XV asrda Movarounnaxr va Xurosonda tarix fani ham keng rivoj topdi. Hofizi Abror, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamir, Isfizoriy, Davlatshox va boshqa ko`pgina tarixchilar Temuriylar davlatining ikki poytaxti Samarqand va Hirotda yashab ijod qildilar. Ularning asarlari Temuriylar davlatining tarixiga doir juda qimmatli va nodir manbadir.
«Zubdat tavorix» muallifi Hofizi Abror, «Matlai sa`dayn va majmai baxrayn»ni yozgan Abdurazzoq Samarqandiy o`z asarida Temur va Temuriylar hukmronlik qilgan davr voqealarini yoritdilar. Mirxond «Ravzat us-siyar va Xondamir «Habib us-siyar» kitoblarini yozib, o`z asarlarining bir qismini Sulton Xusayn xukmronlik qilgan davr voqealari bayoniga bag`ishladilar. O`sha davr tarixnavislaridan Muinuddin Isfizoriy esa Hirot tarixini yozdi.
XV asrda Movarounnahrning poytaxti Samarqandda ilmiy tadqiqotlar olib borgan mashhur olimlarning ijodiy faoliyati, astronomiya va matematika fanlari soxasida qilgan kashfiyotlari, yaratgan nodir asarlari bilan ilm-fan taraqqiyotiga qo`shgan hissalarining salmog`iga qarab fikr yuritilsa, Ulug`bekning astronomiya maktabini o`z davrining akademiyasi deyish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |