90-yillargacha avtomobil transportining oldida turgan eng asosiy vazifalardan biri iste’molchi tashkilotlar bo‘yicha taqsimlangan rejani qanday bo‘lsa ham bajarish bo‘lib, uni hal etish ma’muriy buyruqbozlikka va yuqoridan rejalashtirishga asoslangan edi.
Amaldagi rejalashtirishda avtomobil transporti va u xizmat ko‘rsatadigan tarmoqlarning o‘zaro munosabatlari markazlashtirilgan asosda qurilgan edi. Avtotransport korxonalariga yuqori tashkilotlar tomonidan majburiy mijozlar va yuklar nomenklaturasi, mijozlarga esa ularga xizmat ko‘rsatadigan avtotransport korxonalari biriktirib qo‘yilar edi.
Transportning «ishlab chiqaruvchi - tashib beruvchi - iste’molchi» zanjirida quyidagi kamchiliklar mavjud edi:
- transport korxonalari va ular xizmatidan foydalanuvchi iste’molchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabat juda past darajada edi;
- yuk punktlarida transport vositalarining o‘z vaqtida etib kelmasligi natijasida yuk ortish- tushirish mashina va mexanizmlarining kutib qolish holatlari ko‘p uchrab turardi;
- bekatlarda yo‘lovchilarning kutish vaqtlari va o‘z manzillariga belgilangan vaqtda etib olishlari kafolatlanmagan edi;
- iste’molchilarga yuklarning jo‘natilishi va qabul qilishga etib kelish vaqti to‘g‘risida etarli ma’lumot etkazilmas edi;
- xujjatlar aylanish tizimi takomillashmagan edi.
Prezidentimiz I. Karimovning “O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida” nomli kitobida qayta qurishning pirovard maqsadlari aniq belgilab berildi. Bu “barqaror ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga, ochiq tashqi siyosatga ega bo‘lgan kuchli demokratik huquqiy davlat va fuqarolar jamiyatini barpo etishdir”.
Bu maqsadga mazmun va tuzilish jahatdan sobiq ittifoq davridagi siyosiy-iqtisodiy tizimni butunlay isloh qilmay turib erishib bo‘lmas edi. Avtomobil transportida ham ham eng dolzarb masala uni davlat tasarrufidan chiqarish va monopoliyaga barxam berish edi.
Islohotlarning boshidanoq Respublikada avtomobil transportini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayoni monopoliyaga barham berish hamda turli mulkchilik shakllaridagi tadbirkorlik uchun raqobatni rag‘batlantiradigan sharoitlarni yaratish yo‘nalishida olib borildi.
Nemis iqtisodiyotchisi F.Xayek bozor munosabatlariga o‘tishning uchta asosiy tamoyilini shakllantirib berdi:
- faqat narxlargina vositalarni qaerga yo‘naltirilsa, ulardan samarali foydalanishni ko‘rsatib beradi;
- hamma darajalar bo‘yicha raqobatni rivojlantirish;
- ishbilarmonlik faoliyatini kengaytirish.
Avtotransport korxonalari o‘zlarining tijoriy va ishlab chiqarish faoliyatini qayta ko‘rib chiqqan holda uni tahlil qilish, iste’molchilar talablarini o‘rganish va uni qondirishga yo‘naltirishlari kerak.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida avtotransport korxonalari faoliyat ko‘rsatishining xarakterli tomoni iste’molchilar bilan yangi iqtisodiy shartnomalar tuzish, transport xizmati bozorini tashkil etish, transport korxonalari va boshqa transport turlari o‘rtasidagi erkin, teng huquqli raqobatni kuchaytirishdir.
Bozor talabini hisobga olmay turib bironta ham korxona rivojlana olmaydi. Bozor sharoitida faoliyat ko‘rsatadigan har bir korxonaning yakuniy maqsadi xizmat ko‘rsatishdan keladigan foyda hisoblanadi.