FRAZEOLOGIK BIRLIKLARNING BADIIY TARJIMADA BERILISHI
Husenova Gulnora Saidovna
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani 40-maktab ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi
Bugungi kunda badiiy adabiyotlarda uchraydigan frazeologik birikmalarni tarjima qilish sohasida yuzaga kelayotgan muammolarga katta e’tibor berilmoqda. Lingvistik tarjimashunoslik bo’yicha yaratilayotgan ko’pchilik tadqiqotlarda tarjima nazariyasi va amaliyotining juz’iy masalalari bilan bir qatorda mazkur sohaning mahiyatini aks ettiradigan umumnazariy muammolar ustida ham keng ko’lamda
193
bosh qotirmoqda. Bu hol lingvistik tarjimashunoslikning tadqiqotchilar e’tiborini borgan sari ko’proq o’ziga tortayotganligidan dalolat beradi.
Tilning leksik birliklariga nisbatan birmuncha murakkab tarkibli lisoniy vositalari bo’lmish frazeologik birliklarni tarjimada adekvat talqin etish tarjima amaliyotining o’ta murakkab va shu bilan birga, juda mas’uliyatli masalalaridan hisoblanadi. Chunki frazeologik birliklar nutqning badiiy-tasviriy vositalari sifatida fikrning oddiy, betaraf bayonidan ko’ra ko’proq turli-tuman uslubiy vazifalarni ifoda etishda ishtirok etadilarki, ularni ushbu vazifalarini hisobga olgan holda, ularning tarjimada bejirim talqin etishga intilish badiiy asarning obrazli hamda hissiy-tasviriy qiymatini qayta yaratish yo’lidagi jonbozlik bilan chambarchas bog’liqdir.
Frazeologik birliklarni tarjima qilishning o’ta murakkab amaliy jarayon ekanligi asosan mazkur birliklar tabiatiga – ularning leksik, semantik va qurilish jihatdan murakkabligiga bog’liqdir. Boz ustiga, talay frazeologizmlar milliy xususiyatga egadirlarki, bu hol ham tarjimonlar oldiga qator amaliy qiyinchiliklarni ko’ndalang qilib qo’yadi.
Asl nushada qo’llanilgan frazeologik birliklar tarkibidagi badiiy muqoyasalar umuminsoniy haqiqat, ma’lum va mashhur tarixiy dalillar, tarjima tili vakillariga yaxshi tanish narsa va boqea- hodisalar asosida yuzaga kelgan bo’lsalar, boz ustiga muqoyasa unsurlari orasidagi mantiqiy bog’lanish ko’zga yaqqol tashlanib tursa, bunday frazeologik birliklarni kalka usulida tarjima qilish aksariyat hollarda adekvatlikni yuzaga keltiradi.
Frazeologik birliklarni tasviriy yo’l bilan talqin qilish kitobxonga ularning ma’nolarinigina yetkazib beradi, uslubiy vazifalarini so’ndirib, ifodalarni badiiy-tasviriy xususiyatdan mahrum qiladi.
Ma’lumki, xalqlarning turli tabiiy, iqtisodiy, ijtimoiy -siyosiy sharoitlarda yashashlari natijasida ularning ongi, dunyoqarashi va axloqida goho bir -biridan farq qiladigan turli tuman o’ziga xos tushuncha va qarashlar shakllanadiki, ular so’zsiz o’sha xalqning tilida o’z aksini topadi. Shunga ko’ra ayrim narsa va hodisalar hamma tillarda bir xil timsolli mazmun kasb etavermaydi. Bir tilda muayyan hislat yoki sifat timsoli bo’lgan narsa yoki voqea-hodisa boshqa bir tilda o’sha xususiyat ramzi bo’la olmasligi mumkin. Masalan, tropik iqlim sharoitida yashovchi xalqlar qor nimaligini ko’z oldiga keltira olmagan bir paytda ularning tillarida ijobiy baholanayotgan bir narsaning ittifoqo “qor”ga o’xshatilishi zaruriy obrazli ifodani yarata olmaydi. Binobarin, eslatilgan tushunchalar asosida qaror topgan lisoniy birliklarni o’zgacha sharoitlarda istiqomat qiladigan xalqlar tiliga o’girish tarjimon oldiga qator muammolarni qo’yadi.
O’zbek tilida tim qora, ya’ni chiroyli, jozibador ko’zning charosga muqoyasa qilinishi fikrni obrazli ifoda etishni an’anaviy uslubi bo’lib, rus tilida bunday vazifa “qora smorodina” – “chyornaya smorodina” zimmasiga yuklanadi. Shu asosida mazkur tillarda “charosdek qop-qora ko’zlar” va “glaza chernыe kak mokraya smorodina” komporativ frazeologik birliklari hosil bo’lganki, tarjimada ularni ekvivalentlar sifatida tan olib, birini ikkinchisi orqali talqin etish progmatik adekvatlikni yuzaga keltiradi. Birliklar tarkibidagi “smorodina” va “charos” so’zlari anglatadigan ma’nolar mahalliy hususuyatga ega ekanliklari tufayli mazkur so’z birikmalarini kalka usuli vositasida o’girib bo’lmaydi. Bunday o’ziga xosliklar boshqa tillarda ham ko’zga tashlanadi. Masalan, dilbar qizning yuzi inglizlar nazarida “gilos”ga yoki “atirgul”ga o’xshatilsa, o’zbeklar ta’rifida “olma”ga muqoyasa qilinadi, ingliz tilida beozorlik timsoli sifatida “kabutar”, o’zbek tilida “musicha” qabul qilingan.
Demak, tarjima turli xalqlar adabiyotlarining o’zaro aloqasi va bir-biriga ta’siri jarayonini tezlashtiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |