlovni amalga oshirish tizimiga bo‘lgan hurmat va ishonchi yanada ortadi.
Sud hujjatlari ustidan nazorat tartibida shikoyat qilish huquqi ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslarga berilgan.
Nazorat tartibida protest keltirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar:
O‘zbekiston Respublikasi har qanday sudining hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining protestlariga ko‘ra;
O‘zbekiston Respublikasi sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosarlarining protestlariga ko‘ra, bundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining qarorlari mustasno;
O‘zbekiston Respublikasi sudlarining hal qiluv qarorlari, ajrimlari va qarorlari ustidan – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosarlarining protestlariga ko‘ra, bundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining qarorlari mustasno.
|
Nazorat tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran bir yil ichida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi.
Nazorat tartibidagi shikoyat shikoyatga ilova qilingan materiallar bilan birga, zarur hollarda esa ishni talab qilib olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi tomonidan o‘rganiladi.
Shikoyatni o‘rganish natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi o‘z ajrimi bilan quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) sud hujjatlarini nazorat tartibida qayta ko‘rish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risida;
2) shikoyatni ish bilan birga mazmunan ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘tkazish haqida.
Qabul qilingan qaror to‘g‘risida nazorat tartibida shikoyat bergan shaxsga uch kunlik muddatda xabar qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |