I. ASOSIY QISM.
1.1. Yeryong’oq o’simligining xalq xo’jaligidagi ahamiyati va tutgan o’rni
Yeryong’oq urug’ining tarkibida 48-50% yengil hazm bo’luvchi moy bo’lib, sanoatda undan xushta’m “araxis” moyi ishlab chiqariladi. Yeryong’oq moyi mazasi bo’yicha zaytun moyidan qolishmaydi. Yeryong’oq moyidan turli sabzavot ekinlaridan yuqori sifatli konservalar va margarin tayyorlashda, qandolatchilik hamda parfyumeriya sanoatida keng qo’llaniladi. Birgina qandolatchilik sohasida yeryong’oq 60 dan ortiq mahsulotlar, jumladan: is’temol moyi, shokoladlar, pechenьe, xolva, kofe, konfet, muzqaymoqlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishda asosiy xomashyo hisoblanadi.
Yeryong’oq mag’zi tarkibida moydan tashqari 20-25% yuqori sifatli yengil hazm bo’luvchi oqsil, mineral va vitaminlar mavjud. Yeryong’oqda oqsilni hosil qiluvchi aminokislotalarning oson singdira olish xususiyatiga ega ekanligi ozuqaviy qadrini orttiradi. SHu sababdan, yeryong’oq urug’i sof shaklda yoki qovurib yengil ozuqa holida ko’p iste’mol qilinadi.
AQSH, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Hindiston, O’zbekiston va boshqa yeryong’oq yetishtiruvchi mamlakatlarda bu ekin urug’larini ezib maydalash va ularga lazzat beruvchi moddalarning aralashtirilishi natijasida yeryong’oq moyi olinadi. Bu mahsulot bolalar tomonidan sevilib iste’mol qilinadi. Yeryong’oq oqsilidan sintetik tolalar, unidan esa yelim tayyorlanadi. Yeryong’oq unidan tayyorlangan yelimlar hayvon suyaklaridan qilingan yelimga o’xshaydi. SHuningdek, yong’in o’chirishda ham ishlatiladi.
Yeryong’oq urug’larida o’rtacha 18% uglevod, ko’p miqdorda K, Ca, Mg, P va S kabi mineral moddalar mavjud. SHuningdek, A, B va E kabi vitaminlarga boy. Asosan, ovqatlanish nuqtai nazaridan muhim hisoblangan yog’ kislotalari 8 ta turining o’z tarkibida mavjudligi tufayli, yeryong’oq moyining ozuqaviy qadri ortmoqda. Kunjara sanoatida muhim bo’lgan hayvon ozuqasi hisoblanadi.
Kunjarada taxminan 45 foiz oqsil, 24 foiz azotsiz moddalar va 5,5 foiz mineral moddalar bor. Rivojlangan davlatlarda aralash yemlarning qilinishida ko’p miqdorda yeryong’oq kunjarasidan foydalaniladi. Yeryong’oq kunjarasiga o’zgacha shakllarda ishlov berilib, inson oziq-ovqati sifatida ham iste’mol qilinishi mumkin.
Yeryong’oq poyasi mineral va vitaminlarga boy bo’lib, to’yimliligi bedadan qolishmaydi. Yeryong’oq moyi ishlab chiqarish jarayonida ajratib olinadigan kunjarasi tarkibining 48 foizini oqsil va 8 foizini moy tashkil etadi. Bu esa bo’rdoqichilik, cho’chqachilik va parrandachilikda bebaho oziqa hisoblanadi. Bundan tashqari, yeryong’oq kunjarasidan non mahsulotlari ishlab chiqarishda ham foydalaniladi. Yeryong’oq kunjarasi qo’shib tayyorlangan pechenьe va non mahsulotlari juda mazali bo’lib, narxi balandligiga qaramasdan xaridorgir hisoblanadi.
O’simlik qoldiqlari tarkibida katta miqdorda fosfor, kaliy mavjud bo’lib, tuproqni turli organik moddalar va minerallar bilan boyitadi.
Uy sharoitida yong’oqlaridan ajratib olingan po’stlog’i chorvachilikda qish mavsumida yosh buzoqlar, sog’in va homilador sigirlarning tagiga zax o’tkazmaslik uchun solinadi. Sanoatda esa, ushbu yong’oq po’stloqlaridan qurilish mahsulotlari (DSP, shovqindan himoyalovchi izolyator vositalari) ishlab chiqarishda ham foydalanish mumkin.
Qobiqlari tarkibida 5% azot, 3% kaliy va kremniy mavjud bo’lganligi bois hayvon yemi tariqasida yoki sun’iy taxta ishlab chiqarishda ishlatiladi. Qobiqlardan olov yoqish maqsadida ishlatilgani kabi, qalay va misdan ishlangan idishlarga jilov berilish jarayonida ham foydalaniladi.
Yeryong’oq dukkakli o’simlik bo’lgani uchun poyasi va barglari hayvonlar uchun ozuqa bo’ladi. Poyasi va barglari beda o’simligi kabi ozuqaga boy. Yashil chorva ozuqasi sifatida to’g’ridan-to’g’ri hayvonlarga berilgani kabi quritilgan tarzda to’plab qo’yilib, qish mavsumida hayvonlarga pichan ozuqasi sifatida beriladi. Yeryong’oqdan olingan urug’ hosiliga nisbatan bir yarim-ikki baravargacha quruq pichan o’ti olinadi. Yeryong’oqning pichanida 11% oqsil, 5% moy, 22% xom tsellyuloza, 42% azotsiz asosiy moddalar, 10% kul hamda 10% suv mavjud.
Dukkakli o’simlik bo’lgani uchun, boshqa dukkakli o’simliklarda bo’lgani kabi ildizlaridagi biologik azot hosil qiluvchi bakteriyalar yordamida havodagi erkin azot moddasini o’zlashtiradi. Ayni paytda, o’zidan keyin ekiladigan o’simlikka azot va tabiiy mineral moddaga to’yingan, unumdorligi yaxshilangan tuproq qoldiradi.
Yeryong’oqni parvarishlashda qator oralariga ishlov berilishi talab etiladigan o’simlik bo’lgani uchun, urug’lari unib chiqishidan toki hosil organlari shakllanish davrigacha bo’lgan vaqt davomiyligida yerga ishlov berib turiladi. Parvarishlash jarayonida begona o’tlardan tozalangani, atmosferadagi biologik azotni o’zlashtirib, tuproqda qoldirgani uchun almashlab ekish uchun yaxshi o’simlik hisoblanadi.
Yeryong’oq urug’ining namligi 18%, kislota soni 0,9 ng kon bo’lsa, 100 g urug’ning bir sutkada nafas olish tezligi 95,5 mg CO2 ga teng bo’ladi. SHu urug’larning nafas olish tezligi 3-4 kundan keyin 200 mg kon bo’ladi va kislota soni 7-8 marta ortib ketadi. Seryog’ yeryong’oq urug’ini qayta ishlash tajribasi shuni ko’rsatadiki, namligi 7-8% ga kelguncha quritilsa, uni saqlash oson bo’lar ekan. VNIIJ instruktsiyasiga ko’ra, uzoq muddat saqlanadigan urug’larning namligi quyidagicha: uzoq saqlanadigan urug’lar quruq va toza bo’lishi kerak. Yeryong’oq urug’ining namligi 9-11% bo’lsa quruq 13-14% bo’lsa o’rtacha nam, 14,5 dan ortiq bo’lsa nam deyiladi. Nam urug’larni saqlash oldidan quritish yoki tezda ishlatib yuborish kerak.
Yeryong’oq urug’i bugungi kunda ko’p uchraydigan kamqonlik kasalligini davolashda, shuningdek urug’idan emulьsiya tayyorlash uchun, moyi bodom moyi o’rnida dori moddalardan in’ektsion eritma hamda uchuvchan suyuq surtmalar va mingdevona moyi tayyorlashda qo’llaniladi. Urug’idan tayyorlangan emulьsiya bodom urug’i emulьsiyasi o’rnida me’da va ichak kasalliklarida ichni suradigan, yumshatadigan, o’rab oladigan, og’riq qoldiradigan mayin dori tariqasida, shuningdek talvasaga qarshi vosita sifatida ham qo’llaniladi. Bundan tashqari, yeryong’oq mag’zi gemorragik diatez bilan og’rib yurgan bolalarga davo qilishda yaxshi naf beradi, chunki tromboplastin hosil bo’lishini kuchaytiradi degan ma’lumotlar ham bor.
Bu ekin nafaqat mag’zi mazali bo’lib, to’g’ridan – to’g’ri va qovurilgan holda ham iste’mol qilish mumkinligi bilan, urug’idan xushta’am o’simlik moyi olish mumkinligi, poyasidan beda pichaniga yaqin chorva hayvonlari uchun to’yimli pichan oziqasi olish mumkinligi, eng muhimi shifobaxsh dorivor o’simlik sifatida qadim zamonlardan buyon xalq tabobatida qo’llanilib kelinayotganligi bilan ahamiyatlidir. Aprel oyida ekilganda, iyun oyi oxiri, iyul boshdan to kech kuzgacha gullaydi, sentyabr – oktyabr oylarida meva ya’ni dukkak tugadi. Vatani – Braziliya, Kavkazorti respublikalari, O’rta Osiyoning hamma hududlarida, jumladan O’zbekistonda ham fermer ho’jaliklarida asosiy ekin maydonlarida juda kam, ammo, Toshkent, Qashqadaryo, Namangan, Andijon, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida fermerlarimiz kuzgi bug’doy ekini yig’ib olingandan so’ng takroriy ekin sifatida katta maydonlarda yetishtirishayotganligi barchamizga ma’lum. O’zbekistonning sug’oriladigan maydonlarida yeryong’oq hosildorligi 35 - 40 ts/ga, Andijon nav sinash uchastkasida esa hosildorligi 61,0 ts/ga yetgan.
Holland olimlarining tadqiqotlar natijasida kelgan so’nggi xulosasiga ko’ra, kuniga ikki hovuch yong’oq yoki yeryong’oq iste’mol qiladigan insonlarning erta vafot etish ehtimoli kamayadi.
Niderlandiyadagi Maastrixt universiteti olimlari yong’oq va yeryong’oqlar bilan bog’liq tadqiqotni 10 yil davomida o’tkazganlar.
Bu tadqiqotda 55 dan 69 yoshgacha bo’lgan 120 ming inson ishtirok etgan.
Bundan oldingi tadqiqotlar yong’oq bilan yurak-qon tomir xastaliklari o’rtasidagi bog’liqlikni o’rgangan.
O’shanda ayrim turdagi yong’oq iste’mol qilish bilan muayyan xastaliklar o’rtasida aloqa borligi aniqlangan. Maastrixtdagi so’nggi tadqiqot xulosalariga ko’ra, agar bir kishi kuniga kamida 10 gramm yong’oq yoki yeryong’oq iste’mol qilsa, erta o’lim ehtimoli 23 foiz kamayadi.
Kim yong’oq yoki yeryong’oqni muntazam iste’mol qilib yursa, saraton, diabet, nafas yo’llari xastaliklari, nerv tizimi degenerativ kasalliklaridan o’lish hollari pasayishi ma’lum bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |