YODDA TUTING !!!
Apellatsiya instansiyasida ish yuritish - fuqarolik protsessining mustaqil bosqichi hisoblanib, bevosita birinchi instansiya sudi tomonidan chiqarilgan sud qarorlarini qayta tekshirish vositalaridan biri sanaladi. Apellatsiya instansiyada ish yuritish uchun ikkita asos, ya’ni apellatsiya protesti va apellatsiya shikoyati berilgan va qonunda belgilangan tartibda sudlar tomonidan ish yuritish uchun qabul qilingan bo‘lishi lozim.
Apellatsiya tartibida ish ko‘rishning o‘ziga xos protsessual xususiyatlari sifatida quyidagilarni ko‘rsatib o‘tish lozim bo‘ladi:
♦ apellatsiya instansiyasi sudi qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlarini qayta ko‘rish vositasi ekanligi;
♦ ishlarni maxsus vakolat berilgan yuqori instansiya tomonidan hay’at tarkibidagi sudyalar tomonidan ko‘rilishi;
♦ apellatsiya shikoyati (protesti) ni berishda va ishni apellatsiya instansiyasida ko‘rishda maxsus muddatlarga rioya qilinishi;
♦ apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlarini to‘liq tekshirib chiqishi shartligi;
♦ apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishning yakuni sifatida qonunda belgilangan mazmundagi ajrim chiqarishga yo‘l qo‘yilishi va h.k.
|
Yuqoridagi protsessual xususiyatlar apellatsiya instansiyasi faoliyatini boshqa sud instansiyalari faoliyati bilan o‘zaro o‘xshash hamda farqli jihatlarini bilishga ko‘maklashadi.
Taraflar va ishda ishtirok etishga jalb qilingan boshqa shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxslar sudning hal qiluv qarori ustidan ushbu qaror chiqarilgan kundan e’tiboran yigirma kun ichida apellatsiya tartibida shikoyat qilishi, prokuror protest keltirishi mumkin.
Apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudi nomiga yo‘llanadi, lekin hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni chiqargan sudga beriladi.
Sud ishni apellatsiya tartibida ko‘rayotganda sud hujjatlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshiradi. U yangi dalillarni o‘rganib chiqishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin. Apellatsiya instansiyasi sudi sud hujjatini to‘liq hajmda tekshirib chiqishi shart.
Sud ishni apellatsiya tartibida ko‘rib chiqqach, o‘z ajrimi bilan:
1) hal qiluv qarorini, qarorni o‘zgarishsiz qoldirishga, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmaslikka;
2) ishni yangidan ko‘rish uchun o‘tkazmasdan hal qiluv qarorini, qarorni o‘zgartirishga yoki hal qiluv qarorini, qarorni butunlay yoki qisman bekor qilishga va yangi hal qiluv qarori chiqarishga;
3) hal qiluv qarorini, qarorni qisman yoki butunlay bekor qilishga hamda arizani ko‘rmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni tugatishga haqli.
|
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi (qarori) chiqarilishi bilanoq darhol qonuniy kuchga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |