1.3. Respublikamizda keng tarqalgan va tumanlashtirilgan yeryong’oq navlarining asosiy qimmatli xo’jalik belgilari
“Toshkent-112” navi - var anthocyanica Z. Luz - botanik tur xiliga mansub.
Bu nav O’simlikshunoslik ilmiy tadqiqot institutining O’rta Osiyo tajriba stantsiyasida yaratilgan. Bu nav poyasi tik o’suvchi, baland bo’yli poya hosil qiladi. Barglari ovalsimon-uzunchoq. Dukkak po’stlog’i 27-33% ni tashkil etadi. Dukkakdagi urug’lar soni 3-4 ta. O’rta ertapishar, vegetatsiya davri 140-150 kun, hosildorligi o’rtacha 15-17 ts/ga, mayda qizil urug’li, 1000 dona urug’ og’irligi 350-400 g. Urug’dagi moy miqdori 51-53%. Quruq meva sifatida iste’mol qilishga va moy ishlab chiqarishga yaroqli.
“Qibray-4” navi tavsifi. K-1772 (AQSH) kollektsion namunalaridan guruhlab tanlash yo’li bilan yaratilgan. Mualliflar: Ye.N. Ivanenko, Yu.F. Uzaqov, B. Amanturdiev, K. Axmedov, T.K. Baymatova.
Virjiniya shoxlanish turiga mansub bo’lib, o’simlikning shakli yarim shoxlanuvchan, poyasi yoyilgan, o’rtacha baland likda, dukkagi yirik. Dukkagining shakli bukri to’lqinsimon, sathi biroz chuqur, xira-sariq, po’sti o’rta-dag’al, o’rtasi biroz qisiq, choki o’rtacha. Urug’ining rangi pushti, cho’zinchoq ovalsimon shaklda. 1000 ta donning vazni 750-800 g. Ushbu nav yirik mevali, donli va yuqori hosildorli. O’rtacha hosildorlik sinov yillarida Samarqand nav sinash shaxobchasida gektaridan 26,4 tsentnerni tashkil etgan. Nav o’rtapishar, 138-145 kunda pishadi. Texnika bilan yig’ishga yaroqli. Dukkagining birikib turishi yuqori-5,0 ball, pishishi 82,0%. Donining yog’ miqdori 48,5, oqsil 21,0%.
“Mumtoz” navi tavsifi. “L-5 X ICGV-94088” (Hindiston) kollektsion namunasini yalpi tanlash yo’li bilan yaratilgan. Mualliflar: M.E. Amanova, A.S. Rustamov, SH. Nigam, R.F. Mavlyanova, Z.I. Holiqulov.
Virjiniya nav tipiga mansub bo’lib, o’simlik yarim tik o’suvchi, o’rtacha shoxlanuvchan. Dukkagi yirik dukkagining shakli bukri to’lqinsimon, sathi biroz chuqur, xira-sariq, po’sti o’rta-dag’al, o’rtasi biroz qisiq, choki o’rtacha. Urug’ining rangi to’q qizil, cho’zinchoq ovalsimon shaklda. Nav o’rtapishar, 138-145 kunda pishadi. Hosildorlik ko’rsatkichi o’rtacha 27-28 ts/ga. 1000 ta urug’ning vazni
686,0-710,0 g. Texnika bilan yig’ishga yaroqli. Dukkagining birikib turishi yuqori-5,0 ball, pishishi 80,0%. Donining yog’ miqdori 48,5%, oqsil 18,0%. Nav qishloq xo’jalik kasalliklari va hasharotlariga bardoshli. Davlat reestriga 2006 yilda kiritilgan.
“Salomat” navi tavsifi. O’z008418 kollektsion namunasidan yalpi tanlash yo’li bilan yaratilgan. Mualliflar: M.E. Amanova, A.S. Rustamov, SH. Nigam, Z.I. Holiqulov.
Valensiya nav tipiga mansub bo’lib, o’simlik tik o’suvchi, poyasi o’rtacha balandlikda, dukkagi yirik. Dukkagining shakli bukri to’lqinsimon, sathi biroz chuqur, xira-sariq, po’sti o’rta-dag’al, yong’og’i 3 ba’zan 4 urug’li, o’rtasi biroz qisiq, choki o’rtacha, urug’ining rangi to’q qizil, cho’zinchoq ovalsimon shaklda.
Nav o’rtapishar, 138-140 kunda pishadi. 1000 ta urug’ning vazni 540,0 g. Nav yirik mevali, yirik donli va hosildor. Texnika bilan yig’ishga yaroqli. Dukkagining birikib turishi yuqori-5,0 ball, pishishi 85,0%. Donining yog’ miqdori 50,0%, oqsil 17,0%. Takroriy ekin sifatida ekishga tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |