21-kazus O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari D. va A.lar o‘rtasida 2013-yil noyabr oyida Toshkent shahrida nikoh tuzilganidan so‘ng 1 oylik sayohat uchun Yevropaga jo‘nab ketishdi. Sayohat vaqtida ular o‘rtasida oilaviy nizolar kelib chiqishi natijasida har ikkalasini roziligi bo‘lsada, lekin mulkiy masalalarni kelishmagan holda, Angliyadagi O‘zbekiston elchixonasiga nikohni bekor qilish haqida murojaat qilishdi. Ushbu holatni o‘rganib chiqqan elchixona mulkiy masalada kelishmovchilik bo‘lsa, uni hal qilishga haqli emasligini asos qilib, O‘zbekiston sudiga murojaat qilishni tavsiya qildi hamda arizani ko‘rishni rad etdi.
Muhokama qiling: Vaziyatga huquqiy baho bering. Ushbu holatda elchixonaning harakatlariga milliy qonunchilikka binoan baho bering. Qaysi mamlakat huquqi qo‘llanilishini asoslang. Oila kodeksining 236-moddasi 3-qismiga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida nikohdan ajralish mumkin bo‘lgan hollarda bunday nikohdan ajralish O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalarida yoki konsullik muassasalarida amalga oshirilishi mumkin.
FHDYo organlarida nikohdan ajratish tartibi Oila kodeksi 42-moddasiga asosan, Voyaga yetmagan bolalari bo‘lmagan er-xotin nikohdan ajratishga o‘zaro rozi bo‘lsalar, ular nikohdan fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ajratiladi. Er-xotin o‘rtasida mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy ta’minot berish to‘g‘risida yoki ularning birgalikdagi umumiy mulki bo‘lgan mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risida nizo bo‘lgan taqdirda er-xotin yoki ulardan biri nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli. Demak mazkur qoidalarga asosan, diplomatik muassasa er-xotin o’rtasida mulkiy nizo mavjudligini hisobga olib, ularni sudga murojaat qilishini talab qilishga haqlidir.
22-kazus O‘zbekiston Respublikasi korxonasi va Janubiy Koreya kompaniyasi o’rtasida pudrat shartnomasi imzolandi. Koreya kompaniyasi shartnoma shartiga ko‘ra sahnani bezatish uchun turli sahna bezaklarini tayyorlash majburiyatini olgan. Shartnoma bir necha bosqichlarda ijro etilishi belgilangan hususan, buyurtmachi bilan kelishgan xolda bezak na’munalari, deraza va eshik pardalari xamda plastik ko‘rinishdagi bezaklarni tayyorlash va boshqa ishlarni o‘z ichiga olgan. Janubiy Koreya kompaniyasi o‘z majburiyatlarni bajardi, ammo O‘zbekiston Respublikasi korxonasi tovar haqini o‘z vaqtida to‘lamadi.
Muhokama qiling:: Mazkur munosabatni muhokama qiling. Taraflar o‘rtasidagi munosabatni tartibga soluvchi huquqni aniqlang. Mazkur vaziyatga nisbatan 1980-yildagi Xalqaro oldi-sotdi shartnomalari to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi tadbiq etiladimi? Mazkur munosabatlarga nisbatan FKning 1190-moddasiga asosan ya’ni birgalikdagi faoliyat yuritish shartnomasi va qurilish pudrati shartnomasiga nisbatan – ushbu faoliyat amalga oshirilayotgan, shartnomada nazarda tutilgan natija yuzaga keladigan mamlakat qonuni qo’llanilishi belgilangan. Shunday ekan sahnani bezatishi ishida natijalar O’zbekiston hududida vujudga keladi.
O’zbekiston kompaniyasi tomonidan ish uchun haqni to’lamaslik FKga asosan, majburiyatni bajarmaslik sifatida baholanadi. FKga asosan, Koreya kompaniyasi haqni undirish, o’zi uchun yetkazilgan zararni to’lashni talab qilishi mumkin.