16-kazus
O‘zbekistondagi ota-onalar va bolalar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, bolalarning O‘zbekiston yoki chet el fuqarosi ekanligidan qat’iy nazar, to‘liq ravishda mamlakatimiz qonunchiligi bilan tartibga solinadi. Chet ellik ota-onalar yoki chet ellik bolalarga nisbatan umumiy tartibdan hech narsa istisno qilinmaydi. Ota-onalar bolalarning tarbiyasi bilan shug‘ullanishlari, bolalar esa ota-onalari uchun jon kuydirishlari, ularga yordam berishlari zarur.
Muhokama qiling. O‘zbekiston Respublikasi hududida yashayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan ota-ona va bolalarning huquq va majburiyatlarini sanang va ularga qanday sharoitlar yaratilganligi xususida baxs munozaraga kirishing.
Oila kodeksining 234-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uning hududida oilaviy munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlardan foydalanadilar va teng majburiyatlarga ega bo‘ladilar.
Bolaning huquqlari quyidagilar: Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, o‘z ota-onasini bilish, ularning g‘amxo‘rligidan foydalanish, ular bilan birga yashash huquqiga ega. Bola otasi, onasi, bobosi, buvisi, aka-ukalari, opa-singillari va boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqiga ega. Bola o‘z huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega. Oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola o‘z fikrini ifoda qilishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida so‘zlashga haqlidir.
Bolalarning majburiyatlari: Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga ta’minot berishlari va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari shart. Ota-onasining davlat va nodavlat muassasalari qaramog‘ida ekanligi voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarni ota-ona haqida g‘amxo‘rlik qilish va ularga moddiy yordam ko‘rsatish majburiyatidan ozod qilmaydi. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar ota-onasining kasalligiga va boshqa uzrli sabablarga ko‘ra qilinadigan qo‘shimcha xarajatlarda ishtirok etishlari shart. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar tomonidan qo‘shimcha xarajatlar ixtiyoriy ravishda qoplanmasa, talab qilinayotgan summa sud tartibida undirilishi mumkin.
Ota-onaning huquqlari: Ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalashda boshqa barcha shaxslarga nisbatan ustun huquqqa ega. Ota-ona o‘z bolalarining qonuniy vakillari hisoblanadilar hamda har qanday jismoniy va yuridik shaxslar bilan bo‘lgan munosabatlarda, shu jumladan sudda alohida vakolatsiz ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladilar.
Ota-onaning majburiyatlari: Ota-ona bolalarining qonunchilikda belgilangan zarur darajada ta’lim olishini ta’minlashi shart. Ota-ona o‘z bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular o‘z bolalarining sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishlari shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |