Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi tantanalarida soʻzlagan nutqida: “Turkiy tillarning katta oilasiga mansub boʻlgan oʻzbek tilining tarixi xalqimizning koʻp asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va gʻalabalari bilan chambarchas bogʻliqdir”, deya taʼkidlagan edi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, XIX asr oxiri XX asr boshlarida “Markaziy Osiyoning ijtimoiy-siyosiy hayotida yuksak oʻrin tutgan siymolardan biri” – Mahmudxoʻja Behbudiy “buyuk millatparvar va vatanparvar sifatida oʻzbek maʼrifatparvarlarining oldingi saflarida" boʻlib, u oʻz maslakdoshlari singari millatning siyosiy ongi va tafakkurini oʻstirishning asosiy yoʻllari sifatida yangi usuldagi maktablar ochish va bu maktablar uchun darsliklar yaratish, matbuotni yoʻlga qoʻyish va shu orqali oʻzbek milliy tilini shakllantirish, adabiy til meʼyorlarini yaratishdek eng muhim ishlarga ulkan hissa qoʻshdi. Bu buyuk millatparvarning ilmiy sohada qilgan ishlari tahsinga loyiq boʻlib, uni ilmiy asosda tadqiq etish tilshunosligimiz oldida turgan vazifalar sirasiga kiradi.
Mahmudxoʻja Behbudiy qalamiga mansub darsliklar va bir qator maqolalar uning salohiyatli olim boʻlganidan dalolat beradi. Ayrim darslik hamda tilshunoslikka doir maqolalarida koʻtarilgan masalalar uning zukko tilshunos boʻlganini toʻla isbotlaydi. Mahmudxoʻja Behbudiy tilshunos sifatida “Ikki emas, toʻrt til lozim”, “Har millat oʻz tili ila faxr etar”, “Til masalasi”, “Sart soʻzi majhuldir”, “Sart soʻzi maʼlum boʻlmadi” singari maqolalar yaratdi. Bu maqollarida oʻz davrining muhim masalalari xususida fikr yuritishga harakat qildi. Allomaning “Ikki emas, toʻrt til lozim” maqolasi 1913-yilda yozilgan boʻlib, oʻzi tashkil etgan “Oyna” jurnalining 1-sonida chop etilgan. Maqola nomidan koʻrinib turibdiki, muallif koʻp tilni bilish har bir turkistonlik uchun shartligi va shu orqali dunyoga chiqish mumkinligini uqtirishga harakat qiladi. Behbudiy har bir millat oʻzbek tilidan tashqari, fors-tojik, arab, rus va hatto Yevropa tillaridan birini bilishi kerakligini taʼkidlaydi.
Mahmudxoʻja Behbudiy aytadiki, Turkiston oʻlkasida juda qadimdayoq uch til amal qilgan. Ushbu tillarning bir-biriga taʼsiri maktab va madrasa asarlarida ham koʻrinadi. Shu boisdan, Mahmudxoʻja Behbudiy bu holatga achinib, uni isloh qilish kerakligi haqida yozadi.
Shu maqolada Turkiston shahar va qishloqlarida yashovchi aholining tili qaysi til ekanligi xususida ham diqqatga molik fikrlar yuritilgan. Olimning koʻrsatishicha, Samarqand va Fargʻona viloyatlarida forscha soʻzlaydigan shahar va qishloqlar bor. Buxoro shahri aholisining tili ham forschadir. Maʼlumki, turk-fors ikki tilliligi tarixi uzoq davrlarga borib taqaladi. Bu xususda maqolada quyidagicha fikrlar bayon etiladi: “Bizga saodatdurki, turkiy va forsiyni tahsilsiz bilurmiz. Har turkni forsiy va har forsni turkiy bilmogʻi lozimdur”. Bundan tashqari, maqolada rus va farang tillarini ham bilish kerakligi haqida eʼtiborga loyiq fikrlar mavjud. Maqolada bu xususda quyidagilarni oʻqiymiz: “Farang va rus donishmandlarining asarlaridan foydalanmoq turkiy yo rusiy va farangiy bilmak ila mumkin boʻlur...*”. Xorijiy tillarni bilishni Mahmudxoʻja Behbudiy siyosiy masala darajasiga qoʻyadi. Darhaqiqat, til siyosatdir. Til siyosati buzilgan joyda millat ham tanazzulga uchraydi. Har bir millatning oʻzligini anglashida, yosh avlodda milliy ong va tafakkurni shakllantirishda tilning oʻrni beqiyos.
Do'stlaringiz bilan baham: |