II bob. Behbudiyning ma’rifatdan siyosatga qadar faoliyati
Behbudiy zamonasidagi mavjud idora usullari haqida fikr yuritib, ularni uchga bo‘ladi:
Idorai mustaqalla (idorai mutlaqa – monarxiya)
Idorai mashruta (konstitutsiyali parlamentli hokimiyat).
Idorai jumhuriyat (respublika).
Lekin millat ozod bo‘lib, o‘zining mustaqil davlatini o‘rnatmaguncha, ijtimoiy adolatni tiklab bo‘lmaydi. Bu Behbudiy kelgan birinchi xulosa edi.
«Vaqt» gazetasida bosilgan «Duma va Turkiston musulmonlari» maqolasida esa chor mustamlakachilik siyosati, xususan, o‘lkadan etmish ming rusdan olti deputat bo‘lgani holda etti million musulmonga besh o‘rin ajratilgan oshkora tanqid qilinadi. Shularga qaramasdan, Behbudiy istiqlol haqida fikr yuritar ekan, har qanday zo‘ravonlikni rad etadi. Uningcha, zo‘ravonlik g‘ayriaxloqiy, binobarin, g‘ayriinsoniydir. Umuman olganda esa mustaqillik uchun kurash olib borgan bobolarimiz, jumladan, jadidlar kelajak haqida fikr yuritar ekanlar, istiqlolga erishish borasida bir-birlaridan farq qiluvchi uch yo‘ldan bordilar:
Rusiyaga tobelikdan zo‘rlik yo‘li bilan qutulish, kuch bilan istiqlol olish (Dukchi eshon qo‘zg‘oloni, 1916 yil voqealari, «bosmachilik»).
Murosa yo‘li. Ruslar yordamida ma’rifatga erishish. Ma’rifat masalalarida haq-huquq olish, milliy xususiyatlarni tiklash (Ismoilbek Gasprali, Mahmudxo‘ja Behbudiy).
Hamkorlik yo‘li. Chor ma’murlari, so‘ng esa Sho‘ro hukumati bilan birga ularning programmalarida qatnashish va imkon bo‘lishi bilan mustaqillikni qo‘lga olish. Buning uchun ma’lum tayyorgarlik ko‘rib borish (Munavvarqori, Hamza, Avloniy).
Behbudiy hamisha xalq bilan birga bo‘ldi. Vatan taqdiri kun tartibiga qo‘yilgan 1917 yilning 16-23 aprelida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston musulmonlarining 150 vakili ishtirok etgan o‘lka qurultoyida hayajonli nutq so‘zladi. Millatni o‘zaro ixtiloflardan voz kechishga, buyuk maqsad yo‘lida birlashishga, ittifoq bo‘lishga chaqirdi. Xuddi shu ixtilofimiz sababli «mustamlakot qoidasi ila bizni idora eturlar», deb ochiq aytdi. U haq edi. Mustamlakachilar «50 yil ilm-ma’rifatdan chetda saqlab kelgan»lari (Kuropatkin) Turkistonni osonlik bilan qo‘ldan chiqarmas edilar. Fitna va ig‘vo tinimsiz davom etardi. Shundaylardan biri 1917 yilning bahorida Buxoroda yuz bergan edi. Amir fevral o‘zgarishlarini hisobga olib, rus elchixonasining maslahati bilan islohot e’lon qiladigan bo‘ladi. Va bu farmonni ushbu elchixonaning boshlig‘i janob Miller tayyorlaydi. Har xil anglashilmovchiliklarning oldini olish maqsadida sobiq general-gubernator, endilikda Rusiya Muvaqqat hukumatining Turkiston komissari Kuropatkin topshirig‘iga ko‘ra Samarqand ijroiya qo‘mitasi Buxoroga bir necha kishilik hay’at yubordi. Ular orasida Behbudiy ham bor edi. 7 aprel islohot e’loni oldindan mo‘ljallanganidek tantanaga, tantana esa fojiaga aylanadi. Amir va yoshlar, mullalar va jadidlar o‘rtasida o‘tib bo‘lmas choh paydo bo‘ladi. Miller buning aybini Behbudiyga qo‘yadi. Faqat Miller emas, Toshkentda 9 aprelda boshlangan Turkiston ishchi va soldat deputatlari sovetlarining birinchi o‘lka s’ezdida ayrim rus deputatlari Buxoro fojiasining sababini Samarqanddan «o‘z ixtiyorlari ilan» borgan deputatlarga to‘nkaydilar. Millatni ich-ichidan qayrash va nizo chiqarish izchil davom etadi. Behbudiy mazkur s’ezdda minbarga chiqib, bor voqeani tushuntirib bergan va bu haqda «Buxoro voqealari va daf’i tuhmat» («Hurriyat» gazetasi, 1917 yil 1 may) degan maxsus maqola yozgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |